Miloddan avvalgi futbol. VAR’ga e'tirozlar to‘g‘rimi?
O‘zbekiston Liga kubogi finalida VAR tizimi offlayn tizimida sinovdan o‘tkazildi. Hozirda mutaxassislar guruhi mamlakatimizdagi stadionlarni baholab, ushbu tizimga moslashtirish yo‘lidagi harakatlar uchun ko‘rsatmalar berishmoqda. Aytishlaricha, 2021 yilgi mavsumda O‘zbekiston Superligasida ham VAR tizimi to‘liq amal qiladi.
Avvalo, VAR qanday hollarda qo‘llanishini ham eslab o‘tsak. Sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan to‘rt holat bo‘yicha, hakam videotakrorga murojaat qilgan holda yakuniy qarorni chiqarish mumkin. Bunday holatlar sodir bo‘lganida, hakamning VAR bo‘yicha yordamchisi maxsus aloqa vositasi yordamida bosh hakamga ma'lum qiladi va vaziyatni aniqroq baholash uchun o‘yin to‘xtatiladi. Bu to‘rt vaziyat quyidagilar:
1. Gol yoki gol emas
Urilgan har bir gol VAR yordamchi hakami orqali chuqur o‘rganiladi. Ayniqsa, jarima maydonida qoida buzilishi yoki ofsayd borasida vaziyatga hatto ma'lum soniyalar orqaga qaytarib ham baho beriladi. Videotasvir yordamida gol yoki inobatga olinadi yoki haqqoniy emas, deb topiladi.
2. Penalti
Jarima maydoni ichkarisidagi hodisalar – himoyachining qoida buzishi, to‘p qo‘lga tegishi kabi vaziyatlar videoda yaqindan va sekinlashtirilgan holatlarda aniq o‘rganilib, penalti qarori beriladi. Yoki qoida buzilmadi, deb topiladi.
3. Qizil kartochka
Faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarda hakam videotakrorga muhtoj bo‘lsa, VAR yordamga keladi. Hakam vaziyatni ko‘rib, futbolchini maydondan chiqarib yuborishi yoki jazolamasligi mumkin. Ba'zida vaziyat sariq kartochka bilan ham tugaydi, lekin bu yerda, «sariq kartochka uchun VAR ishladi» deb tushunmaslik kerak. Hakam aslida qizil kartochkaga tortadigan vaziyat deb baholab, videoni ko‘rishi va keyin «yo‘q, qizil emas» deb topib, sariq bilan kifoyalanishi mumkin. Shunchaki, sariq kartochka ko‘rsataymi, yo‘qmi, deb VAR’dan foydalanmaydi.
4. Identifikatsiya
Hakam bir futbolchiga qizil yoki sariq kartochka beradi. Ammo aslida, qoidani buzgan boshqa futbolchi bo‘lib, hakam shunchaki, ularni adashtirib yuborishi mumkin. Bu hollarda ham VAR yordamchisi vaziyatni to‘g‘irlaydi.
VAR bilan bog‘liq turli munozaralar, noroziliklarni juda ko‘p kuzatyapmiz, avvallari xatolari uchun bosh planga chiqadigan hakamlar qolib, to‘g‘ri qarorlar tufayli ham VAR’ni aybdor qiladiganlar ko‘payib ketdi. Bu haqida ijtimoiy tarmoqlardagi turli memlar, tanqidlar o‘z yo‘liga, muxlislar borasida bu tushunarli. Maydondagi emotsiyaga ta'sir ko‘rsatadigan, muxlislik qilayotgan jamoasining ziyoniga ishlaydigan har qanday qarorlar yoqmasligi tabiiy. Ammo ba'zida e'tirozlar jurnalistlar, hatto murabbiylar tomonidan ham yangrayotgani biroz tushunarsiz. «Manchester Siti» ustozi Pep Gvardiola ayniqsa, bu tizimdan ko‘p norozi bo‘ladi, nimanidir o‘zgartirish kerakligini aytib keladi.
Angliya Premer Ligasidagi kechagi turlardagi voqealar ham VAR haqidagi fikrlar keskinlashishiga sabab bo‘ldi. Aslida gap VAR’da emas va bildirilayotgan e'tirozlarning ko‘pi asossiz. Keling, o‘sha noroziliklarni mazmunan ajratib, javob berishga harakat qilamiz.
Nega u hisoblandi, bunisi hisoblanmadi?
Urilgan gollar, belgilangan yoki belgilanmagan penaltilar uchun mana shunday e'tirozlar yangrashi, asosan VAR aybdor qilinishini ko‘p kuzatyapmiz. Masalan, qaysidir o‘yinda hakam VAR’ni ko‘rib penalti belgilaydi. Kimdir esa, boshqa o‘yindagi boshqa hakamning qarorini eslab, unda nega falon vaziyatda penalti berilmadi, deb munozarani davom ettiraveradi va VAR’ni ayblaydi. To‘g‘ri, har ikki vaziyatda ham hakam VAR’ga murojaat qilgan, ammo vaziyatni talqin qilish va yakuniy qaror chiqarish baribir hakamning ixtiyorida qoladi-ku, to‘g‘rimi? Ikki hakam, aslida turli vaziyatni turlicha talqin qilsa, VAR’ning nima aybi bor?
VAR – hakam uchun dastak. Ba'zi vaziyatlarni ko‘rmay qolganda yoki aniq baho bera olmay qolganda, vaziyatni chuqurroq o‘rganish uchun yordamchi. Biror snayper ko‘zoynak taqib, mo‘ljalni to‘g‘ri ololmasa, ko‘zoynakni ayblamaganimizdek, VAR hech qanday qaror qabul qilmaydi, hakamni u yoki bu qarorga undamaydi ham. Faqat vaziyatga baho berishda aniqroq tasvirni taqdim etadi. Qolgani hakamning qarori.
To‘g‘ri, qisman APL muxlislari VAR’ni salbiy tilga olishga biroz haqlilar, chunki Angliyadagi tizim Yevropadagi boshqa ligalardagidan farq qiladi. Masalan, Italiya yoki Ispaniyada bosh hakam bahsli vaziyatda o‘zi maydon chetiga chiqib, tasvirni ko‘rib baholasa, Angliyada VAR orqali baho berish to‘liq o‘sha xonada o‘tirgan yordamchilarga yuklatilgan. Ya'ni bosh hakam vaziyat videosini ko‘rmaydi, yordamchilarining bahosini kutadi. Shu tarafdan, VAR’ning ta'siri Angliyada biroz farqliroq, ammo shunda ham, qarorni videohakam emas, yordamchi hakamlar chiqaryapti. Xuddi ilgari qanot hakamining qarori bilan ofsayd belgilanganidek.
Millimetr ham ofsaydmi? Bu maydakashlik.
«Hozirgi holatda sizning burningiz uzunroq bo‘lsa ham ofsaydga tushib qolishingiz mumkin bo‘lib qolmoqda. Biz hakamlar korpusi bilan birga bu haqda bosh qotiryapmiz va yaqinda o‘z takliflarimizni kiritamiz. Menimcha, 10-20 sm farqni ofsayd sifatida baholamaslik kerak», debdi UYeFA prezidenti Aleksandr Cheferin.
Aniq va gumanitar fanni aralashtirsa, shunaqaroq fikr hosil bo‘ladi. Tasavvur qiling, hozir ofsayd chizig‘i so‘nggi himoyachi (aniqrog‘i, himoyalanuvchi tomonning ikkinchi futbolchisi bilan) turgan nuqta bilan o‘lchanadi, to‘g‘rimi? Ertaga maydalashmaylik, deb, shu nuqta 20 santimetrga surilsa, ofsayd chizig‘i o‘sha - «himoyachidan 20 sm buyog‘i» bo‘ladimi? Ha.
Ana endi, hujumchi 20 emas, 20,1 santimetr oldinda bo‘lib qolsachi? U endi himoyachidan 20,1, ofsayd chizig‘idan 0,1 sm oldinda. Baribir o‘sha maydalik, «burunning chiqib qolishi» bo‘lmaydimi? Nima farqi bor? Ya'ni, ofsayd chizig‘i bu - aniq chiziq. Xuddi darvoza va aut chizig‘idek. Sal-pali bo‘lmaydi. Yo ofsayd bor, yoki yo‘q. Hech kim «biroz homilador» bo‘lmaganidek...
Aytmoqchimanki, VAR yordamida o‘sha chiziq eng kichik o‘lchovlargacha aniqlashyapti, xolos. Bu yerda ozgina bo‘lsa, gol hisoblayverish kerak, deyish noprofessionallik. Futbolda faqat gol va emotsiya tarafdori bo‘lgan muxlislar emas, bunday qarordan jabr chekadigan narigi jamoa va uning muxlislari borligini ham unutmaslik kerak. Kimdir baribir norozi bo‘lar ekan, qaror aniq va to‘g‘ri o‘lchovlar yordamida chiqarilgani haqqoniyroq emasmi?
Juda ko‘p gollar arzimas sabab bilan hisobga olinmay qolyapti
Bu ham eng ko‘p yangrayotgan e'tiroz. Sababi, o‘yinning kayfiyatiga, emotsiyasiga ta'sir qilayotgan asosiy jihat shu. Ya'ni bir jamoa gol uradi, uni nishonlaydi, ma'lum soniyalar davomida maydonda va televizor qarshisida g‘irt futbolcha emotsiya hosil bo‘ladi. Lekin bir daqiqa o‘tib, hakam VAR yordamida ko‘rib chiqib, golni bekor qiladi. Yashab o‘tilgan bir daqiqalik hayajon bekor bo‘ladi. Qandaydir negativ paydo bo‘ladi. Albatta, bu holat u qadar chiroyli emas, bunday vaziyatlar kamroq bo‘lishi tarafdoriman. Lekin keling, vaziyatga boshqa ko‘z bilan qarab ko‘raylik.
Hisobga olinmayotgan gollar... Bu gollar avvalgi tizimda sodir bo‘larmidi? Balki aynan VAR tufayli mana shunday gollar paydo bo‘layotgandir?
Masalan, hozir qanot hakamlariga shunday ko‘rsatma beriladi – «agar ofsayd bor yoki yo‘qligiga shubhalansang, bayroqchani ko‘tarma. Vaziyat tugashini kut». Chunki, agar gol sodir bo‘lsa, shundog‘am VAR bor va uning yordamida aniq qaror chiqariladi.
VAR’dan ilgari esa, qanot hakamida bunday komfort bo‘lmagan. U har safar ofsayd qarorini o‘sha vaziyatning o‘zida chiqarishi va bayroqni ko‘tarish-ko‘tarmaslikni hal qilishi lozim edi. Odatda bunday sharoitda hakamlar himoyalanuvchi tomonda bo‘lishar, sal shubha tug‘ilsa, o‘zlarini «straxovka» qilish uchun bayroqchani ko‘tarishardi. Ko‘pincha, vaziyat golga yetib bormay, o‘yin to‘xtatilardi. Ya'ni hakam uchun «ofsayddan urilgan golni hisoblamadi» degan aybdan ko‘ra, «bir vaziyatda ofsaydni noto‘g‘ri qayd etdi» deyilishi yumshoqroq. Chunki ikkinchi vaziyat hali golga yetib ham bormagan bo‘ladi, ko‘pincha.
Misol uchun, kecha «Vulverhempton»ning «Liverpul» darvozasiga urgan, lekin hisobga olinmagan goli. Zarba beruvchi emas, unga assistni amalga oshirgan futbolchi millimetrli ofsaydda deb topildi. VAR’ni so‘kdingiz. Ammo agar VAR bo‘lmaganida, balki yon hakam hali assist amalga oshirmasdan turib ham bayroqchasini har ehtimolga qarshi ko‘targan va o‘yin to‘xtatilgan bo‘lardi. Xullas, agar siz, VAR bo‘lmaganda mana bu gol hisoblangan bo‘lardi, deb o‘ylasangiz, adashasiz, VAR’siz o‘sha vaziyat umuman oxirigacha o‘ynalishi gumon edi.
Yaxshiroq tushunish uchun quyidagi ikki vaziyatni ko‘rib chiqamiz.
Birinchisi, 2013 yilda, Sterling hali Rojyers boshchiligidagi «Liverpul»da o‘ynab yurgan paytlar. U «Manchester Siti» darvozasiga urgan gol ofsayd tufayli inobatga olinmagandi.
Videodagi vaziyatda ko‘rish mumkinki, qanot hakami bayroqchasini ko‘targan, lekin bu holatda hech qanday ofsayd yo‘q. Ammo u paytlarda VAR yo‘q edi, vaziyat ofsaydligicha qolgan. Agar VAR bo‘lganida, qanot hakami bayrog‘ini ko‘tarmas, Sterling hisobni ochgan bo‘lardi. Keyin VAR vaziyatni ko‘rib chiqib, bu golni hisobga olardi.
Ko‘ryapsizmi, aslida VAR millimetrli ofsaydlar tufayli, gollarni bekor qilmayapti, aksincha, balki gollarni ko‘paytirayotgan bo‘lishi mumkin. Chunki hujumchi himoyachi bilan bir chiziqda turgan va VAR yordamida hisobga olingan gollar ham ko‘p. Avval shu holat bo‘lganida, hakam xato bilan bayroqchasini ko‘tarishi mumkin edi.
Xuddi, mana bunday:
Bu video VAR zamonidan, «Manchester Yunayted» – «Arsenal» bahsida Obameyang tomonidan urilgan gol.
Dastlab qanot hakami instruksiya bilan harakat qilmadi va hujumchining yaqqol ofsaydda deb o‘ylab, bayroqchasini ko‘tarib qo‘ydi. Bosh hakam vaziyat tugashini kutdi. Gol bo‘ldi. Keyin esa, VAR orqali ko‘rib chiqilganda, Maguayr ancha orqada qolib ketgani, aslida gol haqqoniy urilgani ma'lum bo‘ldi. Hisoblandi. Agar VAR bo‘lmaganda, qanot hakamining dastlabki qarorini tuzatish imkoni bo‘lmas, bosh hakam ham unga ishonib, golni hisoblamasdi.
Agar VAR bo‘lganida...
Agar VAR bo‘lmaganda, deb ko‘p aytdik, lekin agar bu tizim avvaldan ishlab kelganida, futbol tarixi ham boshqacha bo‘lib ketishi turgan gap edi. To‘g‘ri, bu bizga yoqmas, balki futbol bir qator durdona voqealardan, masalan Maradonaning mashhur golidan mosuvo bo‘lishi mumkin edi, lekin aslida xatolar va noto‘g‘ri qarorlar hech qachon, hech qanday sabab bilan oqlanishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Chunki Maradonaning o‘sha golidan jabr chekkan inglizlar ham bor, balki hakamlar xatosisiz Angliya terma jamoasi yarim finalga chiqishi mumkin edi.
Yoki O‘zbekiston terma jamoasini olaylik. O‘tgan asrlarga qaytmaylik-da, ko‘z o‘ngimizda turgan vaziyatlarni eslaylik.
2007 yildagi Osiyo Kubogi chorak finalida Maksim Shatskix Saudiya Arabistoni darvozasiga gol urib, hisobni 2:2 ko‘rinishiga yetkazadi. Ammo aslida toza gol hakam xatosi bilan ofsayd deb baholanadi. VAR bilan biz o‘shanda balki vaziyatni o‘z foydamizga hal qilishimiz va Osiyo Kubogidagi eng yaxshi natijamizni to‘rt yil oldinroq qayd etishimiz ham mumkin edi.
2012 yilda esa yanada ayanchli vaziyat sodir bo‘lgan. JCh-2014 saralashining so‘nggi bosqichida, 1-turda Eronni qabul qilganmiz va katta tashabbusga erishgandik. Odil Ahmedov hatto hisobni ochgandi ham. Nafaqat VAR, balki shunchaki, to‘pning chiziqni kesib o‘tganini qayd etadigan texnologiya bo‘lganida ham, biz Eron bilan boshqacha natijaga erishar va balki JCh qatnashchisi bo‘lardik. Chunki esingizda bo‘lsa, yakunda faqat to‘plar nisbatidagi farq tufayli to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmadan quruq qolgandik.
Biz, umuman futbol, turli yillarda insoniy faktor, ya'ni hakamning u yoki bu vaziyatni ko‘rmay qolishi yoki aniq baholay olmasligi oqibatida, turli xatolarni, adolatsizliklarni boshdan kechirgan bo‘lsa, endi, 21 asrga kelib, hakamlarni texnik dastak bilan ta'minlash yo‘li bo‘la turib, nega undan voz kechishimiz kerak ekan? Turli kamchiliklar esa, tabiiy ravishda tuzatilib, bu tizim yanada takomillasha boradi, bu aniq.
VAR futbol kayfiyatini o‘ldiradi, hissiz qilib qo‘yadi, deydiganlar, menimcha, «shu telefonlar chiqib, mehr-oqibat o‘ldi» deb yozg‘iradiganlarga o‘xshashadi. «Farzand onasidan telefon orqali xabar olsa, yuzma-yuz gaplashishga yetmaydi-ku?», deb qo‘yishadi. Aslida, telefonlar bizni yaqinlashtirdi, siz onangiz bilan ilgarigidek, haftada bir marta emas, kuniga yetti marta gaplashish imkoniyatiga ham ega bo‘ldingiz. Qo‘shimcha. Agar shu bilan kifoyalanib, o‘sha haftalik yuzma-yuz uchrashuvlardan voz kechsangiz, bu endi telefonning emas, sizning aybingiz-da, to‘g‘rimi?
Qahramon Aslanov
Mavzuga oid
18:29 / 03.07.2023
«Venger ofsaydi». Futbol qoidalarida jiddiy o‘zgarish bo‘ladimi?
22:29 / 01.07.2023
FIFA ofsayd qoidasini o‘zgartirishni rejalashtirmoqda
16:15 / 20.12.2022
Grizmanning bekor qilingan goli, Messining Polsha bilan o‘yindagi penaltisi - JCh-2022da VAR'ning 10ta eng bahsli qarori
23:10 / 18.11.2022