Jahon | 10:07 / 13.01.2020
23713
2 daqiqa o‘qiladi

7 ta davlat BMTda ovoz berish huquqidan mahrum etildi

Foto: Globallookpress

BMT rahbariyati 7 ta davlatni Bosh assambleyada ovoz berish huquqidan mahrum etishga qaror qildi. Gap Venesuela, Livan, MAR, Gambiya, Lesoto, Yaman va Tonga haqida bormoqda. Bu haqda BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrik ma'lum qildi. 

Bunday qarorga ushbu davlatlarning xalqaro tashkilotga oxirgi 2 yil ichida badal to‘lamayotgani sabab bo‘lgan.

Komor orollari, San-Tome va Prinsipe hamda Somali badal bo‘yicha qarzga ega bo‘lsa-da, ularga sentyabrgacha tashkilot faoliyatida to‘laqonli ishtirok etishga ruxsat berilgan. 4 ta qarzdor davlat – Armaniston, Hindiston, Ukraina va Portugaliya yanvar boshida badalni to‘lab bergan. 

Avvalroq Dyujarrik BMTga a'zo 193 ta davlatdan 146 tasida qarz yo‘qligini ma'lum qilgan. 

Bosh assambleyada davlatlarni ovoz berish huquqidan mahrum qilishga ruxsat BMT nizomining 19-moddasida qayd qilingan. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 2019 yilni tashkilot uchun moliyaviy nuqtai nazardan eng qiyin yil deb atagan.

2019 yil oktyabrda BMTga badal to‘lash bo‘yicha eng ko‘p qarzga ega davlat AQSh ekani, uning qarzi 1 mlrd dollarga yaqinni tashkil etishi ma'lum qilingan. Boshqa qarzdorlar orasida Braziliya, Argentina, Meksika, Eron va Isroil bor.

Mavzuga oid