Jahon | 14:30 / 09.01.2020
63702
6 daqiqa o‘qiladi

Eronning dastlabki hisoboti: Samolyot aeroportga qaytishga uringan

«Ukraina xalqaro avialiniyalari» (MAU) aviakompaniyasining chorshanba kuni Tehronda halokatga uchragan samolyoti parvozdan keyinoq aeroportga qaytishga uringan. Bu haqda Eron fuqarolik aviatsiyasi agentligi (CAOI) e'lon qilgan dastlabki hisobotda ma'lum qilingan.

Rouzbeh Fouladi / ZUMA / Scanpix / LETA

8 yanvar kuni tongida Tehron-Kiyev yo‘nalishida PS752 reysini amalga oshirgan Boeing 737 rusumli samolyot havoga ko‘tarilganidan bir necha daqiqa o‘tib qulab tushgandi. Samolyot bortida 176 kishi bor edi va ularning barchasi halok bo‘ldi.

Hisobotda aytilishicha, samolyot radarlardan yo‘qolgan vaqtda 2500 metr balandlikda bo‘lgan. 

«Aeroportdan chiqishda avvaliga g‘arbga qarab uchgan samolyot muammo yuzaga kelgach o‘ngga burilgan va halokat arafasida aeroportga qarab yo‘nalgan», degan CAOI vakili Ali Obidzoda «Tasnim» agentligi muxbiriga.

Aviatsiya agentligidagilarning hisoblashicha, halokat arafasida samolyot bortida yong‘in kelib chiqqan: guvohlarning tasdiqlashicha layner qulayotganda yonayotgan bo‘lgan. Hozircha yong‘in sababi aniqlanmadi.

«Uchuvchi dispetcherga bortdagi holat haqida xabar bera olmagan», deya qo‘shimcha qilgan agentlik rahbari.

Eron samolyot «qora qutisi» yozuvlari asosida hodisa sabablarini o‘rganishni davom ettirmoqda. Eronga samolyot halokati sabablarini o‘rganish uchun favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Ukraina davlat xizmati, Mudofaa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Ukraina xavfsizlik xizmati, Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi, shuningdek, Aviatsiya hodisalarini o‘rganish bo‘yicha milliy byuro vakillaridan iborat mutaxassislar guruhi jo‘natilgan.

Chorshanba kuni Obidzoda Tehron samolyot «qora quti»si ma'lumotlarini Boeing kompaniyasiga yoki Amerika hukumatiga taqdim etmasligini ma'lum qilgandi.

«Ma'lumotlar bizning mamlakatimizda, bizning tashkilotlar tomonidan o‘rganiladi. Ammo Ukraina (samolyot ro‘yxatdan o‘tkazilgan davlat), AQSh (samolyot ishlab chiqarilgan davlat), shuningdek, Shvetsiya va Kanada (samolyotda fuqarolari bo‘lgan davlatlar) hukumati vakillari ham ushbu jarayonda ishtirok etishi mumkin», degandi u.

Asosiy versiyalar

Ukraina milliy xavfsizlik kengashi kotibi Aleksey Danilov maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqilayotgan asosiy versiyalar haqida ma'lumot berdi.

«Asosiy versiyalar orasida: samolyot zenit-raketa majmuasi hujumiga uchragani haqidagi taxmin ham bor. Voqea hududidan Rossiyada ishlab chiqarilgan «Tor» zenit raketa majmuasidan uchirilgan raketa parchasi topilgani haqidagi surat internetda tarqaldi», - degan Danilov «Tsenzor.net» portaliga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tergovchilar samolyot havoda boshqa bir obekt bilan to‘qnashgani ehtimoli, dvigatelda texnik sabab bilan portlash bo‘lgani va layner bortida portlash bo‘lgani ehtimolini ham ko‘rib chiqishmoqda.

Eron hukumatining dastlabki hisoboti matni tarkibi aviatsiya sohasi ekspertlarining fikrlariga zid emas.

Ekspertlarning aksar qismi aviahalokat texnik muammolar tufayli ro‘y bergan, degan fikrda.

Eron transport vazirligi vakili Qosim Nizomiy tomonidan dastlab berlgan talqinda, hodisaga dvigatel ishlamay qolgani sabab sifatida keltirilgandi. Kanada maxsus xizmatlari vakili Reyter agentligiga bergan intervyusida dvigatelda yong‘in kelib chiqqani to‘g‘risida ma'lumotlar mavjudligini aytgandi.

Ammo Bi-bi-sining transport sohasi bo‘yicha eksperti Tom Barrijning so‘zlariga ko‘ra, Boeing 737-800 rusumidagi samolyotlar dvigatel ishlamay qolgan holda ham ucha oladi.

Ekspert Toni Keybl (u muqaddam aviahalokatlarni tekshiruvchi guruhlarda ishlagan) dvigatellardan biri yona boshlasa unga yoqilg‘i yuborishni to‘xtatib, bir dvigatel bilan uchish amaliyoti mavjud.

Shu bilan birgalikda, Keybl Britaniyaning Sky News telekanaliga bergan intervyusida samolyot urib tushirilgani belgilari mavjud emas.

«Agar gap shunda bo‘lganida, bu yaqqol ko‘rinib turgan bo‘lardi. Voqea joyidagi samolyot parchalarida raketa izlari ko‘rinib turgan bo‘lardi», - degan ekspert.

Shubhali aviahalokat

Chorshanba kuni tongda sodir bo‘lgan aviahalokat oqibatida 7 mamlakat fuqarolari halok bo‘lishdi. Qurbonlarning 82 nafari Eron, 63 nafari Kanada, 11 nafari (2 yo‘lovchi va ekipajning 9 a'zosi) Ukraina, 9 nafari Shvetsiya, 4 nafari Afg‘oniston, yana 3 nafardan kishi Buyuk Britaniya va Germaniya fuqarolari edi.

Eron hukumati dastlab aviahalokatga samolyot dvigatelida yong‘in kelib chiqqani sabab bo‘lganini bildirgandi. Eron tomoni bu orqali Iordaniyaning Al-Hadath nashri ushbu samolyotga o‘sha vaqtda eronlik harbiylar tomonidan AQShning Iroqdagi bazalariga uchirilgan raketalardan biri tegib ketgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni rad etgandi. Reuters agentligining G‘arb davlatlari maxsus xizmatlaridagi manbaga asoslanib xabar berishicha, «boing» halokatiga texnik nosozlik sabab bo‘lgan. Agentlikning Kanada maxsus xizmatlaridagi manbasi layner dvigatellaridan birida yong‘in chiqqani to‘g‘risidagi ma'lumotni tasdiqlagan.

9 yanvar kuni Ukrainada Tehrondagi aviahalokat munosabati bilan motam e'lon qilindi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy marhumlarning yaqinlariga yana bir bor ta'ziya bildirib, samolyot halokati sabablari «mustaqil va chuqur» o‘rganilishini bildirdi. Zelenskiy o‘z chiqishi yakunida ukrainaliklarni samolyot halokati sabablari bo‘yicha «manipulyatsiya, spekulyatsiya va turli fitna nazariyalari» bildirishdan tiyilishga chaqirdi.

Zelenskiy Kiyevdagi «Borispol» aeroportida marhumlar uchun barpo qilingan memorialga kelib gul qo‘ydi.

Kanadada ham motam e'lon qilingan: qurbonlarning 62 nafari ushbu mamlakat fuqarolari edi. Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo hukumat aviahalokat bo‘yicha tekshiruvlar oxirigacha yetkazilishini ma'lum qildi.

Torontoda marhumlar uchun memorial tashkil qilindi va u yerga gullar keltirilmoqda.

Mavzuga oid