O‘zbekiston | 09:26 / 28.02.2020
1819
10 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi o‘simlik turlarini saqlash maqsadida Milliy genbank yaratiladi

Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni takomillashtirish, yangi o‘simlik turlarini saqlash maqsadida Milliy genbankni yaratish mo‘ljallanmoqda

Prezidentning “Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni takomillashtirish, yangi o‘simlik turlarini saqlash maqsadida Milliy genbankni yaratish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash xizmatlarini takomillashtirish tizimini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

qishloq xo‘jaligi ekinlari, mevali va manzarali ko‘chatlarning navlari va duragaylari sinovi sohasida ko‘rsatiladigan xizmatlarni takomillashtirish, sinovlarni xorijiy andozalar darajasiga ko‘tarish;

qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiya yutuqlarining patentga layoqatliligini ekspertizadan o‘tkazishni rivojlantirish;

qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari sinovining resurstejamkor va innovatsion texnologiyalar asosida o‘tkazilishini bosqichma-bosqich joriy etish;

qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari sifat tahlillarini o‘tkazuvchi laboratoriyalarni zamonaviy jihozlar bilan ta'minlash, qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash stansiyalari va uchastkalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash stansiyalari va uchastkalariga ajratilgan yer resurslaridan samarali foydalanish;

sohani malakali kadrlar bilan butlash hamda xodimlarga shart-sharoitlar yaratish va moddiy rag‘batlantirish, ushbu sohada xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish.

Quyidagilar Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

mahalliy va xorijiy mamlakatlarda yaratilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi navlari va duragaylari bo‘yicha sinov ishlarini amalga oshirish;

qishloq xo‘jaligi ekinlari yangi navlari bo‘yicha seleksiya yutuqlarining patentga layoqatliligini ekspertizadan o‘tkazish;

O‘zbekiston hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reyestrini yuritish;

qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari sinovini o‘tkazish ishlarini uslubiy ta'minlash;

qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining sinovini va seleksiya yutuqlarining patentga layoqatliligini ekspertizadan o‘tkazish borasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish;

qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari sinovini va seleksiya yutuqlarining patentga layoqatliligini ekspertizadan o‘tkazish tizimida kadrlar malakasini oshirish.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi:

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi qoshida O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot institutining negizida O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish;

Institutning noyob ilmiy obekti “Qishloq xo‘jaligi ekinlari genetik resurslari Genbanki”ni milliy ahamiyatga ega genbank deb tan olish va unga “Qishloq xo‘jaligi ekinlari genetik resurslari Milliy genbanki” maqomini berish;

qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarida ekin turlari bo‘yicha saqlanayotgan kolleksiyalar “ekin turlari ishchi yoki seleksion kolleksiyalari” deb tan olinishi to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.

Institut xodimlari umumiy cheklangan sonini qayta taqsimlash choralarini ko‘radi.

Belgilanishicha:

Markaz direktori O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, shuningdek, maqomi, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlari bo‘yicha vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

Markaz xodimlariga O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya shartlari tatbiq etiladi;

Markaz O‘zbekistonning Davlat budjeti va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

o‘rmon fondi tabiiy resurslaridan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish maqsadida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan mintaqalarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda barcha rayonlashtirilgan manzarali, dorivor, texnik va ozuqabop o‘simliklarning ro‘yxati O‘zbekiston hududida ekishga tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reyestrida yuritiladi;

yuridik va jismoniy shaxslarning talabiga asosan, qishloq xo‘jaligi ekinlarining mahalliy va xorijiy navlari farqlanishi, turdoshligi va barqarorligi bo‘yicha sinovlar o‘tkazib borish va natijasi yuzasidan Markaz tomonidan xulosalar taqdim qilinadi;

genetik modifikatsiya organizmlari (GMO) bo‘lgan yoki genetik muhandislik yo‘li bilan yaratilgan o‘simliklarning navlarini tezkor tahlilini o‘tkazish va ro‘yxatini shakllantirish, shuningdek, iste'molchilar talabi asosida xabardor qilish Markaz tomonidan amalga oshiriladi;

