O‘zbekiston | 11:50 / 04.03.2020
77200
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyatida ham ayol hokim paydo bo‘ldi

O‘zbekistonda yana bir ayol hokim paydo bo‘ldi. Andijon viloyatining Bo‘ston tumaniga (sobiq Bo‘z) ayol kishi rahbar etib tayinlandi.

Bugun, 4 mart kuni Andijon viloyati, Bo‘ston tumanida faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov va prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Qahramon Quronboyev ishtirok etdi.

Yig‘ilishda tuman hokimi Inomjon Solijonovich Mamadaliyev lavozimidan ozod etilgani ma'lum qilindi. U tumanga 2018 yil avgustidan buyon rahbarlik qilib kelayotgandi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, Sadbarxon Ne'matjonovna Mamitova tumanning yangi rahbari etib tayinlangan.

Sadbarxon Mamitova 1966 yilda Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida tug‘ilgan, 1982-1986 yillarda Namangan qishloq xo‘jaligi texnikumida o‘qigan, 1993 yil Toshkent davlat agrar universitetini (sirtqi) tamomlagan.

U turli yillarda Jalaquduq tumanida turli lavozimlarda mehnat qilgan, 2007-2008 yillarda tuman hokimi o‘rinbosari - tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi v.v.b bo‘lgan, 2019 yildan hozirgacha «Yuksalish» umummilliy harakati Andijon viloyati hududiy bo‘limi rahbari sifatida ishlab kelayotgandi. 2019 yil dekabridagi saylovlarda xalq deputatlari Andijon viloyati kengashiga deputat etib saylangan.

  • Eslatib o‘tamiz, bunga qadar O‘zbekistonda ikki tumanga ayol kishilar rahbar etib tayinlangan, 2020 yil 18 fevral kuni Sirdaryo viloyatining Boyovut tumaniga senator Dilfuza Uralova hokim bo‘lgan, 29 fevral kuni esa Buxoro viloyatining Olot tumani hokimi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Nargiza Ne'matova tuman hokimi v.v.b etib tayinlangandi.

Mavzuga oid