O‘zbekiston | 18:59 / 10.04.2020
21430
2 daqiqa o‘qiladi

OTM professor-o‘qituvchilari uchun masofaviy kurslar yo‘lga qo‘yildi

Oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari uchun “Masofaviy ta'limni tashkil etish texnologiyalari” va “Ingliz tilini o‘rganish” masofaviy kurslari yo‘lga qo‘yildi

Foto: Getty Images

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari uchun “Masofaviy ta'limni tashkil etish texnologiyalari”, “Ingliz tili (beginner)”, “Ingliz tili (intermediate)” yo‘nalishlari bo‘yicha masofaviy kurslarda o‘qish imkoniyati yaratildi.

Mazkur masofaviy kurslarning maqsadi professor-o‘qituvchilarning Masofaviy ta'limni tashkil etish va boshqarish mahoratlarini shakllantirish va rivojlantirish, shuningdek ularning ingliz tilini o‘zlashtirishlari uchun qulay imkoniyatlar yaratishdan iborat.

Masofaviy kurslarda o‘qish uchun professor-o‘qituvchilar o‘zlarining elektron portfolio tizimidagi login va parollari orqali http://mk.bimm.uz/ portaliga kirib, avtorizatsiyadan o‘tadilar.

Masofaviy kurslar portalining bosh sahafasida kurslar ro‘yxati berilgan bo‘lib, tegishli murojaat orqali professor-o‘qituvchilar o‘zlariga kerakli kurslarga o‘tishlari mumkin.  

Har bir kursning tarkibida ma'ruzalar matni, video materiallar, mavzular yuzasidan topshiriqlar, testlar, foydali manbalar hamda adabiyotlar manzillari keltirilgan.

Professor-o‘qituvchilar ushbu kurslarda o‘qishlari asosida masofaviy ta'limni tashkil etish bo‘yicha pedagogik dasturiy vositalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron o‘quv kontentlarini yaratish ko‘nikmalariga ega bo‘ladilar. Shuningdek, ingliz tili bo‘yicha boshlang‘ich yoki davom ettiruvchilar uchun alohida kurslarda o‘zlarining til ko‘nikmalarini rivojlantiradilar.

Mazkur kurslarda o‘qish natijalari professor-o‘qituvchilarning uzluksiz malaka oshirish tizimining tarkibiy qismi sifatida navbatdagi qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari yakunida inobatga olinishi rejalashtirilgan. 

Mavzuga oid