O‘zbekiston hududida ekishga tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritilgan, patentlangan hamda Markaz tomonidan etalon va andoza (standart) nav sifatida tanlangan navlar Milliy genbankka o‘rnatilgan tartibda belgilangan miqdorlarda taqdim etish qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari originatorlari, avtorlari va ularni import qiluvchi sub'yektlar zimmasiga yuklatiladi;

Institut respublikada qishloq xo‘jaligi ekinlari jahon genofondini saqlash, boyitish, o‘rganish va undan samarali foydalanish sohasidagi yagona davlat ilmiy muassasasi hisoblanadi.

Institut:

Milliy genbankni samarali boshqarish va qishloq xo‘jaligi ekinlari genefondidan ishlab chiqarish va seleksiyada samarali foydalanish, urug‘larni o‘rta va uzoq muddatlarda kafolatli saqlashni ta'minlash bo‘yicha Birlashgan Millatlarning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasidagi tashkiloti (FAO) komissiyasi tomonidan o‘simliklar genetik resurslari genbanklari uchun ishlab chiqilgan standartlarga to‘la rioya qilinishini;

respublika qishloq xo‘jaligi ekinlari genofondini boyitish, ekin turlarini sistematikasi (qardoshlik munosabatlari) va filogeniyasi (organizmlarning rivojlanish jarayoni) bo‘yicha fundamental izlanishlar olib borish hamda seleksiyada birlamchi materiallarni tanlab olish samarasini oshirish maqsadida mahalliy navlarni yig‘ish bo‘yicha respublika va qo‘shni davlatlariga muntazam ravishda ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etilishini ta'minlaydi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Toshkent viloyat hokimligining Institut Milliy genbanki faoliyatining samaradorligini oshirish va qishloq xo‘jaligi ekinlari genetik resurslarini saqlash sharoitlarini yaxshilash uchun yangi zamonaviy va xalqaro talablarga javob beradigan binoni institut hududida xalqaro moliya institutlarining imtiyozli resurslari va grant mablag‘larini jalb etish hisobidan qurish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda nav sinash stansiya va uchastkalari uchun har besh yilda tuproqning haydalma va haydov osti qatlamlaridagi gumus, umumiy azot, fosfor, kaliy va ularning harakatchan shakllari miqdorlarini aniqlash hamda agrokimyoviy kartogrammalarini taqdim etib borilishini yo‘lga qo‘yadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi:

nav sinash stansiyalari va uchastkalarining yer maydonlarini soliq solinmaydigan yer uchastkalari jumlasiga kiritish;

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarining laboratoriyalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan laboratoriya jihozlari, priborlar, reagentlar, butlovchi qismlar, sarflash materiallari, dasturiy ta'minotlar va texnik vositalar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Markaz va uning tizimidagi nav sinash stansiyalari, uchastkalari hamda laboratoriyalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, soha xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, shuningdek, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlar quyidagi manbalar hisobidan qoplanishiga rozilik beriladi:

qishloq xo‘jaligi ekinlari yangi navlari bo‘yicha seleksiya yutuqlarining patent bojlari va to‘lovlari;

qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining sinovini o‘tkazish hamda genetik modifikatsiya organizmlari (GMO) bo‘lgan yoki genetik muhandislik yo‘li bilan yaratilgan o‘simliklarning navlari tahlilini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlardan olinadigan daromadlar;

qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklari uchun belgilangan tartibda to‘lanadigan ustama haqlardan olinadigan o‘tkazmalar hamda litsenziya bo‘yicha olinadigan royalti sxemalariga asosan tushumlar;

Markaz tarkibiga kiruvchi nav sinash stansiyalari va uchastkalari tushumining 2 foizli ajratmalari;

qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash bo‘yicha bosma axborot materiallarini realizatsiya qilishdan tushadigan tushumlar;

Markazning bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, xorijiy tashkilotlarning grantlari;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid