Jahon | 21:45 / 28.03.2020
61559
7 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus dunyo qalbida mehr uyg‘otdi

Keyingi paytlarda dunyo va yurtimizning turli nuqtalaridan kelayotgan yoqimsiz xabarlarni eshitaverib, yurak ham oldirib qo‘ydik. Butun koinotni taqimi ostiga bosishga chog‘lanib turgan hazrati inson ko‘zga ko‘rinmas bir virus qarshisida ojiz kelishini kim ham o‘ylabdi, deysiz?

Foto: Reuters

Xalqimiz sabrli, hamma narsadan xayr axtaradigan xalq. Shuning uchun ham «Oxiri baxayr bo‘lsin», degan gapni bot-bot takrorlaymiz. Har qanday vaziyatda ham, tushkunlikka tushmaslik, ishonchning etagidan mahkam tutib, virusga qarshi birgalikda kurashishimiz kerak.

Zotan, sevimli adiblarimizdan biri aytganidek, ishonch yo‘qolsa, orzu qoladi. Orzu yo‘qolsa, umid qoladi. Umid yo‘qolsa, ilinj qoladi. Ilinj yo‘qolsa... Hech nima qolmaydi...

Unday kundan esa Xudoning o‘zi asrasin!

Keling, endi koronavirus epidemiyasidan ham bir xayr axtarib ko‘raylik. Ishoning, dunyo miqyosida epidemiyaning yaxshi alomatlari ham sekin-asta ko‘zga tashlana boshladi:  

1. Havo ifloslanishi kamaydi

Dunyo mamlakatlari jon taloshida virusga qarshi kurashayotgan ayni bir paytda atmosferaning ifloslanish darajasi sezilarli darajada pasaygan. Xitoyda ham, Italiyaning shimolida ham sanoat nofaolligi va avtoulovlar qatnovining uzilishi natijasida havoni ifloslantiruvchi modda – azot dioksidi keskin kamaygani aytilmoqda.

Nyu-York tadqiqotchilarining ma'lum qilishicha, asosan avtomobillardan chiquvchi uglerod oksidi o‘tgan yilga nisbatan qariyb 50 foizga, avtomobillar qatnovi esa 35 foizga ozaygan.

NASA

Ko‘plab aviakompaniyalar parvozlarni bekor qilgan, sayohatlar keyinga surilgan, odamlar masofadan turib ishlayotgan bu damlarda havodagi zararli gaz miqdori tobora kamayib bormoqda.

Butun dunyo liderlari bir yerga jam bo‘lib hal qila olmagan global iqlim o‘zgarishlari yangi va yaxshi evrilishlar tomon yuz burmoqda. Nafsilamrini aytganda, uzoq yillar mobaynida inson omilidan aziyat chekib, zada bo‘lgan ona tabiat va nihoyat o‘zini o‘zi qayta tiklamoqda.

2. Kanal, dengiz, okean suvlari tozalanib bormoqda

Masalan, Venetsiya aholisi shahar bo‘ylab o‘tgan mashhur kanallarning suvi keyingi paytlarda asta-sekin tozalanib borayotganini payqashdi. Italiya shimolidagi mashhur sayyohlik yo‘nalishidagi loyqalanib turuvchi suv oqimi so‘nggi kunlarda shu qadar ravshanlashganki, hatto endi suv ostidagi baliqlarni ham yaqqol ko‘rishingiz mumkin...

3. Mehr-muruvvat kuchaydi

Tan olish kerak, virus butun dunyoda mehr-muruvvat hissining yangi to‘lqinini uyg‘otdi, jumladan, yurtimizda ham. Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda nochor insonlarga yordam berishni ko‘zda tutuvchi turli aksiyalar soni ortib borayotgani va bunda saxovatpesha tadbirkorlarimiz, fidoyi shifokorlarimiz, turli davlat tashkiloti xodimlari va jurnalist-blogerlar qatori o‘zini shu yurtning bir parchasiman, deb bilgan barcha katta-kichik yoshdagi yurtdoshlarimiz faollik ko‘rsatayotgani quvonarli hol, albatta.

Qarang, bashariyat ham o‘zini o‘zi isloh qilishga urinmoqda. Ezgulikka, saxovatga, xayr-ehson qilishga shoshmoqda. Bir-biriga yorug‘lik ulashmoqda.

Ish va hayotiy tashvishlarga ko‘milib, hatto chap ko‘ksida yurak degan narsa borligini unutib qo‘ygan ayrim odamlar ham hayot va uning mohiyati haqida chuqur o‘yga tolib qolgani bor gap.

Inchunun, Nyu-Yorkda shaharning keksa va himoyaga muhtoj odamlariga oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib berish uchun atigi 72 soat ichida 1300 ko‘ngilli to‘plandi.

Buyuk Britaniyada virusga qarshi yuz minglab odamlar Facebook’dagi mahalliy guruhlarda birlashdi.

Avstraliyadagi supermarketlarda maxsus «keksalar soati» joriy etildi. Do‘kon va marketlarda keksa va nogironlarga bemalol xarid qilish imkoni yaratildi. Tashqariga chiqishga qodir bo‘lmagan insonlarning ehtiyoji ko‘ngilli yoshlar tomonidan bajo keltirilishi kundalik an'anaga aylandi. 

4. Barcha birlashdi

Italiyaliklar qo‘shiq kuylash fleshmobida ishtirok etishmoqda
Foto: Zuma/TASS

Maishiy tashvishlar va dum-quyrug‘i ko‘rinmas dunyo ishlari sabab uzilib qolgan insoniy rishtalar yangidan bog‘landi. Nafaqat oilalar, balki dunyodagi ko‘plab jamoalar ham bir-biriga yaqinlashdi.

Hatto mamlakat bo‘ylab qat'iy karantin choralari joriy etilgan Italiyada odamlar o‘z uylari balkonlariga chiqib, bir-birlarining kayfiyatlarini ko‘taruvchi qo‘shiqlar ijro etib, musiqa sadolari ostida qalban birlashishdi.

Ispaniyaning janubida fitnes bo‘yicha bir murabbiy balkonda turgan holda ko‘p qavatli uylarda yashovchi qo‘shnilariga mashg‘ulotlar olib bora boshladi.

Ko‘plab Yevropa mamlakatlari qatori Turkiyada ham o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, insonlarga yordam berayotgan shifokorlarni har kun kech soat 9:00da qarsak, hushtak, ovozlar jo‘rligida baralla olqishlash an'ana tusiga kirdi.

5. Kul ostdagi iste'dod cho‘g‘lari olovlandi

Hozir millionlab odamlar vaqtlarini uyda o‘tkazayotganliklari sababli ko‘pchilik bu imkoniyatdan unumli foydalanmoqda. Kul ostida so‘nay deb qolgan iste'dodlar qaytadan olovlanmoqda. 

Ko‘plab ijtimoiy media foydalanuvchilari mutolaa, oshxona sirlari (italiyalik oshpaz Massimo Bottura Instagramda «oshxona karantini» deb nomlangan seriyasini ishga tushirdi), to‘qish va rasm chizish kabi bir qator sevimli mashg‘ulotlarining tafsilotlarini omma bilan baham ko‘rishmoqda.

Qo‘shiqchilar onlayn konsertlar berishmoqda.

O‘qituvchilar talabalarini masofadan turib o‘qitishmoqda, yoshlarni uyda ijodiy ish bilan shug‘ullanishga ilhomlantirishmoqda.   

Ko‘pgina jamoat joylari yopiq bo‘lsa-da, san'at ixlosmandlari Parijdagi Luvr hamda Vatikan muzeyidagi mashhur san'at asarlarini tomosha qilish uchun virtual sayohatlar uyushtirishmoqda.

Avstraliyaning Sidney rasadxonasi odamlar uchun uydan turib tungi osmonni tomosha qilishni taklif qilmoqda.

Kembrij universiteti esa 18 mingta kitob va ilmiy maqolalardan iborat bo‘lgan kutubxona arxivini bepul ochib yubordi.

Albatta, bu kabi misollarni juda ko‘p keltirishimiz mumkin.

… Darvoqe, olim va mutaxassislar koronavusdan so‘ng dunyo yangi davrga qadam qo‘yishi haqida fikr bildirishmoqda. Nima bo‘lgan taqdirda ham, jismoniy va ruhiy sog‘lik, insonlar qalbidagi mehr-oqibat poydor bo‘lib qolsa bas. Qolgan hamma narsaga vaqt va mehnat bilan erishsa bo‘ladi.

So‘zimiz adog‘ida nima deymiz? Albatta, «Oxiri baxayr bo‘lsin», deymiz!

Otabek Tillayev

Mavzuga oid