Light | 20:37 / 16.02.2020
17344
6 daqiqa o‘qiladi

Rey tamoyillari: qanday qilib bir xatoni boshqa takrorlamaslik mumkin?

«Islom moliyasi» Telegram-kanalida amerikalik milliarder Rey Dalioning «Tamoyillar» nomli mashhur kitobining rus tiliga erkin tarjimasi berib borilmoqda. Kun.uz muxbiri ushbu mulohazalarni o‘zbek tiliga o‘girdi.

Rey Dalio / Foto:  Moritz Hager via Flickr

Yomon qarorlar va fikrlar sizga qimmatga tushishi mumkin.

Men har doim o‘zimning muhim fikrlarim va qarorlarimni qayta tekshirib turaman. Ularni ko‘rib chiqib, qayerda xato qilganimni tushunish uchun eng malakali ekspertlar, bilimdon va tajribali insonlarning fikrlari va nuqtayi nazarini tinglayman.

Men kibr va o‘ziga ortiqcha ishonishdan ehtiyot bo‘laman. Kerakli darajada ishonchga ega bo‘lmagunimga qadar ma'lumot to‘plashni davom ettiraman yoki bilimsizlik xavfiga duchor bo‘lishdan xalos bo‘lib, muammoni bilmasligimni yoki vaziyatning noaniqligini tan olaman.

Shuning uchun mening tamoyilim – eng xolis nuqtayi nazarga ega bo‘lish, uni stress-testdan o‘tkazish (ya'ni uning rostligi, asosliligi yoki dolzarbligini qayta tekshirish), o‘ziga ishonchni chetga surish, o‘z qarorlarining oqibatlarini aniq anglay olish va doimiy ravishda komillikka erishishdan iborat.

Ayrimlar uchun bunday matnlar real hayotning shafqatsiz voqeliklaridan uzoq, quruq falsafaga o‘xshab ko‘rinishi mumkin. Lekin agar o‘z qarorlaringiz sifatini chinakam baholashni boshlasangiz, buning ahamiyatini tezda tushunib olasiz.

Buning uchun shunchaki hayotiy muhim qarorlaringizni yozib chiqing. Nima uchun aynan bu qarorni qabul qilganingizni va ularning har birida qanday omillar hal qiluvchi bo‘lganini vijdonan, ro‘y-rost yozing.

Ana shunda qarorlaringiz ortida hayotingiz falsafasi, qo‘rquvlar, hissiyotlar, ijtimoiy bosim, lahzali harakatlar, intilishlar, oqillik bor-yo‘qligini ko‘rasiz. Va bu sizning o‘z haqiqatingizni topish yo‘lida saragini ajratishning birinchi bosqichi bo‘lishi mumkin...

Rostgo‘ylik, hayot haqiqatlari va o‘ta ochiqlik

Rey Dalioning xulosasiga ko‘ra, hammamiz xato qilamiz, kamchiliklar hammada bor. Bu yerda muhim jihat – ana shu xatolarimizga qanday yondashuvda ekanimiz.

Xatolarga yashiringan donolikni anglab, shu orqali biz bu xatolarni takrorlash va yangi muvaffaqiyatsizliklarga uchrash xavfini kamaytiramiz.

Meni aynan xato va kamchiliklarim bilan ishlash kuchaytirdi. Muvaffaqiyatsizliklar asosan dunyoning haqiqiy manzarasini anglay olmasligimiz, ya'ni ishlar hozir qanday ketayotganini bilmasligimiz sababli sodir bo‘ladi.

Atrofingizdagilar qanday fikrda ekanidan qat'i nazar, haqiqat nimadaligini aniqlash hayot qonunlari qanday ishlashini tushunish uchun muhim ahamiyatga ega. Bu esa, o‘z navbatida, achchiq haqiqat bilan ishlashga yordam beradi va asta-sekin, ammo ishonchli ravishda yaxshiroq, to‘g‘riroq va samaraliroq bo‘ladi.

Haqiqatdan qattiq qo‘rqadigan odamlar bor, chunki haqiqat ularning hayotini muvozanatdan chiqarib yuborishi mumkin. Achchiq haqiqat ularning komfort zonasi va yomon odatlariga qarshi chiqadi.

Shu bilan birga, haqiqatdan qo‘rqmaydigan va u bilan birga olg‘a intiladiganlar ham bor.

Sizdagi rostgo‘ylik va poklik boshqalarni ham haqgo‘ylik sari yetaklaydi. Bu ochiqlikka, ochiqlik esa chuqur tushunish va har tomonlama fikrlashga olib keladi. Chunki biz hammamiz bir-birimizdan farq qilamiz – ba'zilar umumiy manzarani ko‘radi, boshqalar mayda-chuyda va tafsilotlarni yaxshi tahlil qiladi, yana kimlardir bir masalaga boshqa tomondan nazar tashlashi mumkin. Va aynan qo‘rquvning yo‘qligi odamlarning ochilishiga imkon beradi, bu esa yaxshiroq qarorlarga, qarorlar esa kerakli natijaga olib keladi.

Rostgo‘ylik bu – haqiqiy erkinlik ekanligini bildim, deydi Rey. Chunki haqiqiy o‘zligim bilan «tashqarida foydalanadigan» o‘zligim orasidagi kelishmovchilik ich-etimni yeydi va o‘zimni eng yaxshi tomondan ko‘rsatishimga yo‘l qo‘ymaydi. Shu sababli mening hayotiy nuqtayi nazarim o‘ta rostgo‘ylik va ochiqlik bo‘lib, u menga doimiy kamolot yo‘lidan borishimga imkon beradi.

Men ongimiz va fikrlarimizda o‘zimiz, hayot va boshqa insonlar haqida juda ko‘p yolg‘on nazariyalarning borligi – insoniyatning eng katta fojialaridan biri ekanini tushundim.

Shunday qilib, narsalarning mohiyati va hayot voqeliklarini chuqur anglaydigan, haqiqiy maqsadlariga erishish uchun ulardan qanday foydalanishni biladigan odamlar muvaffaqiyatga erishadilar.

Buning aksi ham to‘g‘ri: xayollarga osongina aldanadigan, noto‘g‘ri xayollar ichra yashaydiganlar o‘sishning emas, muammolarning manbayi hisoblanadi...

Shuning uchun haqiqatni ongli ravishda tushunib yetish doimiy ravishda komillikka erishishning asosidir.

Mavzuga oid