Iqtisodiyot | 15:16 / 05.03.2020
11664
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank boshqaruvining 2020 yil 5 martdagi qarori bilan asosiy stavka yillik 16 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi

Foto: Markaziy bank

Markaziy bank boshqaruvining 2020 yil 5 martdagi qarori bilan asosiy stavka yillik 16 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi.

MB xabariga ko‘ra, ushbu qaror tartibga solinadigan narxlarning kutilayotgan erkinlashtirilishi hamda koronavirus bilan bog‘liq bo‘lgan tashqi iqtisodiy noaniqliklarning kuchayishi bilan izohlanadi.

Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra inflatsiyaning eng yuqori darajasi joriy yilning ikkinchi choragida kuzatilishi mumkin. Ayni vaqtda, 2020 yilning ikkinchi yarmida tariflar o‘sishining inflatsiyaga ta'siri pasayib boradi va yil oxirida inflatsiya darajasi prognoz koridorining yuqori chegarasiga yaqinlashadi. 

O‘tgan yillardagi inflatsiya xususiyatining tahlili shuni ko‘rsatadiki, davlat tomonidan tartibga solinadigan tovarlar va xizmatlar narxlarining muntazam tizimli ravishda oshirib kelinishi inflatsiyaning asosiy omillaridan bo‘lgan. Ta'kidlash joizki, ushbu sohalarda narxlar shakllanishining bozor tamoyillarini joriy qilishni kechiktirish keyinchalik ham narxlarni har yil oshirib borishni talab qiladi. Bu, o‘z navbatida, qo‘shimcha inflyatsion bosimni yaratishda davom etadi va 2023 yilga kelib inflatsiya bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichga – targetga erishishni qiyinlashtiradi.

Narxlarning o‘zgartirishni bir bosqichda amalga oshirish orqali bozor tamoyillarini joriy etilishi inflatsiyaga ma'lum darajada qisqa muddatli ta'sir ko‘rsatishi mumkin, biroq bu, o‘z navbatida, ishlab chiqarish jarayonlarini rivojlantirish yo‘lidagi muammolarni bartaraf etishga, respublika hududlarida energiya resurslaridan foydalanish imkoniyatlarining kengayishiga hamda tovarlar va xizmatlar taklifi hajmining ko‘payishiga xizmat qiladi.

Mavzuga oid