O‘zbekiston | 12:40 / 19.02.2020
2802
4 daqiqa o‘qiladi

Infratuzilma obektlarini qurish bo‘yicha tanlov yangicha tartibda o‘tkaziladi

Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilgan obektlarni qurish bo‘yicha tanlov tajriba-sinov tariqasida yangicha o‘tkaziladi

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilma obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash bo‘yicha tanlov (tender) o‘tkazishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, prezidentning 2020 yil 10 yanvardagi qarori bilan 2020-2022 yillarda O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi tasdiqlangan.

Qurilish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining Dasturga kiritilgan obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash ishlari bo‘yicha 2020 yil uchun tajriba-sinov tariqasida namunaviy tanlov va tender hujjatlari asosida tanlovni (tenderni) tashkil etish hamda o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Belgilanishicha:

a) obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash ishlari bo‘yicha namunaviy tanlov va tender hujjatlari asosida tanlovni (tenderni) tashkil etish va o‘tkazish faqat 2020 yilda qurilishi, rekonstruksiya qilinishi va kapital ta'mirlanishi nazarda tutilgan obektlarga nisbatan amal qiladi;

b) “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonuni talablariga muvofiq:

loyiha tashabbuskori davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida tanlov (tender) o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e'lon va tanlov (tender) hujjatlari to‘liq joylashtirilishi uchun mas'uldir;

tanlov (tender) ishtirokchisi taqdim etilayotgan axborot va hujjatlarning haqqoniyligi va to‘g‘riligi uchun javob beradi.

Bunda, istisno tariqasida, 2020 yil uchun tasdiqlangan loyihaoldi va (yoki) loyiha hujjatlari asosida tanlov (tender) hujjatlarini kompleks ekspertizadan o‘tkazmasdan, mazkur qaror bilan tasdiqlanayotgan tanlovni (tenderni) tashkil qilish va o‘tkazish bo‘yicha namunaviy hujjatlar talablari doirasida tayyorlashga va tasdiqlashga ruxsat berildi. 

Qurilish vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020 yilgi tajriba-sinov tariqasida o‘tkaziladigan tanlovlar (tenderlar) yakunlari asosida 2021 yil 1 yanvardan boshlab tanlovni (tenderni) tashkil etish va o‘tkazish uchun talab etiladigan namunaviy hujjatlarni nazarda tutuvchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqib, tasdiqlaydi.

Loyiha tashabbuskorlari Qurilish vazirligining hududiy tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazlarini va kapital qurilishda tovarlar, ishlar va xizmatlar xarid qilish uchun tanlov (tender) hujjatlarini tayyorlash bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan tashkilotlarni jalb qilgan holda, Dasturda nazarda tutilgan obektlar bo‘yicha tanlovlar (tenderlar) o‘tkazilishini ta'minlaydi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi 2021 yilda qurilishi, rekonstruksiya qilinishi va kapital ta'mirlanishi nazarda tutilgan ijtimoiy, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasi obektlarining loyiha-qidiruv ishlarini 2020 yil birinchi yarim yilligida buyurtmachilarning hisob-kitoblari asosida belgilangan tartibda moliyalashtirilishini ta'minlaydi.

Davlat soliq qo‘mitasi qaror bilan tasdiqlangan tanlovlarni (tenderlarni) tashkil qilish hamda o‘tkazish bo‘yicha namunaviy hujjatlar asosida qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan tanlov (tender) talabgorining sof tushumi, ish haqi jamg‘armasi va xodimlarning o‘rtacha soni to‘g‘risidagi ma'lumotlarni haqqoniyligini o‘rgangan holda tasdiqlanishini ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid