O‘zbekiston | 13:05 / 28.02.2020
2598
2 daqiqa o‘qiladi

Senat «Metrologiya to‘g‘risida»gi qonunni ma'qulladi

Senatning ikkinchi yalpi majlisida “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonun ma'qullandi. Qonun respublikada o‘lchash va kalibrlash amaliyotlarini tartibga solishni belgilaydi.

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyevning ma'lumot berishicha, respublikada milliy metrologiya xizmatlarini tashkil etishning shaffof, interaktiv tamoyillari to‘g‘ri tashkil etilmaganligi, sanoat tarmoqlarini kalibrlash hamda ijtimoiy sohada metrologiya ta'minoti bo‘yicha tizimning mavjud emasligi sohada qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

“Metrologiya ishlarini tashkil etishda xususiy sektor ulushi kamligi, metrologiya laboratoriyalarini modernizatsiya qilishning oqsayotgani sanoat tarmoqlarida metrologiya ta'minotini yaxshilashga yo‘l bermayapti. Shuningdek, milliy metrologiya tizimining xorijda tan olinishida jiddiy to‘siqlar keltirib chiqarmoqda”, deya qo‘mita raisining so‘zlarini keltirdi Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, bu kamchiliklarni bartaraf etishga yordam berishi kutilayotgan “Metrologiya to‘g‘risidagi qonun” sohada faoliyat olib boruvchi sub'yektlar sifatida Vazirlar Mahkamasi, davlat organlari va yuridik shaxslarning bu boradagi vakolatlari mustahkamlanadi.

Qonunga asosan, o‘lchash vositalarini kalibrlash borasida davlat-xususiy sherikchiligi asosida metrologiya xizmatlari tashkil etish mumkin bo‘ladi. Sanoatga yuqori texnologiyalarni kiritish, ularning aniqligini ta'minlashi mumkin bo‘lgan doiralar kengaytiriladi.

Metrologik tekshiruvni amalga oshirishda foydalaniladigan o‘lchash vositalarini qiyoslash, kalibrlash, sinov vositalarini attestatsiya qilish usullari aniq belgilab qo‘yiladi.

Qonun normalarini metrologiya sohasidagi xalqaro hujjatlar qoidalariga moslashtirish uchun yangi “qadoqlangan tovar” atamasi kiritilmoqda. Bunga ko‘ra, davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati “qadoqlangan tovarlar” deb nomlangan yangi obekt bilan, shuningdek har qanday turdagi o‘ramlarga qadoqlangan tovarlarni qadoqlash va sotishda ularning soni ustidan davlat metrologiya nazoratini tartibga soladigan yangi modda kiritilmoqda.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid