Jahon | 12:15 / 02.01.2020
11029
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda chet elliklar uchun majburiy ro‘yxatdan o‘tish bekor qilindi

Foto: REUTERS/Pavel Mikheyev

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi mamlakatda 30 kungacha bo‘lgan barcha toifadagi chet el fuqarolarini vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazishni bekor qilmoqda, deb xabar berdi Informburo.kz mahkama matbuot xizmatiga tayangan holda.

Migratsiya qonunchiligiga tegishli o‘zgartirishlarni 2019 yil 28 dekabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev imzolagan. Ular ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinganidan 10 kun o‘tgach kuchga kiradi.

Qabul qiluvchi tomon migratsiya xizmatini chet ellik mehmon mamlakat hududiga kirgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida xabardor qilishi shart.

Agar chet el fuqarosi Qozog‘istonda 30 kundan ko‘proq vaqt davomida qolishni rejalashtirsa, unda qabul qiluvchi tomon (mehmonxonalar, xostellar, ijaraga olingan kvartiralar, tibbiy muassasalar hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslar) mehmonga vaqtincha yashash ruxsatnomasini rasmiylashtirib berishlari shart bo‘ladi. 

Bundan oldin, O‘zbekistonda chet elliklarni ro‘yxatdan o‘tkazish bekor qilinishi xabar berilgandi.

Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida prezidentning «Turizm sohasida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2020 yil 1 iyuldan boshlab viza (vizasiz) rejim muddati ichida, ammo 30 kundan oshmagan holda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tkazilishini bekor qilish rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid