Jahon | 22:18 / 21.11.2025
7784
2 daqiqa o‘qiladi

Eron prezidenti poytaxtni Tehrondan ko‘chirmoqchi

Mas’ud Pizishkiyon rasmiylarni birgalikda harakat qilishga chaqirdi, aks holda, uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatni «qorong‘u kelajak» kutmoqda.

Foto: West Asia News Agency

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon poytaxtni Tehrondan ko‘chirish zaruratga aylanganini aytdi, deb xabar berdi Fars agentligi.

Pizishkiyon Tehrondagi keskin vaziyat haqida ogohlantirdi: «Biz har kuni yer 30 santimetrga cho‘kadi desak, bu falokatni anglatadi». U rasmiylarni birgalikda harakat qilishga chaqirdi, aks holda, uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatni «qorong‘u kelajak» kutmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari budjet cheklangani sababli bunday loyihani amalga oshirish mumkin emas edi, biroq hozir vaziyat qat’iy choralar ko‘rishni talab qilmoqda: «Poytaxtni ko‘chirish - bu majburiy chora».

Avvalroq, 2024 yilda Pizishkiyon poytaxtni Eronning janubiy qirg‘og‘iga yaqinroq joyga ko‘chirish zarurligini ham ta’kidlagan edi. Chunki, Tehron suv tanqisligi, havoning ifloslanishi va tuproqning cho‘kishi kabi dolzarb muammolarga duch kelmoqda.

Ta’kidlash joizki, Eronda poytaxtni ko‘chirish g‘oyasi birinchi marta muhokama qilinayotgani yo‘q: 2013 yilda Islom kengashi tegishli rejani ma’qullagan edi.

Avvalroq, Eron hukumati mamlakatda sun’iy yomg‘ir chaqirish maqsadida bulutlarga reagentlar sepishni boshlaganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid