Jahon | 10:31 / 11.04.2020
18753
3 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus tufayli dunyoda ochlik darajasi ikki baravarga ortishi mumkin

Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqiroz sabab dunyoda ochlik darajasi ikki baravarga ortishi mumkin. Bu haqda Bloomberg olib borgan surishtiruv xulosasida aytilgan.

Foto: Getty Images

Bu borada surishtiruv olib borgan olimlar va yirik oziq-ovqat kompaniyalarining xulosasiga ko‘ra, surunkali ochlikdan qiynalayotganlar soni 800 milliongacha yetishi mumkin. Ahvol Afrikada, ayniqsa Sahroyi Kabir hududida qiyin bo‘lishi kutilmoqda.

Nestle, Unilever, Danone va Pepsi kabi yirik oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar dunyo yetakchilariga murojaat qilib, bugungi kunda savdo oqimining ochiq va o‘zgarmas bo‘lishi muhimligini bildirishgan. Murojaatda dunyo yetakchilari global inqirozning oldini olish maqsadida ochiq savdo munosabatlarini qo‘llab-quvvatlashga, kerakli mahsulotlar aylanmasini ta'minlashda yordam berishga chorlangan.

Murojaatda aytilishicha, yirik oziq-ovqat eksportchilari jahon bozorlariga o‘zgarishsiz mahsulot yetkazib berishlarini e'lon qilishlari kerak. Inqirozga qarshi choralar doirasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, oziq-ovqat ishlab chiqarishda muhim soha hisoblangan fermerlikni, qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilayotgan ishchilar va dehqonlarga yordam berish muhimligi qo‘shimcha qilingan.

Oziq-ovqat yetarli bo‘lgan holatda ham transport va mehnat munosabatlaridagi o‘zgarishlar muhim mahsulotlar narxi qimmatlashiga olib keldi. Masalan, butun dunyoda un va guruch narxi ko‘tarilgan. Bundan tashqari, ish o‘rinlarining yo‘qolishi oqibatida ko‘pchilik daoimiy daromadini yo‘qotdi. Narxlar ko‘tarilgani esa mamlakatlarni avvalo ichki bozorni ta'minlash maqsadida ba'zi oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilmaslikka undamoqda. Tabiiyki, bu jahon bozoridagi balansga ta'sir qiladi.

O‘z navbatida BMT mamlakatlar «qo‘shnini kambag‘allashtirish» effektidan qochish uchun birgalikda harakat qilishga undagan. «Qo‘shnini kambag‘allashtirish» iqtisodiy effekti shunday iboratki, unda bir mamlakatning iqtisodni ko‘tarish uchun sarflagan puli qo‘shni mamlakatlarga salbiy ta'sir qilishi mumkin. Bu holat ayniqsa inqiroz vaqtida bilinadi. Masalan, 2008 yildagi jahon moliyaviy inqirozi vaqtida bu holat kuzatilgan.

Aytaylik, bir davlat inqirozning oldini olish maqsadida bir sohaga imtiyoz beradi. O‘sha soha ishlab chiqarayotgan mahsulot narxi qimmatashib ketmagach, unga qo‘shni mamlakatdan ham taklif bo‘ladi. Axir hamma mamlakatning ham katta aksilinqiroz paketlar uchun puli yo‘q. Oqibatda imtiyoz berilgan davlatdan mahsulot arzon narxda qo‘shni, ya'ni o‘sha mahsulot qimmatlagan davlatga kirib boradi va imtiyoz berilmagan mamlakatning o‘sha sohasini sindiradi.

Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, inqiroz shundog‘am og‘ir gumanitar holatda bo‘lgan Afrikada og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin. Qit'ada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 7 foizga, bunday mahsulotlar importi esa talabning pasaygani sabab (ya'ni iste'molchilar yomon iqtisodiy holatda qolgani bois) 13 foizga kamayishi mumkin.

Mavzuga oid