Fan-texnika | 13:01 / 04.02.2020
32261
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda innovatsion traktor yaratildi

Takomillashtirilgan innovatsion traktor akademik Oqil Salimov rahbarligidagi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Traktorlar va avtomobillar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda Buxoro viloyati Jondor tumanida istiqomat qiluvchi Shahob Qoryog‘diyev, Shuhrat Suvonov bilan birgalikda ishlab chiqilgan.

Innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari Olimjon To‘ychiyev boshchiligidagi Innovatsion rivojlanish vazirligi vakillari Buxoro viloyatining Jondor tumanidagi ushbu traktorni ko‘zdan kechirishdi, deya ma'lum qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.

Traktorga osma va g‘ildirakli traktorlarda avval qo‘llanilmagan yangi tipdagi dempfirlovchi yumshoq qurilma joriy etilgan, u traktorning ish vaqtidagi tebranishlarini 7-8 baravarga kamaytirishga qodir.

Ustalarning so‘zlariga ko‘ra, o‘rnatilgan dvigatelning quvvati 152 ot kuchini tashkil qiladi, ma'lumki bunday quvvatli dvigatellarga biogaz qo‘llansa, uning quvvati shunday klassda ishlovchi haydov traktorlari uchun qo‘yiladigan talablarga to‘liq javob beradi.

Traktor 4 ta biogaz ballonlari bilan jihozlangan. Traktorning asosiy xususiyatlaridan yana biri shundan iboratki, shu turdagi traktorlar bilan taqqoslaganda sarflanadigan uglevodorodli yonilg‘ini 2 baravarga tejaydi.

Traktorning og‘ir qishloq xo‘jaligi ishlarida (shudgor) samarali ishlashi uchun uning barcha g‘ildiraklari yetakchi qilib tayyorlangan.

Umumiy og‘irligi 3200 kg.ni tashkil etadi. Bu esa og‘irligi 10 tonnadan ortiq bo‘lgan traktorlar kabi tuproq zichlanib qolishiga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi.

Shuningdek, yangi traktor yaratuvchilari ixtironi belgilangan tartibda patentlashga muvaffaq bo‘lishgan. Vazirlik mutasaddilari va ixtirochilar ichki hamda tashqi bozor talablaridan kelib chiqqan holda, mana shunday noyob traktorlar yaratiladigan va modernizatsiya qilinadigan sex tashkil etish xususida fikr almashdilar.

Mavzuga oid