O‘zbekiston | 10:34 / 17.02.2020
8527
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hududida giyohvandlik vositalarini tashish tartibi tasdiqlandi

Giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni shahar yo‘lovchilar transportida qo‘l yuki sifatida tashilishiga yo‘l qo‘yilmaydi

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasining “Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalasi sohasidagi nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha:

a) “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida” 1999 yil 19 avgustdagi qonunga muvofiq giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi litsenziyalanadigan faoliyat turi hisoblanadi;

b) Prezidentning “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 11 apreldagi farmoniga binoan ichki ishlar organlari tomonidan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni tashishga ruxsatnomalar berilishi bekor qilingan;

v) Vazirlar Mahkamasining “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2002 yil 28 iyundagi qarori bilan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi sohasidagi faoliyatini litsenziyalash Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklangan;

g) Vazirlar Mahkamasining “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risida” 2003 yil 16 iyuldagi qaroriga asosan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni saqlash va tashish faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi, litsenziya olish uchun ular tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ichki ishlar organlarining obektning texnik talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosasi taqdim etiladi. 

Quyidagilar:

Obektlar (xonalar)ning giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni saqlash bo‘yicha texnik talablarga muvofiqligi to‘g‘risida xulosalar berish tartibi haqidagi nizom;

O‘zbekiston hududida giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni tashish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

O‘zbekiston hududida giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni tashish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlardan iborat yuklarning yuk jo‘natuvchisi va yukni qabul qilib oluvchisi faqat giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar bo‘lishi mumkin.

Giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni avtomobil, shuningdek, qo‘l yuki bilan havo va temir yo‘l yo‘lovchi transportida tashish giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlarning xossalarini biladigan va ular bilan muomala qila oladigan yukni jo‘natuvchi (yukni oluvchi)ning vakili - mas'ul shaxsning majburiy kuzatuvida amalga oshiriladi.

Yuk jo‘natuvchi (yuk oluvchi)ning qaroriga asosan giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni havo kemasining yuk-bagaj bo‘limlari va temir yo‘l yuk vagonlari bilan (qo‘l yuki sifatida emas) tashish mas'ul shaxs kuzatuvida amalga oshirilishi mumkin.

Yuk jo‘natuvchi (yuk oluvchi)ning qaroriga asosan giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni tashish ushbu maqsadlarga ajratiladigan maxsus yuk jo‘natuvchi (yuk oluvchi) xodimlarining qo‘riqlovida amalga oshirilishi mumkin.

Tashish uchun mas'ul shaxs, qo‘riqlash xodimlari, shuningdek, tashishni amalga oshiruvchi xodimlar, avtotransport vositalarning haydovchilari (avtomobil transportida tashishda) yuk jo‘natuvchi (yuk oluvchi)ning buyrug‘i (farmoyishi) bilan tayinlanadi.

Giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni tashishda yo‘lda bo‘lish vaqti 8 soatdan ortiqni tashkil etgan taqdirda ikki nafar tashish uchun mas'ul shaxs, ikki nafar qo‘riqlash xodimi, shuningdek, har bir avtotransport vositasiga ikki nafar haydovchi (avtomobil transportida tashishda) ajratilishi tavsiya etiladi.

Giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni tashishda tashish uchun mas'ul shaxsning yonida yuk jo‘natuvchi yuridik shaxs rahbarining imzosi bilan tasdiqlangan tashilayotgan yuklarning tovar-transport yukxati bo‘lishi kerak.

Tashish uchun mas'ul shaxs majburiyatlariga quyidagilar kiradi:

qo‘riqlash va kuzatuvni amalga oshirayotgan xodimlarga, avtotransport vositalari haydovchilariga (avtomobil transportida tashishda) giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni ortish, tashish va tushirishda tashish qoidalari, yukning tavsifi hamda shaxsiy, jamoat va ekologik xavfsizlik choralari to‘g‘risida yo‘riqnoma berish;

yuk olinadigan joylarda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlar to‘g‘ri qadoqlanganligini va ularning markirovkasini, tamg‘alarning butligini tashqi tomondan ko‘zdan kechirish va giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni qabul qilish;

giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlar ortilishini, mahkamlanishini va tushirilishini kuzatish;

giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlar jo‘natish joyidan yetkazish joyigacha kuzatib borilishini va qo‘riqlanishini ta'minlash, tashish yo‘nalishiga qat'iy rioya qilish;

giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlar jo‘natish joyidan yetkazish joyigacha tashish chog‘ida, shuningdek, transport vositalarining to‘xtab turishi davomida xavfsizlik qoidalariga rioya qilish;

qo‘riqlash va tashishni amalga oshiruvchi xodimlarning shaxsiy xavfsizligini, shuningdek, jamoat, ekologik xavfsizlik va giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlarning butligini ta'minlash choralariga rioya qilinishi yuzasidan xatti-harakatlariga rahbarlik qilish;

belgilangan joyga kelgandan keyin giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni yukni oluvchiga topshirish.

Giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni shahar yo‘lovchilar transportida qo‘l yuki sifatida, shuningdek, avtomobil transportida shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mavzuga oid