O‘zbekiston | 09:54 / 29.02.2020
14276
11 daqiqa o‘qiladi

Meva-sabzavotchilik sohasida klasterlar tashkil etish tartibi e'lon qilindi

Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasida klasterlar tashkil etish va ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasida klasterlar tashkil etish va ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Meva-sabzavotchilik klasterini tashkil etish Qishloq xo‘jaligi vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organi hamda tashabbuskor o‘rtasida uch tomonlama kelishuv tuzish orqali amalga oshiriladi.

Quyidagilar klasterning muassislari bo‘lishi mumkin:

xorijiy va mahalliy investorlar;

barqaror xo‘jalik aloqalariga va ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalariga ega bo‘lgan meva-sabzavot mahsulotlari va uzumni tayyorlash, saqlash, tashish va qayta ishlash korxonalari;

klasterlar tashkil etishda qatnashishi qonunlarda taqiqlanmagan boshqa yuridik shaxslar.

Meva-sabzavotchilik klasteri uning qatnashchilari tomonidan ixtiyoriy tartibda tashkil etiladi.

Meva-sabzavotchilik klasterini ta'sis etishda uning muassislari o‘z mustaqilligini saqlab qoladi.

Meva-sabzavotchilik klasteri tijorat tashkilotlari hisoblanadi va qonunda nazarda tutilgan har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda shu jumladan xorijiy investor bilan qo‘shma korxonalar shaklida tashkil etilishi mumkin.

Meva-sabzavotchilik klasteri tarkibida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, tashish, tayyorlash, ularning marketingini olib borish, ilmiy ta'minot va boshqalar bo‘yicha bo‘linmalar tashkil etilishi mumkin.

Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari meva-sabzavotchilik klasterining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashishga haqli emas.

Meva-sabzavotchilik klasterini shakllantirish va faoliyatini tashkil etish quyidagi asosiy tamoyillarga rioya qilgan holda amalga oshiriladi:

meva-sabzavotchilik klasteri xorijiy investorlar yoki mahalliy tadbirkorlar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etiladi, bunda muassislar tarkibiga, barqaror xo‘jalik aloqalariga va ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalariga ega bo‘lgan, shuningdek yaqin atrofdagi hududda joylashgan meva-sabzavot va uzum mahsulotlarini qayta ishlash, tayyorlash, saqlash, qadoqlash, tashish, sotish korxonalari, ilmiy markazlar kirishi mumkin;

qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining meva-sabzavotchilik klasteri bilan o‘zaro munosabatlari, ular o‘rtasida tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi va shartnomada tomonlarning huquq va majburiyatlari tartibga solinadi;

shu jumladan, yetkazib beriladigan mahsulotning kamida 40 foizi avans bilan ta'minlanishi hamda keyinchalik mahsulotlarning kafolatli ravishda xarid qilinishi belgilab qo‘yiladi;

shatnomadan ortiqcha yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tovar ishlab chiqaruvchilar tomonidan erkin tasarruf etiladi, shu jumladan qo‘shimcha kelishuvga ko‘ra meva-sabzavotchilik klasteriga sotilishi mumkin.

Quyidagilar meva-sabzavotchilik klasteri tashabbuskorini tanlash mezonlari bo‘lib hisoblanadi:

Meva-sabzavot va uzum mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha yer ijara shartnomasining mavjudligi;

meva-sabzavot va uzum mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va transportirovka qilish hamda tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkonini beruvchi meva-sabzavot klasteri infratuzilmasi va zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarining yoki tarmoq va hududiy dasturlar doirasida tegishli qarorlar bilan tasdiqlangan hamda qisqa muddatda (1 yilgacha) ishga tushiladigan meva-sabzavot klasteri infratuzilmasini tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihasining mavjudligi;

tashabbuskorning bank hisobvarag‘ida meva-sabzavot klasteri faoliyatini va infratuzilmasini tashkil etish bo‘yicha biznes rejani amalga oshirish uchun yetarli va majburiyatlardan ozod bo‘lgan pul mablag‘larining yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha investitsiya shartnomasini yoxud xizmat ko‘rsatuvchi bankdan kredit olish bo‘yicha shartnomasining mavjudligi;

yangi uzilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot va uzum mahsulotlarini 3 mln AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda sotilganligini yoki so‘nggi 3 yilda o‘rtacha 2 mln AQSh dollari miqdorida eksportni amalga oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlar, yoki joriy kalendar yil uchun 3 mln AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda mahsulotlarni sotish bo‘yicha tasdiqlangan shartnomalarining mavjudligi.

Meva-sabzavotchilik klasteri tarmoq ixtisosligi bo‘yicha quyidagi yo‘nalishlarda tashkil etilishi mumkin:

bog‘dorchilik – intensiv bog‘dorchilik va tomchilatib sug‘orish texnologiyasini qo‘llash asosida va mevachilik, yong‘oqchilik, sitrus va ko‘p yillik mahsulot yetishtirishga ixtisoslashgan;

uzumchilik – tomchilatib sug‘orish texnologiyasini qo‘llagan holda intensiv asosda xo‘raki va/yoki sanoatbop uzum mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan;

sabzavotchilik – bir yillik sabzavot, dukkakli ekinlar, ko‘kat va respublika hududida ta'qiqlanmagan boshqa qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirishga ixtisoslashgan;

issiqxona – qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda issiqxona komplekslaridan foydalanishga ixtisoslashgan;

ko‘p tarmoqli – yuqorida sanab o‘tilganlar bo‘yicha bittadan ortiq yo‘nalishga ixtisoslashgan.

Meva-sabzavotchilik klasterlari mavjud yer maydonlari va mahsulot ishlab chiqarishi turlari bo‘yicha quyidagi shakllarda tashkil etiladi:

mustaqil – to‘liq siklda (meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish, saqlash, qayta ishlash, sotish bo‘yicha) faoliyat olib borish uchun belgilangan tartibda o‘ziga ajratilgan yirik yer maydonlariga (plantatsiya) ega meva-sabzavotchilik klasteri;

tayyorlov-qayta ishlash – ho‘l yoki qayta ishlangan xolda eksport qilish maqsadida meva-sabzavot mahsulotlarini boshqa ishlab chiqaruvchilar (fermer, dehqon, agrofirma, kooperatsiya va boshqalar)dan faqat shartnoma asosida sotib oluvchi meva-sabzavotchilik klasteri;

aralash – mahsulot yetishtirish uchun belgilangan tartibda o‘ziga ajratilgan yer maydonlariga (plantatsiya) ega va bir vaqtda shartnoma asosida mahsulot yetishtiruvchilardan (fermer, dehqon, agrofirma, kooperatsiya va boshqalar) meva-sabzavotlarni sotib oluvchi klaster.

Tashabbuskor meva-sabzavotchilik klasterini tashkil etish uchun tarmoq ixtisosligi va turini ko‘rsatgan holda mahalliy davlat hokimiyati organiga ariza bilan murojaat qiladi.

Agar tashabbuskor tanlagan ixtisosligiga mos holda meva-sabzavot va uzum mahsulotlari yetishtirish uchun yer uchastkasini foydalanishga (ijaraga) olishni yoki mavjud yer maydonlarini kengaytirishni xohlasa, buni arizada aks ettirishi lozim.

Kelgusi yil hosili uchun meva-sabzavotchilik klasterini tashkil etish bo‘yicha tashabbuskorlarning arizalari har yili 15 sentyabrga qadar taqdim etiladi.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

tashabbuskorning tegishli bo‘lgan meva-sabzavot klasteri infratuzilmasining, shuningdek, ishlab chiqarishning klaster usulini tatbiq etish imkoniyatini beruvchi mulk va boshqa vositalarning mavjudligi haqida ma'lumot. Bunda, bino va inshootlarga nisbatan ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarning Davlat reyestridan elektron ko‘chirma, qishloq xo‘jaligi asbob-uskunalarni hisobga olinganligi to‘g‘risida ma'lumotnoma;

meva-sabzavot klasteri faoliyatini tashkil etish bo‘yicha biznes reja;

mahsulotni sotish bo‘yicha shartnomalari nushalari;

amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari ko‘rsatkichlari (qiymati, investitsiya hajmi, quvvati, ish o‘rni, eksport hajmi va boshq.);

tashabbuskorning bank hisobvarag‘ida meva-sabzavot klasteri faoliyatini va infratuzilmasini tashkil etish bo‘yicha biznes rejani amalga oshirish uchun yetarli va majburiyatlardan ozod bo‘lgan pul mablag‘larining mavjudligi haqida xizmat ko‘rsatuvchi bank ma'lumotnomasidan ko‘chirma (keyingi 3 oy davomida to‘liq mavjudligi) yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha investitsiya shartnomasini yoxud xizmat ko‘rsatuvchi bankdan kredit olish bo‘yicha shartnomasining nusxasi.

Mahalliy davlat hokimiyati organi ariza kelib tushgan vaqtdan boshlab 5 ish kunida arizaga ilova qilingan hujjatlar asosida tashabbuskorning meva-sabzavotchilik klasterini tanlash bo‘yicha belgilangan mezonlarga muvofiqligini o‘rganadi hamda natijasi bo‘yicha tashabbuskorni yozma yoki elektron shaklda xabardor qilinadi.

Bir maydonga bir va undan ortiq tashabbuskor qayd etilsa, barcha tashabbuskorlar teng huquqlarga ega bo‘ladi va ular orasida qo‘shimcha tanlov e'lon qilinadi. Qo‘shimcha tanlov quyidagi mezonlarga asoslanadi:

tashabbuskorning yillik aylanma mablag‘lari;

ajratilgan yer maydonlaridan foydalanish samaradorligi;

oxirgi 3 yilda eksport va qayta ishlash hajmi.

Tashabbuskordan 30 sentyabrgacha qo‘shimcha hujjatlar taqdim etishi talab etiladi, tanlov 1 oktyabrga qadar yakunlanadi.

Tashabbuskor tomonidan meva-sabzavotchilik klasterini tashkil etish bo‘yicha berilgan ariza va hujjatlar mezonlarga muvofiq bo‘lmagan taqdirda, mahalliy hokimlik tomonidan tegishli kamchiliklar ko‘rsatilgan holda tashabbuskorning arizasini qanoatlantirish rad etiladi. Bunda rad etish sabablari aniq ko‘rsatilishi lozim.

Tashabbuskorning arizasini qanoatlantirish rad etishga quyidagilar asos bo‘ladi:

tashabbuskor tomonidan zarur darajada rasmiylashtirilmagan hujjatlar taqdim etilganligi;

hujjatlarda ishonchsiz yoki buzib ko‘rsatilgan ma'lumotlar mavjudligi;

tashabbuskor meva-sabzavot klasteri tanlash mezonlariga muvofiq bo‘lmaganligi;

boshqa tashabbuskorni tanlovda g‘olib chiqishi;

Boshqa sabablarga ko‘ra qanoatlantirishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Quyidagilar meva-sabzavot klasterining asosiy vazifalari hisoblanadi:

ekinlar hosildorligini oshirish maqsadida seleksiya va urug‘chilik sohasida yangi texnologiyalarni, “nou-xau”larni joriy etish, innovatsion ishlanmalar yaratish va keng qo‘llash;

mahsulot yetishtirish, tayyorlash, saqlash va qayta ishlashning zamonaviy, intensiv va resurstejamkor texnologiyalarni keng joriy etish orqali samarali faoliyat yuritish;

chuqur marketing tadqiqotlari olib borish asosida ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mahsulot yetishtirishning maqbul hajmlarini belgilash;

mahsulotlar yetishtirish, tayyorlash, tashish, saqlash va qayta ishlash hamda ularni ichki va tashqi bozorlarda sotish maqsadida chakana va ulgurji savdo tizimini yo‘lga qo‘yish, shu jumladan xorijiy davlatlarda savdo uylarini va respublika hududlarida firma do‘konlarini ochish;

ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va mahalliy sharoitlarda ulardan keng foydalanish, klaster tizimini keng joriy etishda xorijiy ekspert va mutaxassislarni jalb qilish;

tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanish, tovar-xomashyolarni import-eksport operatsiyalarini amalga oshirish, investitsiyalar, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;

kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash va rivojlantirish;

aholini ish bilan ta'minlash.

Mavzuga oid