O‘zbekiston | 18:39 / 17.03.2020
31186
2 daqiqa o‘qiladi

OTM o‘qituvchilarining yarmi ta'tilga chiqariladi

Koronavirus infeksiyasining tarqalib ketishini oldini olish bo‘yicha karantin tadbirlari doirasida oliy ta'lim muassasalarining 50 foiz o‘qituvchilari ta'tilga chiqariladi.

Foto: KUN.UZ

Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inom Majidovga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Vazirning aytishicha, hozirda OTMlardagi kafedralarga 50 foiz o‘qituvchilari ta'tilga chiqarib yuborish bo‘yicha tavsiya xatlari yuborilgan.

«O‘zbekistondagi karantin tadbirlarining qancha muddat davom etishini inobatga olib, o‘qituvchilarning keyingi qismi ham ta'tilga chiqarilishi mumkin. Bunda balki o‘qituvchilar yetishmovchiligining oldini olish maqsadida ularga 24 kundan ikki marta ta'til berilar», – dedi Majidov 17 mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Ma'lumot uchun, o‘qituvchilar oladigan ta'til 48 kunni tashkil qiladi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, yozgi dars jarayonlarida o‘qituvchilarni yetkazish nuqtayi nazaridan vazirlik tomonidan barcha prognozlarni ishlab chiqilmoqda.

«Nega hozir 50 foiz o‘qituvchini biz ta'tilga yuboryapmiz? Chunki uning kafedrada qiladigan ishi judayam ko‘p.

Birinchidan, o‘zi odatda aprel oyidan boshlab o‘qituvchi keyingi o‘quv yili uchun materiallarini tayyorlashi kerak. Shuning uchun aprel oylaridan oliy o‘quv yurti keyingi o‘quv yilini rejalashtirishni boshlaydi.

Bunda keyingi o‘quv yilida qaysi o‘qituvchining qaysi fanlardan dars berishini aniqlash boshlanadi. Bu aniq bo‘lgach, o‘qituvchi uning dasturini ishlab chiqishi kerak. Bundan tashqari, ishchi o‘quv dasturi, o‘zi dars beradigan fani bo‘yicha materiallarni to‘plashi kerak.

Oliy ta'limda bir xil materialni har yili berib bo‘lmaydi.

Mana hozirgina Sherzod aka aytganidek (Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov nazarda tutilmoqda – tahr.), ta'lim muassasalaridagi texnik xodimlar olib qolinadi. Ular muassasadagi hozirgi holatni saqlab turish uchun qoldiriladi», – dedi Inom Majidov.

Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid