Jahon | 20:00 / 31.12.2019
22827
4 daqiqa o‘qiladi

«Osmon qizil tus oldi». Avstraliyaliklar o‘rmon yong‘inlaridan sohilga chekinib jon saqlamoqda

Avstraliyaning janubiy-sharqiy qismidagi minglab odamlar kuchli o‘rmon yong‘inlaridan jon saqlash uchun dengiz qirg‘oqlari tomon yo‘l oldi. Yong‘inlar 12 kishining, shu jumladan 3 nafar ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchining hayotiga zomin bo‘lib ulgurgan.

Foto: ABC NEWS

Viktoriya shtatidagi Mallakutta shahri aholisining aytishicha (bu shaharchada 4 ming kishi yashaydi), ularning uylari tomon yonayotgan ko‘mirlar uchib kelmoqda. Odamlar vahimaga tushib, pristanlarga chopishmoqda va olovli osmon ostidagi qayiqlarga chiqishmoqda.

Yong‘inlar tufayli Sidney va Melburn orasidagi bir necha mashhur kurortlar yopilgan. Viktoriya va Yangi Janubiy Uels shtatlarida o‘nlab yong‘in o‘choqlari mavjudligi hisoblab chiqilgan. Bu taxminan 500 kilometr uzunlikdagi maydon deganidir.

Yong‘in seshanba kuni Yangi Janubiy Uelsdagi Korbargo shahrini ham qamrab ola boshladi. Xabar qilishlaricha, bu shaharda ikki kishi halok bo‘lgan va besh kishi bedarak yo‘qolgan.

Viktoriya shtati bosh vaziri Deniel Endryus yong‘indan aziyat chekkan hududlarga harbiy kemalar orqali oziq-ovqat va suv yetkazilishini ma'lum qilgan.

Endryusning so‘zlariga ko‘ra, hududdagi asosiy shosse yopilgan, ayrim hududlarga faqat dengiz orqali borish mumkin bo‘lib qolgan. Hukumat odamlarni yong‘in hududlaridan mustaqil chiqishga urinmaslikka chaqirib, buning oqibatlaridan ogohlantirmoqda.

Yuqori harorat va quruq shamol tufayli yong‘in juda tez tarqalmoqda.

Yangi Janubiy Uelsdagi Bermagui va Beytmans-Bey kurort shaharlari aholisi ham yong‘indan saqlanish uchun dengiz tomon chopmoqda.

Beytmans-Bey aholisi olovdan qochib sohilga joylashgan / ALASTAIR PRIOR

Mahalliy aholi vakillaridan biri Bi-bi-siga xabar qilishicha, yong‘in yaqinlashib, plyajni kul to‘ldira boshlaganida ular o‘zlarini ko‘mirga belangan his qilishmoqda.

«Bu juda qo‘rqinchli. Osmon olovrang, hammayoqda kul uchib yuribdi», - deydi Beytmans-Beyda yashovchi Zoye Simmons.

Mallakuta shahridagi ayrim kishilar ertalabki soat 8da sirena ovozini eshitgach, o‘z uylariga qamalib olishmoqda. «Hozir kunduzgi vaqt, lekin hammayoq tun kabi qora, bizga olovning ovozi eshitiladi. Biz barchamiz hayotimiz uchun qo‘rqamiz», deydi mahalliy tadbirkor Devid Jyeffri.

«U yerda toshdan qurilgan to‘g‘on bor, olov hujum qilaversa, biz o‘sha yerga borib dengizga sakramoqchimiz», deya davom etadi u.

«Zim-zimiston»
Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, olov shahardagi bir necha uyni kunpayakun qilgan, ammo shamol harakati va suv ko‘tarilishi oqibatida chekingan.

Ayni vaqtda sohil bo‘yida aholini himoya qilish uchun o‘t o‘chiruvchilar navbatchilik qilmoqda. Shahardagi odamlarning barchasi, 4 mingga yaqin kishi sohilga chiqqan.

«Bu yer zimiston, juda qo‘rqinchli... Odamlar xavf ostida, ammo biz sergak turamiz», - degan Viktoriya shtati o‘t o‘chirish xizmati boshlig‘i Stiv Uorrington.

Mallakutadagi plyajda ham bir necha yuz kishi to‘plangan / PETER HOSKIN

40 daraja issiq va kuchli shamollar bir kun ichida shtatda 200ta yangi yong‘in o‘choqlarini hosil qildi. Sentabr oyidan buyon yong‘inlar seriyasi sharqiy shtatlarda bir necha million gektar maydonni qamrab oldi.

Mahalliy OAV vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ikki shtat chegarasi hududida qattiq shamol tufayli 10 tonnali yuk mashinasi havoga ko‘tarilib ag‘darilib ketgan.

Meteorologlarning aytishlaricha, Avstraliyadagi ekstremal issiq - Hind okeanidagi iqlim tizimi o‘zgarishlari bilan bog‘liq.

Avstraliyada tabiiy yong‘inlar oktabr o‘rtasidan beri davom etmoqda
Foto: AP
Yong‘inlar 12 kishining, jumladan ikki qutqaruvchining o‘limiga olib kelgan, 30 dan ko‘proq kishi jarohat olgan
Foto: AP

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid