O‘zbekiston | 19:50 / 13.02.2020
67590
8 daqiqa o‘qiladi

Biz bilgan va bilmagan Toshkent metropoliteni (video)

Toshkent metrosi o‘z xarajatlarini o‘zi qoplaydimi? Bekatlarda tabiiy ofat va harbiy holatlar uchun mo‘ljallangan maxsus izolyatsiya xonalari bormi? Vagondagi barchamizga tanish ovoz kimniki? Platformaga yiqilgan yo‘lovchilarni tok uradimi?..

Nafaqat jamoat transporti, balki O‘zbekistonning madaniy merosi sanaluvchi Toshkent metrosi haqida ko‘pchilikni qiziqtiradigan shu va boshqa savollarga metropoliten xodimlaridan javob oldik.

Metropoliten xodimi Rustam Po‘latovga bergan birinchi savolimiz poyezdlarning harakatlanish grafigi haqida bo‘ldi.

Uning aytishicha, metro grafigi ikki turga bo‘linadi: yozgi va qishki. Har xil faslda kun botish vaqti o‘zgarishi sababli grafiklar ham farq qiladi.

«Poyezdlar kunning eng tig‘iz vaqtlarida, ya'ni tonggi 7dan 9gacha va kechki 17dan 19gacha «Chilonzor» yo‘nalishi bo‘yicha 4 daqiqa, «O‘zbekiston» yo‘nalishi bo‘yicha 5 daqiqa, «Yunusobod» yo‘nalishi bo‘yicha esa 7 daqiqa interval bilan harakatlanadi. Kunning boshqa qismida esa bu interval cho‘ziladi», – deydi Rustam Po‘latov.

Bir oylik o‘rtacha energiya sarfi – 2 milliard so‘m

Bir necha yil oldin Toshkent metrosidan reklamalar g‘oyib bo‘lgandi. Oradan ma'lum vaqt o‘tgach, reklamalar yana qaytdi.

Shunday bo‘lsa-da, metropoliten xodimlarining aytishlaricha, dunyodagi hech qaysi metro – xoh reklama bilan, xoh reklamasiz – baribir o‘z xarajatlarini qoplamaydi.

«Metropolitenning asosiy vazifasi – xalq uchun xizmat qilish. Bilamizki, metropolitenning asosiy quvvat manbayi elektr energiyasi hisoblanadi. Toshkent metropolitenining bir oylik taxminiy energiya sarfi 2 mlrd so‘m», – deydi Rustam Po‘latov.

Rustam Po‘latov

Bombapanohlar haqidagi ma'lumot – davlat siri

Metropoliten dunyoning ko‘plab mamlakatlarida strategik obekt hisoblanadi. Favqulodda va harbiy holatlarda aholi metroda jon saqlashi ko‘zda tutilgan.

Toshkent metrosida ham maxsus izolyatsiya xonalari bormi, degan savolimizga javob quyidagicha bo‘ldi:

«Favqulodda holatlarda hududdan qanday foydalanish, qanday izolyatsiya qilish davlat siri hisoblanadi».

Poyezd relslaridan katta kuchlanishli elektr toki o‘tganmi?

Platformadan relslarga bexosdan tushib ketgan yo‘lovchiga nima bo‘ladi, u qanday harakat qilishi lozim?

Suhbatdoshimizning aytishicha, platformadagi ikkita asosiy relsdan elektr toki o‘tmagan.

«Bizda «kontaktniy rels» degan tushuncha bor, o‘sha relsdan poyezdlarimiz katta kuchlanish orqali quvvatlanadi. Ba'zida yo‘lovchilar relslarga bexosdan yiqilgan hollari uchrab turadi. Bunday hollarda navbatchi dispetcherga xabar beradi va elektr toki liniyadan o‘chiriladi, shundan so‘ng navbatchi yo‘riqnoma asosida yo‘lovchini relsdan platformaga olish ishlarini boshlaydi», – deya ma'lumot berdi Po‘latov.

«Yunusobod» liniyasidagi ba'zi bekatlarda shiftdan chakka o‘tadi

Metropoliten xodimining aytishicha, bu yerosti suvlari bilan bog‘liq va bu borada xavotirga asos yo‘q.

«Bu savolni ko‘pchilik beradi. «Yunusobod» liniyamizning ustidan yerosti suvlari o‘tgan, bu narsani berkitib bo‘lmaydi. Bilamizki, suv doimo yerostiga ketishga intiladi, shuning oqibatida chakka o‘tgan joylarni kuzatish mumkin, lekin bu yo‘lovchilarga va metropolitenga hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Bilasizki, Toshkentning atrofida daryo yoki dengizlar yo‘q, faqat yerosti suvlari hisobiga shunday holatlar kuzatiladi».

Aziz Rahmatov

Asosiy savollarimizga javob olganimizdan so‘ng metropoliten mashinistlari Aziz Rahmatov va Odiljon Rustamov bilan ham suhbatda bo‘ldik. Avvaliga Aziz Rahmatov savollarimizga javob berdi.

– Mashinistning bir kuni haqida aytib bera olasizmi?

– Ish vaqti soat 6dan boshlanib, 8 soat davom etadi. Elektrodepoda mashinistlar uchun dam olish xonalari bor. U yerda mashinistlar ish smenasidan keyin dam olishadi.

– Yorug‘lik juda kam bo‘lgan tunnellarda ishlash yorug‘likka sezuvchanlikka ta'sir qiladimi?

– Bu uncha sezilmaydi, o‘rgansa bo‘ladi.

– Vagon ichidagi mikrofonlar ishlaydimi? Yo‘lovchi mikrofonga gapirsa, mashinist eshitadimi?

– Poyezdlarimizda radioaloqa ishlaydi, u kuniga ikki marotaba tekshiruvdan o‘tadi. Radioaloqa vagonlarda nosozlik kuzatilganida, shubhali buyumlar topilganda yoki yo‘lovchilar hayotiga xavf tug‘diradigan holatlarda mashinistga xabar berish uchun mo‘ljallangan.

Keyingi savollarimiz mashinist Odiljon Rustamovga bo‘ldi.

– Yo‘lovchilar bor poyezdni birinchi bor haydash qanchalik hayajonli?

– Bu mashinistda katta mas'uliyat va hayajonni keltirib chiqaradi. Yillar davomida bu hayajon yo‘qoladi, lekin mas'uliyat o‘sha-o‘sha qoladi.

– Metropoliten poyezdlari necha tezlikda harakatlanadi?

– Poyezdimizning eng yuqori tezligi 80 km/soatni tashkil qiladi, o‘rtacha tezlik – 60 km/soat. Profilaktika ishlari olib borilayotgan joylarda – 40 km/soatgacha tezlikni pasaytiramiz.

Ko‘pchilik katta tezlikda harakatlanamiz, deb o‘ylaydi, lekin 80 km/soatdan oshirmagan holda harakatlanamiz.

– Mashinist bexosdan vagonning qarama-qarshi eshiklarini ochib yuborish ehtimoli bormi?

– O‘ng va chap eshiklarni ochish tugmalari alohida joylarda joylashgan, adashtirib yuborish imkoni yo‘q.

Odiljon Rustamov

Mashinistlarning so‘zlariga ko‘ra, metropoliten huzurida yosh kadrlarni tayyorlash markazi bor ekan. Mashinist bo‘lmoqchi bo‘lganlar avvaliga 7 oylik nazariy bosqichni tugatib, so‘ngra amaliyotga o‘tishar ekan.

«Mashinistlar 4 toifaga bo‘linadi. Yangi ishga kirgan mashinistlar 4-toifaga mansub bo‘ladi. 2 yil davomida qoida buzmasdan ishlasa, imtihon topshirib 3-toifaga o‘tishi mumkin. Keyin 2 yil davomida ham yaxshi ishlasa, 2-toifa va hokazo», – deydi Odiljon Rustamov.

Barchani qiziqtiradigan yana bir savol bu – vagondagi barchamizga tanish ovoz sohibasi kim?

Biz «Chilonzor» yo‘nalishi uchun ovozi yozib olingan diktor Madina Hasanova bilan ham suhbatlashdik.

Madina Hasanova

«2017 yil metroga ovoz berish tanlovi e'lon qilingan edi. Men shu tanlovda qatnashib, g‘olib bo‘ldim. Studiyada ovoz yozish uchun 4 soat vaqt sarfladik.

O‘sha yillari men San'at va madaniyat oliygohida o‘qituvchi bo‘lib ishlardim, shu bilan birga bo‘sh vaqtlarimda reklama va hujjatli filmlarga ovoz berganman. Birinchi marta metroda o‘zimning ovozimni eshitganimda tanimay qoldim, bunga sabab metroda ovozim boshqa tembrda chiqishidir balki.

Ovozlar tanlovida g‘olib bo‘lganim men uchun juda katta sharaf. Qancha haq olganimni ayta olmayman-ku, lekin tekinga metroga ovoz berish taklif qilinganda ham, yo‘q demasdim. Axir mening ovozimni xalqim eshitadi», – deydi Madina Hasanova.

Aniqlashimizcha, hozirda poytaxt metrosining «Yunusobod» va «O‘zbekiston» yo‘nalishlaridagi ovoz O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi xodimasi Muslima Murodovaga tegishli ekan. Suxandon ba'zi sabablarga ko‘ra dasturimizni suratga olish jarayonida ishtirok eta olmadi.

Jamshidxon Ziyoxonov tayyorladi

Mavzuga oid