Jahon | 17:00 / 05.01.2020
38086
2 daqiqa o‘qiladi

Eron BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qildi

© AP Photo / Ebrahim Noroozi

Rasmiy Tehron Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi generali Qosim Sulaymoniy amerikalik harbiylarning Iroqdagi amaliyoti natijasida o‘ldirilishi munosabati bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga murojaat qildi. Bu haqda Eron TIV rasmiy vakili Abbos Musaviy ma'lum qilgan.

«Tashqi ishlar vazirligi allaqachon siyosiy, yuridik va xalqaro choralarni ko‘rdi, shu jumladan BMT Xavfsizlik Kengashi darajasida», — degan u.

3 yanvar kuni Eronning tashqi siyosatdagi bosh strategi bo‘lgan general Qosim Sulaymoniy hamda Iroqdagi shia harbiy guruhlari qo‘mondoni Abu Mahdiy al-Muhandis Bag‘doddagi xalqaro aeroport yaqinida amerikalik harbiylarning raketa zarbasi oqibatida halok bo‘ldi.

Pentagon Sulaymoniy Yaqin Sharqdagi Amerika fuqarolarini himoya qilish maqsadida AQSh prezidenti Donald Tramp ko‘rsatmasiga asosan o‘ldirilganini ma'lum qildi.

Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy generalning o‘limi uchun qattiq qasos olinishini ma'lum qilgan.

Trampning o‘zi Sulaymoniyni jahondagi birinchi raqamli terrorchi deb atab, uning millionlab odamlar, xususan, minglab amerikaliklar o‘limi va jarohatlari uchun javobgar ekanini ta'kidladi.

Bundan avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Tehron amerikaliklarga yoki Qo‘shma Shtatlar obektlariga hujum qilsa, Erondagi 52 ta obektga zarba berilishi haqida ogohlantirgandi.

Jahon hamjamiyati tomonlarni vazminlikka chaqirmoqda.

Mavzuga oid