O‘zbekiston | 11:12 / 17.02.2020
7888
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat va mahalliy boshqaruv organi rahbarlari maktablarni otaliqqa oldi

Mamlakat vazirlik va idoralari, mahalliy davlat hokimiyatlari rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlari, shuningdek sektor rahbarlari xalq ta'limi tizimida faoliyat yuritayotgan umumta'lim maktablarini otaliqqa oldi

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2019 yilning 23 avgust kuni xalq ta'limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma'naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.

Yig‘ilish bayoniga muvofiq vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyatlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, sektor rahbarlarining otaliqqa olish ro‘yxati va ularning o‘quv muassasalariga tashriflari rejasini tasdiqlash bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Bosh vazirning tegishli topshirig‘i bilan vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyatlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, sektor rahbarlari xalq ta'limi tizimida faoliyat yuritayotgan umumta'lim maktablariga otaliqqa biriktirildi. Vazirlik va idoralarning rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlari Toshkent shahridagi 302 ta umumta'lim maktabini otaliqqa oldi. Mahalliy davlat organlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari 119 ta maktab, sektor rahbarlari 815 ta maktabga biriktirildi.

Biriktirilgan vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyatlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, sektor rahbarlari har oy otaliqqa olingan maktablariga tashrif buyuradi. Tashrif doirasida ular “Vazir soati”, “Hokim soati”, “Tadbirkor va bankirlar sabog‘i”, “Hayot saboqlari” kabi ochiq darslarini o‘tkazish bilan birga, o‘quv muassasasi faoliyati va muammolari bilan tanishib boradi.

Umumta'lim maktabi (filiali) binosini rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta'mirlash, ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani (trotuarlar, yo‘llar va boshqalar) zarur holatda saqlash choralarini ko‘rish bo‘yicha ishlarni o‘z nazoratiga oladi.

Biriktirilgan rahbarlar maktablarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, jihozlash, jumladan, kutubxonalarni yangi adabiyotlar bilan boyitish, o‘quv muassasasini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, zarur sanitariya-gigiyena sharoitlari va boshqa kommunal xizmatlar bilan uzluksiz ta'minlash bo‘yicha ko‘mak beradi.

Rahbarlarga yuklatilgan vazifalar orasida maktablarni yangi o‘quv yiliga va kuz-qish mavsumiga o‘z vaqtida va samarali tayyorlash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatish hamda prezident tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusini amalga oshirish bo‘yicha umumta'lim maktablarini tayyorlash va bu yo‘nalishda o‘tkaziladigan tadbirlarga homiylik qilish ham nazarda tutilgan.

Mavzuga oid