O‘zbekiston | 16:30 / 10.02.2020
7465
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zarxiv»ning asosiy vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentlign to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Nizomga ko‘ra, agentlik arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosatini olib boruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi hamda o‘z faoliyatida Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.

Agentlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Agentlik arxiv ishi va ish yuritish sohasida Xalqaro arxivlar kengashi va boshqa xalqaro mintaqaviy tashkilotlarda O‘zbekiston nomidan ish ko‘radi.

Agentlik tizimiga quyidagilar kiradi:

Agentlik markaziy apparati;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmalari;

Milliy arxiv;

Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi;

Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi;

Qoraqalpog‘iston markaziy davlat arxivi, Toshkent shahar markaziy davlat arxivi, viloyat, shahar va tuman davlat arxivlari va ularning filiallari, shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari;

Arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazi.

Hududiy boshqarmalar Agentlikka, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyat va Toshkent shahar hokimliklariga hisob beradi.

Davlat arxivlari Agentlikning hududiy boshqarmalari va tegishli tuman (shahar) hokimliklariga hisob beradi.

Milliy arxiv, Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi, Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi, Markaz Agentlikka hisob beradi.

Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi: 

arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish va nazorat qilish;

Milliy arxiv fondi hujjatlarini jamlash, ularning saqlanishini, davlat hisobiga olinishini ta'minlash va ulardan keng foydalanish;

hududiy boshqarmalarni, milliy arxivlar va davlat arxivlarini boshqarish va ularning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash;

arxiv xizmatlarini ko‘rsatishda nodavlat sektorni yanada rivojlantirish, arxiv ishi sohasida davlat-xususiy sheriklik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

arxivshunoslik, arxeografiya, ish yuritish, elektron hujjat aylanishi sohasida ilmiy-metodik ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini va ilmiy-texnika yutuqlarini respublika arxivlari amaliyotiga joriy etish;

zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda muntazam ravishda arxiv ishi va ish yuritish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning malakasini oshirish tizimini shakllantirish;

arxiv ishi va ish yuritish sohasida mamlakat va xorijiy davlatlarning ilg‘or ish tajribasini o‘rganish va ommalashtirish, xorijiy arxivlarda saqlanayotgan O‘zbekiston tarixiga oid arxiv hujjatlari nusxalarini olib kelish.

Mavzuga oid