Jamiyat | 13:14 / 30.12.2019
12652
3 daqiqa o‘qiladi

SSV: Bayram kunlari tibbiyot muassasalari uzluksiz ishlaydi

Sog‘liqni saqlash vazirligi 31 dekabr, 1-2 yanvarda bo‘lib o‘tadigan bayram kunlarida ham tibbiyot muassasalari uzluksiz, tunu kun ishlashi haqida ma'lum qildi.

«Ma'lumki, yurtimizda milliy, diniy bayramlar va bir qator xalqaro miqyosda nishonlanadigan sanalar munosabati bilan dam olish kunlari belgilangan. Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq, bu yil ham Yangi yil bayrami munosabati bilan yurtdoshlarimiz haftalik ish grafigiga mutanosib tarzda 31 dekabr, 1 va 2 yanvar kunlari dam oladi.

Ushbu bayram va dam olish kunlari yurtdoshlarimiz va yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlar hamda sayyohlar uchun ko‘ngilli o‘tishini ta'minlash maqsadida barcha hududlarda o‘ziga xos madaniy-ma'rifiy tadbirlar, bayram dasturlari, arzonlashtirilgan iste'mol mahsulotlari ko‘rgazmalari tashkil etilmoqda.

Xalqimiz bayramni xotirjam, osoyishta, tinchlik-totuvlikda kutib olishida tibbiy xizmatning ham alohida o‘rni bor. Shu jihatlar e'tiborga olinib, bayram kunlari yurtimizdagi barcha tibbiyot muassasalarida tegishli jadval asosida shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlarining navbatchilik asosida faoliyat yuritishi yo‘lga qo‘yiladi.

Jumladan, hozirgi kunda Sog‘liqni saqlash tizimida mavjud birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatuvchi 2351ta ambulatoriya-poliklinika muassasalari, tuman, viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar, ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari va mavjud 218ta tug‘ruq komplekslarida bayram kunlari ham tibbiyot xodimlari navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatadi.

Shoshilinch tibbiy yordam shifoxonalari va «tez yordam» xizmati esa odatdagi tartibda bir maromda uzluksiz ishlaydi. Xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlarda 13ta filiallari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari tizimidagi barcha bo‘limlarida aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatiladi. 

Aytish kerakki, bugungi kunda mazkur tizim orqali kuniga o‘n mingdan ko‘proq chaqiriqlarga «tez yordam» orqali tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Ikki yarim mingdan ziyod bemorlar shoshilinch tibbiy yordam muassasalariga gospitalizatsiya qilinadi. 

Bundan tashqari, tez yordam brigadalari dislokatsiyasi qayta ko‘rib chiqilib, aholi yashash punktlariga yaqinlashtirildi. Buning natijasida tez yordam brigadalarining xizmat ko‘rsatish radiusi 15-20 kilometrdan 8-12 kilometrgacha qisqardi. Endilikda yurtimizda har 13 ming aholiga bitta maxsus tez yordam mashinasi xizmat ko‘rsatmoqda. Tabiiyki, bu zamonaviy imkoniyat aholiga tibbiy xizmatni yaqinlashtirish va tez yordam xizmati sifatini yaxshilashda o‘z samarasini bermoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid