Jahon | 00:35 / 27.02.2020
8072
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Rossiya konstitutsiyasi bo‘yicha ovoz berish sanasini ma'qulladi

Rossiyada konstitutsiyaga tuzatmalar kiritish bo‘yicha umummilliy ovoz berish 22 aprelda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu sanani tuzatmalarni tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh taklif qilgan. Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish tashabbuschisi bo‘lgan Rossiya prezidenti bu sanaga rozi bo‘lgan.   

Foto: TASS

Ushbu sanani ishchi guruh raislaridan biri - senator Andrey Klishas Putin bilan uchrashuvda taklif qilgan. 22 aprel chorshanba kuniga to‘g‘ri kelgani sababli Klishas uni dam olish kuni deb e'lon qilishni taklif qilgan.

Senatorning ta'kidlashicha, bu sanani tanlashda mantiq oddiygina bo‘lgan: 19 aprelda pravoslav posti tugaydi va Pasxa nishonlanadi, 24 aprelda esa Ramazon oyi boshlanadi. “Shu sababli 22 aprel har tomonlama maqbul sana”, deb aytgan senator.

Putin uchrashuvda ayni vaqtda konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha “jiddiy va mazmunli” 900taga yaqin taklif tushganini ma'lum qilgan. 

Putin konstitutsiyaga nimalarni kiritishni taklif qilmoqda

Rossiya prezidentining asosiy takliflari orasida konstitutsiyada ijtimoiy kafolatlar va ularning xalqaro huquqdan ustuvorligini mustahkamlash, Davlat kengashi rolini kengaytirish, prezident lavozimiga nomzodning saylovlargacha Rossiyada muayyan vaqt yashagan bo‘lishi muddatini oshirish va hukumat a'zolarini tasdiqlashning yangi qoidalari bor.  

Tuzatmalar bo‘yicha ovoz berish qanday o‘tadi

Ovoz berish qanday o‘tishi hozircha noma'lum, ushbu jarayonning borishini tuzatmalar haqidagi qonun loyihasiga ikkinchi o‘qilishida kiritishga va'da berilgan.  

Rossiya dumasining davlat qurilishi bo‘yicha qo‘mitasi umummilliy ovoz berish uchun davlat xizmatlari portali, masofadan turib ovoz berish va ko‘p vazifali markazlar qo‘llanishi mumkinligini ma'lum qilgan.

Ovoz berishdagi ishtirok darajasini oshirish uchun uydan turib ovoz berishga ruxsat berishmoqchi. Bundan tashqari, muddatdan avval ovoz berish imkoniyati muhokama qilinmoqda.

Konstitutsiyaga barcha tuzatmalar, jumladan prezident vakolatlariga tegishlilari ovoz berishga yakun yasalgandan keyinoq kuchga kirishi lozim. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid