Jamiyat | 11:46 / 04.01.2020
12873
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ishonch telefonlari bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish taklif qilindi

Foto: Shutterstock

O‘zbekistonda ishonch telefonlari bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish taklif qilinmoqda. Tegishli petitsiya “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida joylashtirildi.

Qayd etilishicha, ishonch telefonlari fuqarolar duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolarini bartaraf etishlarida qulay vositalardan biri. Shunday ekan, ulardan foydalanishni yanada qulaylashtirish maqsadga muvofiq bo‘lishi aytiladi. 

“Shu kunlarda, biz murojaat qilayotgan ishonch telefonlari nega ishlamayapti, nega ularga hech kim javob bermayapti, nega boshqa manzilga tushyapmiz qabilidagi savollar barchani o‘ylantirayotgani rost. 

Sog‘liqni saqlash, ta'lim, iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish tizimlarida, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlarida ishonch telefonlariga javob beruvchi mutaxassislarni ko‘paytirish zarur. 

Barcha ishonch telefon raqamlarini o‘zida mujassamlashtirgan internet sayti yaratilganida, biz murojaat yo‘llamoqchi bo‘lgan muassasaning ishonchli raqamini topishimiz oson bo‘lar edi”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Bundan tashqari, ishonch telefonlariga javob bermaganlik uchun javobgarlikka sabab bo‘ladigan holatlarning ro‘yxatini tuzish xalq bilan bo‘ladigan muloqotga yanada mas'uliyat bilan yondashishga sabab bo‘lishi bildirilgan. 

“Hech kimga sir emaski, ko‘plab tashkilot va muassasalarda, iste'molchi yoki mijoz bilan bog‘liq ziddiyatli vaziyatlar ishonch telefonlariga murojaat etishni taqozo etadi. Shu maqsadda, onlayn rejimda murojaatchilar sonining ko‘rinib turishi yoki murojaatlarni qabul qilishning onlayn yo‘lga qo‘yilishi fuqarolar va mutasaddilar o‘rtasidagi muloqotning shaffofligini ta'minlaydi”, - deyiladi petitsiyada.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, davlat organlari ishonch telefonlarining to‘liq ro‘yxatini o‘zida aks ettirgan sayt yo‘lga qo‘yilishi va ishonch telefonlari bilan bog‘liq muammolarni o‘rgangan holda mutasaddilarning javobgarligini nazarda tutuvchi me'yoriy hujjatlarni ishlab chiqish taklif qilinmoqda.

Mavzuga oid