Jahon | 01:56 / 06.02.2020
7369
2 daqiqa o‘qiladi

JSST koronavirus bilan kurashga 675 mln dollar so‘radi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti jahon hamjamiyatidan Xitoyda tarqalgan 2019-nCoV koronavirusiga qarshi kurashga 675 mln dollar ajratishni iltimos qildi.

Foto: Reuters

JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesusning ta'kidlashicha, ushbu mablag‘ yaqin 3 oyda virusga qarshi amaliyotlarni amalga oshirish uchun zarur.

Gebreyyesusning aytishicha, JSST 5 fevraldan “davlatlarning koronavirus tarqalishi oldini olishi, uni aniqlashi va yuqishi diagnostikasida qo‘llab-quvvatlash uchun strategik tayyorgarlik rejasini” ishga tushiradi.  

JSST rahbarining ta'kidlashicha, “675 mln dollar - katta pul, biroq u tayyorgarlik tadbirlariga hoziroq sarmoya ajratilmasa, unda keyin to‘lanishi mumkin bo‘lgan haqdan ancha kamroqdir”.  

Gebreyyesusning aytishicha, koronavirusni “siyosiy, texnik va moliyaviy yakdilliksiz yengib bo‘lmaydi”. Uning tushuntirishicha, so‘ralayotgan mablag‘dan 60 mln dollari JSST o‘tkazadigan amaliyotlar uchun, qolgani esa “alohida xavfga ega” davlatlar uchun mo‘ljallangan.

Gebreyyesus JSST Xitoy hukumatining virusning tarqalish markazi – Uxan shahrida virusga qarshi amalga oshirayotgan sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini aytgan.   

Uning ma'lum qilishicha, yaqin orada Xitoyga JSST rahbarligida ishlaydigan, yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar xalqaro guruhi jo‘natiladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid