O‘zbekiston | 17:17 / 24.03.2020
72286
2 daqiqa o‘qiladi

Yunusoboddagi tajriba bekor qilinishi kutilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Yunusobod tumanida joriy qilingan, limitdan ortiqcha ishlatilgan gaz va elektr energiyasi uchun qimmatroq tarifda to‘lanishi ko‘zda tutilgan tartibni bekor qilishga doir choralar boshlaganini ma'lum qildi.

«Ayrim OAV tarqatayotgan ma'lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahri Yunusobod tumani aholisiga elektr energiyasi haqini to‘lash bo‘yicha boshqa abonentlarga qaraganda teng bo‘lmagan sharoitlar yaratilgan.

Bu hol 2019 yil 1 yanvardan Yunusobod tumanida yoqilg‘i-energetika resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida joriy qilingan yangi eksperimental haq to‘lash tizimining joriy qilinganligi bilan izohlanmoqda.

Hozirgi paytda, karantin bilan bog‘liq vaziyatni, ya'ni aholining ko‘pchilik qismi o‘z vaqtini uy sharoitida o‘tkazishini hisobga olgan holda, Energetika vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga va Moliya vazirligiga ushbu tajriba bekor qilinishini so‘rab, murojaatnoma yuborildi. 

Shu munosabat bilan Yunusobod tumani aholisi uchun bazaviy me'yorni bekor qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilimoqda», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi matbuot xizmati axborotida.

Eslatib o‘tamiz, 22 mart kuni Kun.uz saytida «Yakuniga yetkazilmagan islohot yuki yunusobodliklarning cho‘ntagiga tushmoqda» sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Unda butun respublika aholisi elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun bir xil tarifda pul to‘layotgan bir paytda, Yunusobod tumani aholisi limitdan ortiqcha ishlatgan energiya resurslari uchun 20 foiz qimmat narxlarda to‘lov qilayotgani haqida so‘z yuritilgandi.

Kun.uz sayti Adliya vazirligi va Moliya vazirligidan tegishli javob kutib qoladi.

Mavzuga oid