O‘zbekiston | 23:26 / 19.01.2020
25857
4 daqiqa o‘qiladi

«Milliy tiklanish» o‘z deputatlari uchun yordamchilarni ishga olmoqda

Bugun, 19 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosida Milliy tiklanish demokratik partiyasi fraksiyasining birinchi ta'sis yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Unda «O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi reglamenti to‘g‘risida»gi qonunning 9 moddasiga binoan partiya siyosiy kengashi raisi Alisher Qodirov Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari etib saylandi.

Fraksiya yakunida, shuningdek, partiyaning yangi saylangan deputatlari ishtirokida jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil qilindi.

Anjumanda partiyalarning jamiyatda yuz berayotgan yangiliklarga saylov jarayonlari o‘tgandan keyin munosabati to‘xtab qolgani borasida savol berildi.

Savolga partiya yetakchisi Alisher Qodirov javob qaytardi.

«Biz faol saylov jarayonidan ikkinchi fazaga o‘tyapmiz. Bugun partiya fraksiyasi yig‘ilishini o‘tkazdik. O‘rtadagi qisqa muddatli vaqtda esa partiya fraksiyasini shakllantirish, deputatlar hujjatlari bilan bog‘liq boshqa huquqiy jihatlar e'tiborimizni ko‘proq tortdi. Lekin bu degani faollik tugadi, partiya faoliyati ikkinchi darajaga o‘tdi degani emas.

Biz bugundan boshlab partiyaning har bir a'zosining keyingi saylovlarda muvaffaqiyati uchun ish olib boramiz. Ya'ni biz jamiyatdagi har bir muammoning yechimi uchun ishlaymiz. Bu borada ijro hokimiyati bilan faol hamkorlik qilinadi», — dedi u.

Alisher Qodirov shuningdek, partiya va jamiyat o‘rtasidagi aloqalar muntazam saqlab turilishini ta'kidlar ekan, buning uchun qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning okruglarida yangi shtatlar joriy qilinishi haqida gapirdi.

Jumladan, «Biz deputatning yordamchisi institutini joriy qilyapmiz. Bu partiya tomonidan moliyalashtiriladigan, [Moliya vazirligi orqali emas —Tahr.] joylarda shakllanayotgan masalalarni o‘rganib, undan deputatni xabardor qilib turadigan shaxs bo‘ladi.

Bu institut deputat va xalq o‘rtasidagi aloqalarning uzilib qolmasligi uchun juda muhim vositachi bo‘ladi», — dedi partiya lideri.

Kun.uz muxbiri matbuot anjumani yakunida siyosiy partiya uchun uchun yangilik bo‘lgan bu institut haqida Qodirovning o‘zidan batafsil ma'lumot oldi.

«Bu institut shunday bo‘ladiki, biz 36 ta deputatimiz saylangan 58ta tumanda partiya hisobidan 36ta yangi xodimlarni ishga olamiz. Ular aytish mumkin bo‘lsa, Toshkentda bo‘lib turgan deputatning joylardagi «ko‘zi», «qulog‘i» bo‘ladi.

Bu xodimlar joylardagi masalalarni o‘rganadi va ularni deputatga yetkazadi, uning aholi bilan uchrashuvlarini tashkil qiladi.

Ularga partiya budjetidan 2-2.5 mln so‘m atrofida oylik berish reja qilinyapti, shuningdek, mehnat staji ham yuritiladi.

Xodimning ma'lumoti oliy yoki o‘rta maxsus ekanligi ahamiyatsiz. Muhimi u xalq bilan muloqot qilishda, muammolarni hal qilishda deputatga yaqin ko‘makchi bo‘lsin.

Albatta, biz aytayotgan xodimlar tumanda kimningdir xizmatchisi bo‘lmaydi. U faqat deputatga bo‘ysunuvchi, uning tavsiyasi bilan ishga olinib, uning tavsiyasi bilan ishdan bo‘shatiluvchi kadr bo‘ladi», deya Alisher Qodirov so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid