Mahalla va oilalarga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 mart kuni mahalla va oila muammolarini o‘z vaqtida aniqlash hamda hal etish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, jinoyatchilikning oldini olish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha vazifalar muhokama qilindi.
«Vazir va uning o‘rinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari amaliy ishlar va natijadorlikka o‘tishi kerak. Buning uchun barcha resurs, vakolat va sharoit qilib berildi. Bundan keyin mas'ullardan mahallabay aniq natija so‘raladi», – dedi davlatimiz rahbari.
Har bir oila bilan manzilli ishlaydigan, ularni qo‘llab-quvvatlaydigan yangi tajriba yaratish zarurligi ta'kidlandi.
Prezident ajrimlar masalasiga alohida to‘xtalib, kichik maishiy sabablar jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarayotganini afsus bilan qayd etdi. Vazirlik rahbarlari, joylardagi mutasaddilar notinch oilalardagi ahvolni oldindan o‘rganib, muammoni bartaraf qilish bo‘yicha manzilli ishlashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mahallalar qoshida bo‘lg‘usi kelin-kuyovlarni oilaga tayyorlash bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etib, ularga psixologlar, obro‘li otaxon va onaxonlarni biriktirish, «Ibratli oila» tanlovini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Yurtimizda 22 mingga yaqin xotin-qiz og‘ir turmush sharoitida yashamoqda. Ular kam ta'minlangan, ishsiz, uy-joyga muhtoj va nogironligi bor ayollar bo‘lib, har birining muammosiga individual yondashuv talab etiladi.
Yig‘ilishda ayollarning turmush sharoitini yaxshilash, daromad topishi uchun sharoit yaratish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Kasb-hunari bor ishsiz xotin-qizlarga ko‘maklashish bo‘yicha Toshkent shahrining Chilonzor tumanida boshlangan tajribani boshqa hududlarda ham keng joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Xotin-qizlar o‘rtasida biznes loyiha bo‘yicha tanlov o‘tkazib, g‘oliblarga grantlar, kredit va joy ajratish, maqsadli jamg‘armalar hisobidan ko‘chma savdo punktlari tashkil etib, ularni ijaraga berish, yirik savdo markazlari va korxonalarda ehtiyojmand ayollar tayyorlagan mahsulotlarni sotish tizimini joriy qilish muhimligi ta'kidlandi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 1 million 335 mingdan ziyod ishsizlar, 125 mingdan ortiq boquvchisini yo‘qotgan oilalar mavjud. Shuningdek, 1 million 400 mingga yaqin yoshlar xorijga ishlash uchun ketgan. Bu insonlarning aksariyati kasbga ega emas.
Yashnobod tumanida boshlangan «Ishga marhamat» monomarkazi tajribasini Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan 30 ta kollejda hamda Toshkent shahrining har bir tumanida kamida bittadan tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. Talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarni egallagan kishi o‘z ishini topib ketadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalarning me'moriy qiyofasi va infratuzilmasini yaxshilash, bahorgi obodonlashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi.
Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish ishlaridan odamlar noroziligi ta'kidlanar ekan, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga bu tizimni takomillashtirish bo‘yicha qat'iy vazifa qo‘yildi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, inson salomatligini ta'minlashning 55 foizi sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishga bog‘liq. Shu bois, har bir qishloq va shahar poliklinikalariga, vrachlik punktlariga to‘g‘ri ovqatlanish, gigiyena va jismoniy tarbiya bo‘yicha mutaxassis shtatlari ajratiladi.
To‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, piyoda yurishning foydasini targ‘ib etish, ommaviy sportni rivojlantirish ishlarini “umummilliy harakat”ga aylantirish zarurligi ta'kidlandi.
Davlat rahbari mahallada ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish masalasiga ham e'tibor qaratdi. Madaniyat vazirligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markaziga mahallalarda kutubxona, madaniyat uylari, kinoxona, musiqa va san'at to‘garaklari tashkil etish, kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
«Qalbiga san'at va kitob nuri kirib borgan odamdan hech qachon yomonlik chiqmaydi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Videoselektor yig‘ilishida mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
O‘tgan yili jinoyatlar soni 2 ming 922taga kamaygan bir paytda 20 foiz mahallada jinoyatchilik soni oshgan.
Prezident odamlar tinch-totuv yashashi uchun har bir mahallaning «qulf-kaliti» bo‘lishi kerakligini ta'kidladi.
Kriminogen vaziyat og‘ir mahallalarda alohida chora-tadbirlar amalga oshirish, kerak bo‘lsa, mahalliy budjetdan qo‘shimcha mablag‘, kuch va vositalar jalb etish bo‘yicha topshiriq berildi.
Ta'kidlanganidek, endilikda mahalladagi vaziyatga profilaktika inspektori bilan birga Milliy gvardiya ham birdek javob beradi. Shu bois Milliy gvardiyaning huquqbuzarlarni aniqlash, ushlash, ularga chora ko‘rish vakolatlarini takomillashtirish zarur. Ushbu tuzilma xodimlari aholi gavjum joylarda mustaqil patrullikni olib borishi lozim. Mutasaddilarga bu borada tashkiliy-huquqiy choralarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlar hisobot berdi.
Mavzuga oid
11:22 / 02.05.2024
Prezident: Jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketyapti
21:36 / 01.05.2024
YeTTB O‘zbekistonda «yashil» shaharlarni rivojlantirish loyihalarida ishtirok etadi
09:04 / 30.04.2024
Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar milliy jamoasini tabrikladi
19:48 / 29.04.2024