Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yong‘inga qarshi ko‘rik o‘tkazilishi haqidagi bildirishnoma faqat qo‘lga beriladi
Pochta orqali bildirishnoma yuborish bekor qilinmoqda. Uch oy o‘tgach kuchga kiradigan bu va boshqa tuzatishlar Tadbirkorlik sub'yektlariga tegishli bo‘lgan obektlarni yong‘in-profilaktika ko‘rigidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritildi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
Birinchidan, tadbirkorlik sub'yektlariga yong‘in-profilaktika ko‘rigini o‘tkazish sanasi haqida ma'lum qilish muddati bir oydan bir haftagacha qisqartirildi. Bundan tashqari, endi tadbirkorlar o‘tkaziladigan ko‘rik haqida ularga tilxat bilan topshiriladigan bildirishnoma orqali xabar topadilar. Hozirgi kunda bunday bildirishnomani davlat yong‘in nazorati organlari buyurtma xat bilan pochta orqali yuborishga ham haqli.
Ikkinchidan, ishlab chiqarish zarurati bilan ko‘rikni o‘tkazish muddatini kechiktirish imkoniyatini olish tartibi soddalashtirildi. Yong‘in xavfsizligi xodimi tashrifini qoldirish uchun tadbirkorlar hozirgidek 10 kun oldin emas, balki u o‘tkaziladigan kunga qadar ariza yuborishlari mumkin.
Uchinchidan, ommaviy tadbirlar munosabati bilan qo‘shimcha ravishda yong‘in-profilaktika ko‘rigi o‘tkazish tartibiga tuzatishlar kiritildi. Chunonchi, o‘zgartirishlar kuchga kirgandan keyin nafaqat umumxalq, balki diniy bayramlarni o‘tkazish obektlarida (shu jumladan 150 metr radiusida joylashgan obektlarda) ham ko‘rik o‘tkaziladi. Mavsum boshlanishidan oldin bolalar yozgi dam olish oromgohlarida ham qo‘shimcha ravishda ko‘rik o‘tkaziladi.
To‘rtinchidan, Tadbirkorlik sub'yektlariga tegishli bo‘lgan, yong‘in xavfliligiga ko‘ra birinchi va ikkinchi guruhlarga kiradigan obektlar ro‘yxatlariga o‘zgartirishlar kiritildi. Birinchi guruhga doimiy tarzda 100 nafar va undan ko‘p kishilar joylashishiga mo‘ljallangan davolash va sog‘lomlashtirish muassasalari qo‘shildi. Ikkinchi guruhda 50 nafardan 100 nafargacha kishilar joylashishiga mo‘ljallanganlari qoladi. Hozir 50 nafar va undan ko‘p kishilar joylashishiga mo‘ljallangan davolash va sog‘lomlashtirish obektlari yong‘in xavfliligiga ko‘ra ikkinchi guruhga kiradi. Dehqon (oziq-ovqat), ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlari (savdo komplekslari) ikkinchi guruhdan birinchi guruhga o‘tkazildi. Eslatib o‘tamiz, birinchi guruh obektlari yilda 1 marta, ikkinchi guruh obektlari – 2 yilda 1 marta ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Beshinchidan, ko‘rikni rejalashtirish va o‘tkazish mexanizmiga tuzatish kiritildi. Inspektorlar o‘zlariga biriktirilgan hududda joylashgan obektlarning yong‘in xavfliligiga ko‘ra guruhlarga bo‘lingan ro‘yxatini shakllantiradilar va o‘zining ko‘riklarning oylik ish reja-jadvaliga kiritadilar.
Bundan tashqari, tekshiruvlar va ko‘riklar nisbati belgilandi. 2020 yil 1 martdan boshlab yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilishni tekshirish (Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ularni ro‘yxatga olish yo‘li bilan biznes-ombudsmanni xabardor qilgan holda) joriy etiladi. Ularning davriyligi ham obektning yong‘in xavfliligi guruhiga bog‘liq: 1-guruh uchun – yiliga 1 marta, 2-guruh uchun - 2 yilda 1 marta, 3-guruh uchun - 3 yilda 1 marta. Tadbirkorlarning bunday tekshiruvdan o‘tkazilgan obektlari bir yil davomida ko‘rikdan o‘tkazilmaydi.
Shuningdek, ko‘rik obektdan yoki uning bir qismidan kelishuv (shartnoma) asosida boshqa tadbirkorlik sub'yekti foydalanayotgan holda ham o‘tkazilishi aniqlashtirildi.
Eslatib o‘tamiz, ko‘rikni o‘tkazish jarayonida tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi to‘ldirilmaydi. Ko‘rik natijalari bo‘yicha aniqlangan talablarning buzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha tavsiyanoma tuziladi.