O‘zbekiston | 14:48 / 07.02.2020
17543
2 daqiqa o‘qiladi

Dam olish kunlari O‘zbekistonda havo harorati 20 darajagacha ko‘tariladi

Bugun va ertaga O‘zbekiston hududiga xorijiy janubiy tumanlardan juda iliq havo oqimi kirishda davom etadi

Foto: KUN.UZ

Dam olish kunlari mamlakat hududida avvalgidek havo ochiq, harorat 17-20 daraja iliq bo‘ladi, bu o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 10-12 darajaga yuqoridir.

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, respublikaning ayrim joylarida shamol tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi kutilmoqda, shiddat bilan esganda shamol tezligi sekundiga 23-28 metrgacha yetishi mumkin.

Yakshanba kuni O‘zbekiston hududiga O‘rta Yer dengizi ustida shakllangan siklon kirishni boshlaydi. Respublika bo‘ylab shamolli ob-havo saqlanib turadi, hamma joyda bulutlilik ortadi. 

Shimoli-g‘arbiy tumanlar va cho‘lli hududlarda ayrim joylarga yomg‘ir yog‘adi. Markaziy va janubiy tumanlar, shuningdek Toshkentda kechga yaqin kuchsiz yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. 

Havo harorati biroz pasayadi, lekin shunga qaramasdan me'yordan yuqori bo‘ladi: kechasi 4-7 daraja iliq, kunduzi 14-17 daraja iliq, ayrim joylarda harorat 20 darajagacha ko‘tariladi. Faqat Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida kunduzgi harorat keskin pasayib, 3-8 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid