O‘zbekiston | 13:42 / 20.03.2020
4898
5 daqiqa o‘qiladi

Fuqaroviy va xizmat quroli aylanmasi qanday litsenziyalanadi?

Fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini ishlab chiqarish, ta'mirlash va realizatsiya qilish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi

Foto: RIA Novosti

 2020 yil 30 yanvarda «Qurol to‘g‘risida»gi Qonun kuchga kirgan. Qurol tasnifi va uning mamlakatdagi oborotini huquqiy tartibga solish tartibi belgilangan.

 Norma’ning yozishicha, litsenziyalanadigan va litsenziyalanmaydigan faoliyat turlari ro‘yxati belgilandi:

Fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini ishlab chiqarish, ta'mirlash va realizatsiya qilish bo‘yicha faoliyat faqat O‘zbekiston hududida ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Lisenziyalarni va ularga doir huquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.

 Milliy gvardiya litsenziyalovchi organ hisoblanadi. Lisenziya talabgorining arizasiga binoan litsenziya litsenziyalanayotgan faoliyat turining butun faoliyat turiga yoki uning bir qismiga (qismlariga) berilishi mumkin. Lisenziyalar amal qilishi cheklanmagan muddatga beriladi. Umumiy litsenziya talablari va shartlari, shuningdek ushbu sohadagi ayrim faoliyat turlari uchun qo‘shimcha talab va shartlari belgilangan.

 Lisenziya olish uchun litsenziya talabgori litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

yuridik shaxs va amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan litsenziyalanadigan faoliyat turi to‘g‘risidagi ma'lumotlar ko‘rsatilgan ariza;

litsenziyalanadigan faoliyat turlari bo‘yicha zarur bo‘lgan barcha ishlarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan moddiy-texnik baza to‘g‘risida ma'lumotlar;

yuzaga kelgan yong‘inni, avariyani yoki o‘zga favqulodda vaziyatni bartaraf etish, uning oqibatlarini cheklash yoki kamaytirish bo‘yicha ma'muriyat va xodimlarning harakatlarini belgilovchi avariyaga oid ichki reja;

yuridik shaxsning rahbarlari va litsenziyalanadigan faoliyat turlari bilan bevosita bog‘liq ishlarga jalb etilayotgan xodimlarining ro‘yxati, unda ular to‘g‘risida to‘liq ma'lumotlar va ushbu faoliyat turi bo‘yicha ish staji ko‘rsatiladi;

yuridik shaxs shtatida ruhiy holati buzilganligi, narkomaniya, toksikomaniya, alkogolizm bo‘yicha dispanser hisobida turgan xodimlarning yo‘qligi to‘g‘risidagi tegishli tibbiyot muassasalari ma'lumotnomalari;

ariza ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im – 4 BHM to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat (litsenziya berish rad etilgan yoki talabgor tomonidan keyinchalik ariza ko‘rib chiqilishi rad etilgan taqdirda yig‘im qaytarilmaydi).

 Lisenziyalovchi organ qolgan barcha hujjatlarni boshqa vakolatli organlardan o‘zaro axborot hamkorligi yo‘li bilan, shu jumladan elektron tarzda mustaqil ravishda oladi.

 Hujjatlar bevosita, pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda taqdim etiladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar talabgorning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.

 Lisenziyalash jarayoni tasdiqlangan sxemada aks ettirilgan. Lisenziya berish uchun 10 BHM miqdorida davlat boji undiriladi (Davlat boji stavkalarining miqdorlari 23-bandi).

 "Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida"gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq quyidagi asoslar bo‘yicha litsenziya berish rad etilishi mumkin:

litsenziya talabgorining hujjatlarni lozim tarzda rasmiylashtirmay taqdim etishi;

litsenziya talabgori taqdim etgan hujjatlarda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma'lumotlarning mavjudligi;

litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlariga nomuvofiqligi.

 Boshqa asoslarga ko‘ra, shu jumladan litsenziya berish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan litsenziya berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Lisenziya talabgori litsenziyalovchi organning litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi qarori ustidan, shuningdek litsenziyalovchi organ mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilishga haqli.

 Lisenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish "Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida"gi Qonunning 22, 23 va 24-moddalariga muvofiq amalga oshiriladi.

 Lisenziyalovchi organ berilgan litsenziyalarning reyestrini yuritadi hamda litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat qiladi.

 Hujjat 11.03.2020 yildan kuchga kirdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid