Iqtisodiyot | 19:31 / 15.01.2020
40765
2 daqiqa o‘qiladi

«Unning ochiq savdoda sotilishi – tarixiy hodisa» – O‘zTXAB

Birjadagi ochiq un savdolarida har kuni mingdan ortiq tadbirkor qatnashyapti.

Bugun, 15 yanvar kuni respublika «Tovar-xomashyo birjasi» AJ xodimlari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda mas'ullar tomonidan 2019 yil 15 oktyabrdan boshlab, I navli unning ochiq birja savdosi orqali sotilishi yo‘lga qo‘yilgani va uning qay darajada samara berayotgani haqida ma'lumot berildi.

«Un mahsulotining ochiq savdoda sotilishini tarixiy voqea deyish mumkin. Chunki salkam 30 yil davomida un mahsuloti hech qachon ochiq sotilmagan. 15 oktyabrgacha faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar unni chakana tarzda xaridorlarga sotishgan.

Bunda garchi unning zavoddan chiqish narxi 1 450 so‘m, chakana savdodagi narxi esa 1 900 so‘m etib belgilangan bo‘lsa-da, bozorlarda 3 000 minggacha sotilgan», – deya ma'lumot berdi birja boshqaruv raisi o‘rinbosari Islom Ibrogimov.

Uning qayd etishicha, ochiq tarzda o‘tkazilayotgan un savdolarida har kuni mingdan ortiq tadbirkor ishtirok etmoqda va yangi mexanizm yaxshi ishlamoqda.

Ochiq savdo tartibi joriy etilgan ilk oylarda narx birmuncha oshgan bo‘lsa-da, hozir unning narxi 12 foizga kamaygani kuzatilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, narxlarning pasayishini bozorda tovar hajmining o‘sishi va ulardan erkin foydalanish imkoniyati paydo bo‘lgani bilan izohlash mumkin.

Mavzuga oid