Jahon | 10:57 / 02.03.2020
5619
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda saylovlar. Pit Buttijich poygani tark etdi

Indiana shtati Saut-Bend shahrining sobiq meri, 38 yoshli Pit Buttijich AQSh prezidentligi uchun poygani tark etdi. U 1 mart kuni Saut-Benddagi chiqishi vaqtida bu haqda ma'lum qilgan.

Santiago Flores/South Bend Tribune via AP

«Poyganing bu bosqichida maqsadlarimiz va ideallarimizga ishonchni saqlab qolishning eng ma'qul yo‘li — chetga chiqish va partiyamiz hamda mamlakatimiz birlashishiga yordam berishdir. Shunday ekan, bugun men qiyin qaror qabul qildim va prezidentlik uchun kampaniyamni to‘xtatdim», — deya Buttijichning so‘zlarini keltirmoqda CNN.

U aynan nima uchun poygani tark etayotganiga izoh bermagan. The New York Times nashri buni uning Janubiy Karolinadagi praymerizda mag‘lub bo‘lishi bilan bog‘lamoqda, Buttijich bu shtatda 8,2 foiz ovoz bilan to‘rtinchi bo‘lgandi.

Ayni vaqtga kelib Demokratik partiya AQShning to‘rtta shtatida praymeriz va kokuslar o‘tkazib ulgurdi. Pit Buttijich fevral oyi boshida Ayovada o‘tkazilgan partiyaning ichki yig‘ilishida birinchi bo‘lgandi, keyin Nyu-Hempshirda ikkinchi, Nevadada uchinchi o‘rinni egallagandi.

Qayd etish kerakki, Demokratik partiya Ayovadagi kokus natijalarini aniqlashda muammoga duch kelgan va natijalar e'lon qilinishi kechikkandi. Bunga ovozlarni hisoblashda qo‘llangan mobil ilovadagi nosozlik sabab bo‘lgan. Xabarlarga ko‘ra, bu ilova Buttijich bilan hamkorlik qilgan kompaniya tomonidan ishlab chiqilgandi.

  • Praymerizlarda hozircha senator Berni Sanders 58 delegat ovozi bilan yetakchilik qilmoqda. Sobiq vitse-prezident Jo Bayden esa Buttijich poygani tark etgandan so‘ng 50 delegatning ovoziga ega bo‘lib, ikkinchi o‘rinda bormoqda.
  • Bu safar 3 mart kuniga to‘g‘ri kelayotgan «superseshanba»da bir vaqtning o‘zida 14ta shtatda, jumladan, Kaliforniya va Texasda partiya delegatlari ovoz berishadi, shu kuni umumiy ovozlarning uchdan biri, 1357ta ovoz taqsimlanadi.
  • Noyabr oyidagi bo‘lib o‘tadigan hal qiluvchi saylovda demokratlar partiyasining nomzodi sifatida qatnashish uchun kamida 1991ta delegat ovoziga ega bo‘lish talab etiladi.

Mavzuga oid