O‘zbekiston | 12:52 / 07.01.2020
10467
5 daqiqa o‘qiladi

So‘x tumanida «Hokim va yoshlar» uchrashuvi o‘tkazildi

Farg‘ona viloyati So‘x tumanining «Guliston» mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida «Hokim va yoshlar» uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Unda tuman hokimi Farrux Usarov va tumanda faoliyat olib borayotgan tashkilot, muassasa va barcha korxonalar rahbarlari ishtirok etishdi. Uchrashuvda yoshlarni qiynayotgan kamchilik va muammolar ham atroflicha muhokama qilindi.

«Mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan e'tibor, o‘sib kelayotgan barkamol avlodga bo‘lgan g‘amxo‘rlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bilan ham ahamiyatlidir. Zero yoshlar vatan kelajagi, ertangi kunning bunyodkorlaridirlar. 2019 yil 27 dekabr kuni prezidentimizning Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvi tarixiy voqelik sifatida o‘zbekistonlik yoshlarning qalbida abadiy muhrlanadi desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. 

Mazkur uchrashuvda prezidentimiz yoshlar masalasiga alohida to‘xtalib, «Yangi O‘zbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz. 2020 yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili bo‘ladi» degan so‘zlari har bir vatanparvar inson, barkamol avlod uchun ozod va obod vatan qurish, erkin va farovon hayot barpo etish yo‘lidagi ezgu maqsadlariga turtki bo‘ladi desak, aslo xato qilmagan bo‘lamiz. 

Tuman qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida bo‘lib o‘tgan «Hokim va yoshlar» uchrashuvida ham ishtirokchilar tomonidan prezidentimizning yoshlar bilan uchrashuv chog‘ida aytilgan so‘zlari alohida g‘urur va iftixor bilan tilga olindi.

«Men O‘zbekistonning, So‘x tumanining baxtli yoshlaridanman. Chunki ushbu uchrashuvda bevosita ishtirok etdim va yurtboshimizning biz yoshlarga bo‘lgan e'tiborlari, «farzandlarim» deya aytilgan har bir so‘zlari menga yanada kuch-g‘ayrat, shijoat baxsh etdi. Men oldimga qo‘ygan maqsadlarim, ezgu niyatlarimga albatta, prezidentmiz atrofida butun O‘zbekiston yoshlari qatori jipslashib, erishaman. Bunga mutlaqo ishonaman. Chunki bizni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi yo‘lboshchimiz bor», deydi Koreya xalqaro universitetining birinchi bosqich talabasi Javohir Sirojiddinov.

Uchrashuv avvalida tuman hokimi Farrux Usarov so‘z olib, mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan e'tibor haqida gapirar ekan, «biz sizlar bilan har doim olg‘a intilishimiz, prezidentimiz belgilab bergan yo‘ldan borishimiz zarur. Agar biz bu yo‘lda bir tan-u bir jon bo‘lsak, marra va nurafshon kelajak bizniki», deya alohida ta'kidladi. 

Shundan so‘ng bevosita uchrashuv ishtirokchilari tuman hokimiga o‘z savollari bilan murojat etishdi va yoshlar tomonidan berilgan har bir savolga munosib javoblar berildi.

Bugun O‘zbekistonda yuksak ma'naviyatli avlod tarbiyalanmoqda. Bugungi yoshlarning ong-u shuuri, dunyoqarashi ham o‘zgargan. Yoshlarimiz orasida yangicha o‘ylaydigan, innovatsion g‘oyalarini amalga tatbiq eta oladigan kuchlar borligi bizni quvontiradi. Murojaat va savollar barobarida uchrashuvda ishtirok etgan yoshlar tuman hokimiga o‘z takliflarini ham berishdi. Yaqin kelajakda tumanda so‘xlik yoshlar taklifi asosida «Beshta tashabbus yoshlar nigohida» nomli yoshlar festivali, «Hokim bilan bir kun» chellenj loyihasi, «Yil talabasi» kabi loyihalar amalga oshirilishi va shu takliflar asosida tadbirlar o‘tkazilishi kelishib olindi.

Uchrashuv yaqin ikki soat davom etdi va ishtirokchilar qalbida katta taassurot qoldirdi. «Hokim va yoshlar» uchrashuvining keyingi bosqichlari tumanning to‘rt sektorida o‘tkaziladi. Uchrashuvda ishtirok etgan tashkilot, muassasa va korxonalar rahbarlari ham yoshlarning savollariga javoblar berishdi», deyiladi So‘x tumani hokimligi axborot xizmati xabarida.

Mavzuga oid