O‘zbekiston | 11:58 / 26.12.2019
9862
5 daqiqa o‘qiladi

Jinoyat-protsessual kodeks yangi norma bilan to‘ldirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Ba'zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi. Ushbu Qonun Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan ma'qullangan edi.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmuratovning yozishicha, Qonun O‘zbekiston Respublikasining 19 ta qonuni va 2 ta kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi 23 ta moddadan iborat.

Jumladan, tog‘-metallurgiya tarmog‘i korxonalari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartishlar kiritildi. Ularda portlovchi moddalarni, shuningdek ularni ishlab chiqarish uchun maxsus materiallar va asbob-uskunalarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish bilan shug‘ullanadigan korxonalar O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarori bilan davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi lozimligi nazarda tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi hamda ushbu qo‘mita huzurida Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi tegishli ravishda Qurilish vazirligi va Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi etib qayta tashkil etilishi munosabati bilan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi, “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Radiatsiyaviy xavfsizlik to‘g‘risida”gi, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi va “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Shuningdek, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi etib qayta tashkil etilishi munosabati bilan “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi va “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartishlar kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, shuningdek yong‘in xavfsizligini ta'minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida” 2019 yil 10 apreldagi Farmoniga muvofiq Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi, uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari Ichki ishlar vazirligidan chiqarilib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o‘tkazildi.

Tugatilgan Davlat yong‘in xavfsizligi xizmatining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan vakolatlari Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yuklatildi.

Kichik hajmli kemalarni ekspluatatsiya qilish qoidalarini buzish bilan bog‘liq baxsiz hodisalarning oldini olish profilaktik tadbirlar o‘tkazish (tushuntirish, ogohlantirish) bilangina chegaralangan, huquqbuzarlik sodir etilganda tegishli ma'muriy choralar amaliyotda qo‘llanilmagan.

Shu munosabat bilan “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi va “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunlarga, shuningdek Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga Favqulodda vaziyatlar vazirligining vakolatlarini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jinoyat-protsessual kodeks yangi norma bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra murojaat va unga ilova qilinadigan hujjatlar sudga elektron hujjat shaklida yuborilishi mumkin. Ish holatlari hujjatlarning faqat asl nusxalari bilan tasdiqlanishi lozim bo‘lganda, shuningdek boshqa zarur hollarda hujjatlarning asl nusxalari taqdim etiladi.

Mavzuga oid