O‘zbekiston | 19:28 / 15.04.2020
43258
3 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga qarshi kurashayotgan xodimga har kunlik ustama to‘lanadi

Tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilinadigan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar joriy qilindi. Bu haqda prezident imzolagan tegishli farmonda bayon qilingan.

Moliya vazirligi axborotiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020 yil 26 martdagi PQ-4652-son qarori bilan koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan obektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilandi:

  • vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga — 25 mln so‘m;
  • o‘rta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga — 15 mln so‘m;
  • kichik tibbiyot xodimlariga — 10 mln so‘m;
  • boshqa xodimlarga — 5 mln so‘m.

Ta'kidlanishicha, ushbu farmon va qaror ijrosini ta'minlash maqsadida, koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari uchun, shu jumladan tibbiyot xodimlariga qo‘shimcha to‘lovlari uchun 2020 yilning 23 mart kuni Moliya vazirligi qoshidagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining har biriga dastlabki ravishda 5 mlrd so‘mdan, jami 70 mlrd so‘m ajratildi.

Bundan tashqari, 2020 yilning 27 mart kuni Toshkent viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markaziga, uning talabnomasiga asosan, qo‘shimcha ravishda 8,5 mlrd so‘m hamda 7 aprel kuni Andijon, Namangan, Farg‘ona va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari talabnomalariga asosan har biriga qo‘shimcha 5 mlrd so‘mdan ajratildi.

Joriy yilning 14 apreliga qadar hududiy Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari tomonidan respublika bo‘yicha:

2 263 ta xodimga, shu jumladan 396 ta vrachga, 801 ta o‘rta tibbiyot, 615 ta kichik tibbiyot va 451 ta boshqa xodimlarga jami 2 981 mln so‘m 6 foizli har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanishi;

424 ta xodimga, shu jumladan 92 ta vrachga, 164 ta o‘rta tibbiyot, 128 ta kichik tibbiyot va 40 ta boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun 7 877,4 mln so‘m (har bir xodimga 5 mln so‘mdan 25 mln so‘mgacha) maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi to‘lanishi ta'minlandi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yilning 15 aprel holatiga hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining g‘azna hisobvaraqlarida yuridik majburiyatlar bilan band qilinmagan 38 mlrd so‘m zaxira mablag‘lari mavjud.

Алишер Рўзиохунов
Tayyorlagan Алишер Рўзиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid