Sport | 14:50 / 30.12.2019
17927
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston milliy jamoasi O‘zbekiston bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishdan voz kechdi

O‘zbekiston milliy jamoasi 2020 yil mart oyida Qozog‘iston milliy jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazmaydigan bo‘ldi.

Championat.Asia manbasi bergan xabarga ko‘ra, qozog‘istonliklar ustozi, chexiyalik mutaxassis Mixal Bilek UYeFA a'zosining Osiyo jamoalari bilan o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazishida ma'no yo‘qligini aytgan va bahsning bekor qilinishiga erishgan.

O‘zbekiston – Qozog‘iston o‘yini 26 mart kuni Toshkentda o‘tkazilishi lozim edi. Bu haqda avvalroq har ikkala mamlakat Futbol Federatsiyalari kelishib olishgan edi.

Qayd qilish joizki, O‘zbekiston va Qozog‘iston milliy jamoalari so‘nggi marta 2007 yilda, Chimkent shahrida o‘tkazilgan «Alma-TV Kubogi» doirasida to‘qnash kelishgan va o‘yin 1:1 hisobida yakunlangan edi. O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z tarixida Qozog‘iston bilan 6 marta o‘ynagan va 2 marta g‘alaba qozonib, 1 marta yutqazgan. 3ta bahs durang natija bilan yakunlangan.

Endi O‘zbekiston milliy jamoasi 26 mart kuni Armaniston bilan o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazishi mumkin. Gap shundaki, 30 mart kuni armanlar Almatida Qozog‘iston milliy jamoasi bilan ham o‘rtoqlik bahsida maydonga tushishi lozim. Shu tufayli, Armaniston milliy jamoasi Qozog‘istonga borishdan oldin Toshkentga «kirib o‘tsa» ajab emas.

Mavzuga oid