O‘zbekiston | 01:45 / 29.01.2020
15045
5 daqiqa o‘qiladi

«Uzbekistan Airways» tashkil topganiga 28 yil to‘ldi

28 yanvar kuni O‘zbekistonda milliy aviakompaniya tashkil etilganiga 28 yil to‘ldi. 

Kompaniya 1992 yil 28 yanvarida «O‘zbekiston havo yo‘llari» nomi bilan tashkil etilgan, birinchi qatnovini Londonga amalga oshirgan edi.

2018 yil oxiriga qadar «O‘zbekiston havo yo‘llari» ham soha regulyatori, ham aviatashuvchi sifatida ishlab keldi. Shu yili prezident farmoni bilan kompaniya «Uzbekistan Airways» nomini oldi, aeroportlar uning tarkibidan chiqarildi, ko‘p o‘tmay Transport vazirligi ochildi.

Bu o‘zgarishlarga qaramay, kompaniya hamon monopolligicha qolmoqda, chipta narxlari va xizmat sifati bois doimiy ravishda tanqid qilinadi.

Samolyot parki

MAK 2004 yildan boshlab Il-86, Il-62, Tu-154, An-24, Yak-40 samolyotlarini ekspluatatsiyadan chiqarishni boshlagan. Hozir kompaniya parki to‘liq Boeing va Airbus laynerlaridan iborat.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Boing samolyotlarining tijoriy ekspluatatsiyasini 1996 yilda boshlagan, bu – Boeing 767 havo kemasi edi. 2010 yildan parvozlarda Airbus A320dan ham foydalanila boshladi.

MAKning hozirgi aviaparki quyidagi samolyotlardan tashkil topgan: Boeing757, Boeing767, Boeing 787 Dreamliner, AirbusA320 va Airbus A320neo. Shuningdek, Boeing 767-300BCF yuk samolyotlari ham bor – unda 2014 yili ilk marta yuk qatnovi amalga oshirilgan edi.

Fevral oyida oltinchi Boeing 787 Dreamliner samolyoti qabul qilib olingach, O‘zbekiston MDH davlatlari o‘rtasida bu rusumdagi samolyotlarning yetakchi ekspluatantiga aylanadi. («Uzbekistan Airways» 2019 yilning o‘zida 2ta drimlayner va 2ta Airbus A320neo samolyotlari xarid qilgan edi)

Yo‘nalishlar

MAK charter dasturi doirasida Alyaskaga ilk reysini 2016 yilda, undan bir yil o‘tib esa Nyu-Yorkka birinchi uzluksiz qatnovini amalga oshirgan edi.

Hozirgi yo‘nalishlar tarmog‘i Yevropa, Osiyo va Amerika shaharlarida 60dan ortiq marshrutlarni o‘z ichiga oladi. Charter qatnovlari esa barcha qit'alarni qamrab oladi.

Ilk bor 2008 yilda yiliga 2 milliondan ortiq yo‘lovchi tashishga erishilgan bo‘lsa, 2018 yilda yo‘lovchilar tashuvi 3 milliondan oshdi.

2019 yilda barcha yo‘nalishlarda 26 465ta qatnov bajarilgan bo‘lib, ularda 3 801 605 nafar yo‘lovchi tashilgan.

Xavfsizlik va mazali taomlar

Milliy aviakompaniya bu ikki jihat bilan maqtana oladi. Kompaniyaning xavfsiz aviatashuvchi sifatidagi xalqaro maqomi 2008 yilda IOSA sertifikati bilan tasdiqlangan. Xavfsizlikdagi yutuqlari uchun «Uzbekistan Airways» Xalqaro aviatsiya xavfsizligi jamg‘armasi, Jahon xavfsizlik jamg‘armasi va Boeing kompaniyasining diplom va faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.

MAK 2008 yildan buyon IOSA (Xalqaro tashuvlar xavfsizligi auditi) dasturi, 2014 yildan beri IATA (Havo transporti xalqaro assotsiatsiyasi), shuningdek AITO (Buyuk Britaniya Mustaqil turoperatorlar assotsiatsiyasi) a'zosi sanaladi.

Shuningdek, «Uzbekistan Airways» bir necha yildan buyon MDH aeroportlariga parvozlar bajarilishi bo‘yicha punktuallik reytingida yetakchilik qilyapti. 

Yangi raqobatchi va tug‘ilgan kundagi tanqid

O‘zbekistonda loukosterlar ochilishi haqidagi va'dalar va'daligicha qolgach, yaqinda ichki parvozlar uchun «Humo Air» kompaniyasiga asos solinishi e'lon qilindi. Bu bilan «Uzbekistan Airways»ning mahalliy qatnovlardagi monopoliyasi rasman barham topishi mumkin.

Bosh vazir Abdulla Aripovning ma'lum qilishicha, prezidentning yangi aviakompaniya ochish topshirig‘i 2020 yilda bajariladi. O‘tgan hafta imzolangan hukumat qarorida «Humo Air»ning biznes modelini ishlab chiqish uchun 2 oy, kompaniyani rivojlantirish strategiyasini yaratish uchun 3 oy muddat belgilangan.

E'tiborlisi, davlat rahbarining aviachiptalar qimmatligi tanqid qilingan yig‘ilishi «Uzbekistan Airways»ning tug‘ilgan kuniga to‘g‘ri keldi. 28 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda samolyot va poyezdlarda xizmat ko‘rsatish sifati pastligi, chiptalar narxi esa qimmatligi asosli e'tirozlar uyg‘otayotgani ta'kidlandi.

Bundan tashqari, majlisda mamlakatning temir yo‘l va avia yo‘nalishlari raqobatbardosh emasligi ham aytildi. Prezident chiptalar narxini arzonlashtirish bo‘yicha ham ko‘rsatma berdi.

Kompaniyaning 2020 yildagi faoliyatiga mana shu topshiriqlar ijrosiga qarab baho berish mumkin. Umid qilamizki, milliy aviakompaniya 29-qishiga qadar ham aholi, ham prezident tomonidan bo‘layotgan tanqidlardan to‘g‘ri xulosa qiladi va ko‘proq ijobiy o‘zgarishlar tomon yuz buradi.

Mavzuga oid