O‘zbekiston | 15:20 / 26.02.2020
56572
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hukumati ijro etuvchi tuzilmasida o‘zgarishlar ro‘y berdi

Prezident “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Foto: AFP

Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida:

a) quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari - O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri lavozimi;

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining yoqilg‘i-energetika va kimyo sanoatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi;

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi;

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri maslahatchisi “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisi lavozimi;

Davlat aktivlarini boshqarish, sanoatni va raqobatni rivojlantirish masalalari kotibiyati;

Yoqilg‘i-energetika va kimyo sanoatini rivojlantirish masalalari kotibiyati;

Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish masalalari kotibiyati;

Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash, FHDYo organlari bilan ishlash masalalari kotibiyati tugatildi;

b) quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - iqtisodiyot va sanoat vaziri;

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining sanoatni va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimlari kiritildi;

v) quyidagilar:

Yoshlar siyosati, madaniyat, ma'naviyat, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyati Mahalla, oila va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, madaniyat, ma'naviyat va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyati etib qayta tashkil qilindi va uning tarkibida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari sho‘'basi tashkil etildi;

Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalari kotibiyati Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kotibiyati etib qayta tashkil qilindi va uning tarkibida Kambag‘allikni qisqartirish va aholining daromadlarini oshirish bo‘limi tashkil etildi;

Sanoatni va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari kotibiyati tashkil etildi.

Belgilanishicha, Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida yangi bo‘linmalarni tashkil etish boshqaruv xodimlarining amaldagi umumiy cheklangan soni doirasida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - iqtisodiyot va sanoat vaziri zimmasiga mavjud vazifalar bilan bir qatorda quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish yuklandi:

respublikada kambag‘allikka oid real ahvolni o‘rganish, xalqaro tashkilotlar, jumladan moliya institutlari bilan hamkorlikda kambag‘allikni bartaraf etishning o‘rta va uzoq muddatli strategiyalari hamda dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirilishini ta'minlash;

aholida, ayniqsa, yoshlar va ayollarda biznes yuritish va tadbirkorlikning zamonaviy ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, band bo‘lmagan aholini kasbga o‘qitish va qayta tayyorlash tizimini isloh qilish.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 241 nafar shtat birligidan iborat bo‘lgan yangilangan ijro etuvchi tuzilmasi tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasining bosh vaziriga o‘rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarni hal qilishning muhimligi va natijadorligini hisobga olgan holda, zarurat bo‘lganda, Vazirlar Mahkamasi xodimlarining umumiy shtatlari soni doirasida uning ijro etuvchi tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.

Viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklarining boshqaruv apparatida hokimning iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari (Toshkent viloyati hokimligi boshqaruvi apparatida - hokimning sanoatni rivojlantirish, iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari) lavozimi hokimning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari (Toshkent viloyati hokimligi boshqaruvi apparatida - hokimning sanoatni rivojlantirish, moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari) lavozimiga o‘zgartirildi.

Mavzuga oid