Jahon | 08:06 / 01.04.2020
28327
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp amerikaliklarni “juda og‘ir” ikki hafta kutayotganidan ogohlantirdi

AQSh aholisini koronavirus pandemiyasi sababli “juda og‘ir ikki hafta” kutmoqda. Bundan Oq uydagi brifingda AQSh prezidenti Donald Tramp ogohlantirdi.

Foto: Tom Brenner / Reuters

“Men har bir amerikalik bizni kutayotgan og‘ir kunlarga tayyor turishini istayman. Biz bu ikki og‘ir haftadan o‘tib olamiz”, deb aytgan Tramp. Keyinroq u bu davr 3 haftagacha cho‘zilishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

Tramp, shuningdek, koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni AQSh bungacha uchragan barcha sinovlardan eng og‘iri deb atagan. Biroq u amerikaliklar yaqin orada “tunnel oxirida nur ko‘rishlariga” umid bildirgan. 

Amerikalik mutaxassislarning baholashicha, AQShda koronavirusdan 100 mingdan 240 minggacha odam vafot etishi mumkin. Bu ma'lumotlar brifingda keltirib o‘tilgan. CNN telekanalining ta'kidlashicha, hukumat ilk bor AQShda koronavirusdan o‘limlar soni bo‘yicha rasmiy prognozlarni berdi.

Shu bilan birga mutaxassislar AQSh aholisi hukumatning ijtimoiy aloqalarni chegaralash bo‘yicha tavsiyalariga rioya qilmasa, bu raqamlar ortishi mumkinligidan ogohlantirishgan. “Mo‘jizaviy vaksina yo‘q. Bunda faqatgina odamlarning o‘zini qanday tutishi yordam beradi”, deb aytgan mutaxassislardan biri Debora Birks.

Bu orada AQShning allergiyalar va yuqumli kasalliklar milliy instituti direktori Entoni Fauchi yaqin kunlarda AQShda koronavirusdan o‘lim holatlari ortib borishidan ogohlantirgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, AQShda koronavirusga chalinganlar soni 188 mingdan ko‘proqni, vafot etganlar soni 3889 nafarni tashkil qilmoqda.   

29 mart kuni AQSh prezidenti koronavirusga qarshi kurash doirasida kiritilgan chora-tadbirlarni 30 aprelgacha uzaytirdi. Hukumat fuqarolarga uydan ishlashga o‘tishni, yashash joyini zaruratsiz tark etmaslikni, taomlarni uyga buyurtirishni va ijtimoiy aloqalarni minimallashtirish yoki umuman istisno qilishni tavsiya qilgan.

Mavzuga oid