O‘zbekiston | 10:37 / 16.04.2020
14614
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish o‘tkaziladi

O‘zbekistonda 2023 yilda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tashkil etiladi va o‘tkaziladi

Foto: Flickr

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, respublikada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini asosiy ishlab chiqaruvchilari hisoblangan dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklari faoliyati natijalari bo‘yicha statistik hisob-kitoblarni tashkil etishda qator kamchiliklar mavjud. Xususan, hududlardagi qator mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklari faoliyatini aniq hisobga olishning tizimli tashkil etilmaganligi, o‘z navbatida ma'lumotlarning haqqoniyligi, to‘liqligi va sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ustuvor yo‘nalishlaridan biri – tarmoq statistikasining shaffof tizimini ishlab chiqish hisoblanadi.

Bildirilishicha, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijalarining xalqaro talablarga javob beradigan hisob-kitoblari tizimini tashkil etish, statistik kuzatuvlarni o‘tkazish usullarini yanada kengaytirish va takomillashtirish yuzasidan aniq kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.

Xalqaro amaliyotda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tavsiyalari asosida dunyoning ko‘plab davlatlari tomonidan har 5-10 yilda bir marotaba qishloq xo‘jaligini yalpi ro‘yxatga olish amaliyoti joriy etilgan.

Mazkur tadbir, respublika miqyosida qishloq xo‘jaligi sohasini to‘liq qamrab olgan holda ma'lumotlar bazasini yaratish, statistik hisob-kitoblarni yanada takomillashtirish, ma'lumotlarni xalqaro taqqoslash hamda mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasi ma'lumotlarini xalqaro reytinglarda to‘liq aks ettirish imkonini beradi.

Ta'kidlanishicha, mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkazilmagan. Qishloq xo‘jaligi yer maydonlari, asosiy turdagi dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlari tarkibiga keskin ta'sir ko‘rsatgan o‘zgarishlar, respublika qishloq xo‘jaligi ko‘rsatkichlarining joriy hisobi bo‘yicha mavjud ma'lumotlarni qo‘llashni sezilarli darajada cheklamoqda.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.

Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni o‘tkazish Konsepsiyasi;

O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga doir kompleks chora-tadbirlar rejasi;

O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha hududiy komissiyalar tashkil etiladi, ularning namunaviy tarkibi tasdiqlanadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

a) O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish, tashkil etish va o‘tkazish, uning natijalarini shakllantirish, chop etish, e'lon qilish bilan bog‘liq tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlash;

qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga vakolatli organ hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirish;

qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini nazorat qilish;

qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni moliyalashtirish, birlamchi ma'lumotlarni qayta ishlashni tashkil etish va yakuniy natijalarni e'lon qilish masalalari bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish;

qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni o‘tkazishda ishtirok etish uchun jismoniy va yuridik shaxslarni, ularning mehnatiga haq to‘lash masalalarini hal qilgan holda jalb etishni tashkil etish;

tashkilotlarni, ularning mulkchilik shaklidan qat'iy nazar, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarga, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirish va hamkorlik samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga jalb qilish masalalarini ko‘rib chiqish.

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha hududiy komissiyalarning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

hududlarda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ishlarni aniq chora-tadbirlar va mas'ul ijrochilarni ko‘rsatgan holda tashkil etish;

hududlarda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan, shuningdek, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha vakolatli organ hududiy bo‘linmalarini va bu jarayonlarga jalb qilingan boshqa tashkilotlarni moddiy-texnik ta'minlanganligini mustahkamlash masalalari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

hududlarda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha kompleks ishlar bajarilishini nazorat qilish;

hududlarda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etish hamda ishtirok etganlarni rag‘batlantirish.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 martga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining “Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi:

qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni o‘tkazishning maqsadlari, vazifalari, tartibi, davri va muddatlari;

ilg‘or xorijiy amaliyotda qabul qilingan zamonaviy texnologiya va uslubiyotlar asosida qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish;

qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazishda, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ishtiroki, ularning vazifalari, funksiyalari hamda javobgarligini ko‘rsatish;

qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazishda, jismoniy hamda yuridik shaxslarning ishtiroki, ular mehnatiga haq to‘lashning aniq mexanizmlari va manbalarini belgilash;

qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish yakunlarini amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy-amaliy, huquqiy, iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid