O‘zbekiston | 11:02 / 13.01.2020
5292
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston zargarlik sanoati xalqaro ko‘rgazma-savdosi o‘tkaziladi

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi zargarlik sanoatining zamonaviy uskuna, texnologiyalari va zargarlik buyumlari “Uzbek Jewellery Fair-2020” birinchi xalqaro ko‘rgazma-savdosini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

“O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasining:

2020 yil may oyining 8-10 kunlari Toshkent shahrida “Yoshlar ijod saroyi” ko‘rgazmalar maydoni bazasida O‘zbekiston zargarlik sanoatining zamonaviy uskuna, texnologiyalari va zargarlik buyumlari “Uzbek Jewellery Fair-2020” birinchi xalqaro ko‘rgazma-savdosini o‘tkazish;

2020 yildan boshlab doimiy ravishda har yili may oyi birinchi haftasining juma kunidan yakshanba kunigacha O‘zbekiston zargarlik sanoatining zamonaviy uskuna, texnologiyalari va zargarlik buyumlari “Uzbek Jewellery Fair” xalqaro ko‘rgazma-savdosini o‘tkazish;

turizm sohasidagi tadbirkorlik sub'yektlari orasida O‘zbekiston zargarlik sanoatining zamonaviy uskuna, texnologiyalari va zargarlik buyumlari “Uzbek Jewellery Fair” xalqaro ko‘rgazma-savdosini targ‘ib qilish;

ko‘rgazmani tashkil qilish bo‘yicha xarajatlarni “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi qoshidagi Zargarlik sohasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan qoplash bo‘yicha takliflariga rozilik berildi.

Quyidagilar:

O‘zbekiston zargarlik sanoatining zamonaviy uskuna, texnologiyalari va zargarlik buyumlari “Uzbek Jewellery Fair” xalqaro ko‘rgazma-savdosini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi;

Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan tayyorlangan zargarlik buyumlarini ko‘rgazmalarda, ko‘rgazma-savdolarda, yarmarkalarda yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan sotishning soddalashtirilgan tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

“O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi va Savdo-sanoat palatasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Transport vazirligi bilan birgalikda turistik axborot markazlarida, aeroportlarda, avtobus hamda temir yo‘l vokzallarida mahalliy texnologiya va uskunalar, ayniqsa, zargarlik sohasi buyumlari kataloglari tarqatilishini ta'minlaydi.

Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi:

Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda zamonaviy uskuna hamda texnologiyalar, shuningdek, zargarlik sanoati buyumlarining yetakchi jahon va mahalliy ishlab chiqaruvchilarini o‘tkaziladigan ko‘rgazmalarda qatnashishga jalb etish bo‘yicha faol reklama-axborot kampaniyalari va tashkiliy ishlarni amalga oshiradi;

xorijiy davlatlarning zargarlik tarmog‘ida o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlarning har yilgi jadvaliga O‘zbekiston zargarlik sanoatining zamonaviy uskuna, texnologiyalari va zargarlik buyumlari “Uzbek Jewellery Fair” xalqaro ko‘rgazma-savdosini kiritish choralarini ko‘radi.

“O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:

ko‘rgazma ishtirokchilari o‘rtasida shartnoma asosida tarqatish maqsadida, zamonaviy texnologiya va uskunalarni, shuningdek, zargarlik sanoati buyumlarining batafsil katalogi chop etilishini;

ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar uchun axborot-ma'lumot bukletlari va boshqa tarqatma materiallari tayyorlanishini ta'minlaydi.

Davlat bojxona qo‘mitasi ko‘rgazma tovarlarining belgilangan tartibda tezkor rasmiylashtirilishini ta'minlaydi.

Markaziy bankka O‘zbekiston zargarlik sanoatining zamonaviy uskuna, texnologiyalari va zargarlik buyumlari “Uzbek Jewellery Fair” xalqaro ko‘rgazma-savdosini tashkil etish va o‘tkazish doirasida Markaziy bankning esdalik tangalarini sotish nuqtalarini tashkil etish tavsiya etildi.

Ko‘rgazma ishtirokchilariga tashrif buyuruvchilar o‘rtasida o‘z mahsulotlarini sotishga ruxsat berildi.

Tashqi ishlar vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasining buyurtmanomalari bo‘yicha ko‘rgazmaning xorijiy ishtirokchilariga kirish vizalari konsullik va haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlarni undirmagan holda rasmiylashtirilishini ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid