O‘zbekiston | 20:28 / 27.01.2020
53558
5 daqiqa o‘qiladi

«Human» agentligi rahbariga sud hukmi o‘qildi

27 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida «Human» xususiy bandlik agentligi» MChJ rahbari Sh.Fayzullayevga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e'lon qilindi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi sudyasi Xayrulla Rahmonov raisligida ko‘rib chiqildi.

Dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi Shohinur Fayzullayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi («firibgarlik») 4-qismi «a» bandi, 179-moddasi («soxta tadbirkorlik»), 189-moddasi («savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish») 1-qismi, 192−11-moddasi 2-qismi «a» bandi («nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste'mol qilish»), 227-moddasi («hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish») 2-qismi «a» bandi va 243-moddasi («jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish»)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan edi.

Sud hukmiga ko‘ra, Sh. Fayzullayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 227-moddasi 2-qismi «a» bandi va 179-moddasi bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi («reabilitatsiya uchun asoslar»)ning tegishli bandlariga asosan reabilitatsiya qilindi hamda uning ayblovidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 192−11-moddasi 2-qismi «a» bandi chiqarildi.

Sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b», «v» bandlari, 189-moddasi 1-qismi va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59 («bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash») va 61 («jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari») moddalariga asosan tayinlangan har xil turdagi jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Sudlanuvchidan 1080 nafardan ortiq jabrlanuvchilar foydasiga 21 milliard 192 ming so‘mdan ziyod miqdorda moddiy zarar undirilishi belgilandi.

Ish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi IIV Tergov Departamentining depozit hisob raqamida saqlanayotgan 1 290 913 279 so‘m pul mablag‘lari jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplashga qaratilib, proporsional tarzda taqsimlab berilishi;

dastlabki tergov davrida xatlangan quyidagi mol-mulklar, ya'ni:

- Toshkent shahri, Sergeli tumani, 8-mavze, 23-uy, 16-xonadon;

- Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Sayram ko‘chasi, 109/22-uy;

- Toshkent shahri, Olmazor tumani, Sebzor Ts-17/18 mavze, 4a-uy, 14-xonadon;

- Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Alisher Navoiy ko‘chasi, 75-uy;

- davlat raqami 01 G 418 GB bo‘lgan «Captiva» rusumli avtomashina ijro organlari orqali sotuvga qo‘yilsin va sotuvdan tushgan pul mablag‘lari jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash uchun ularga proporsional tarzda taqsimlab berilishi;

Sh. Fayzullayev tomonidan faoliyati davrida sotib olingan davlat raqami 01 D 296 GB bo‘lgan «KIA» rusumli yuk avtomashinasi, davlat raqami 10 G 400 AA bo‘lgan «Lasetti» rusumli avtomashinasi, davlat raqami 01 W 688 FB bo‘lgan «Kobalt» rusumli avtomashinasi ijro organlari orqali sotuvga qo‘yilishi va sotuvdan tushgan pul mablag‘lari jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash uchun ularga proporsional tarzda taqsimlab berilishi;

Sh. Fayzullayev tomonidan ijara maqsadida foydalanilgan Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Qoratosh ko‘chasi, 103-uy, 23-xonadon hamda Sh. Fayzullayevning akasi A. Xudayarovning nomida F. Xudayarovning boshqaruvida bo‘lgan davlat raqami 01 W 297 FB bo‘lgan «Neksiya-2» avtomashinasiga qo‘yilgan taqiq bekor qilinishi va ular qonuniy egalariga qaytarilishi belgilandi.

Shuningdek, jabrlanuvchilarga jinoyat oqibatida yetkazilgan ma'naviy zararlarni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.

Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchi va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.

Mavzuga oid