O‘zbekiston | 22:20 / 17.04.2020
129311
12 daqiqa o‘qiladi

Karantin vaqtida mahalliy un tanqisligi kuzatilmoqda. Bunga sabab nima?

Un – karantin joriy etilgach talab eng ko‘p oshgan mahsulotlardan biri bo‘ldi.

O‘zbekistonda koronavirus aniqlanmasidan oldin vodiy viloyatlarida 50 kilogrammli bir qop Qozog‘iston uni 160-180 ming so‘mdan sotilgan bo‘lsa, hozirda qimmatlashib, 210-220 ming so‘mga ko‘tarilgan.

Mahalliy unlar savdoda deyarli yo‘q. Mabodo, do‘konlarga kelib qolsa ham, mart oyning avvalida 135-140 mingdan sotilgan 50 kiloli Andijon yoki Quva uni hozirda 165-170 ming so‘mdan sotilmoqda.

Andijon viloyatida ayni paytda uchta«Qo‘rg‘ontepadonmahsulotlari», «Asakadonmahsulotlari» va «Andijondonmahsulotlari» korxonalari ishlab turibdi. Uch korxona bir kunda 500 tonna miqdorida un ishlab chiqaradi.

Xo‘sh, bir viloyatda un mahsulotlari ishlab chiqaruvchi uchta korxona ishlab turgan bo‘lsa-yu, nega sotuvda mahalliy un yo‘q? Kuniga ishlab chiqarilayotgan 500 tonna un qayerga ketmoqda? Shu savollarga javob izlashga urinib ko‘rdik.

Avvalo ta'kidlash joiz, mahalliy unni topish muammo bo‘lsa-da, do‘konlarda qimmat qozoq uni bor.

Tuman markazi yoki qishloqdagi qaysidir do‘konga mahalliy un kelsa, navbatlar paydo bo‘lib, har bir xaridorga ma'lum cheklov asosida berilyapti.

Andijon shahridagi Markaziy dehqon bozorida bo‘lganimizda, aholiga mahalliy unning bir kilogrammini 2800 so‘mdan, unda ham har bir kishiga faqat besh kilodan sotilayotganiga guvoh bo‘ldik.

Arzon mahalliy un savdoda yo‘qligi yuzasidan tahririyatimizga ko‘plab murojaatlar tushmoqda. Ulardan ayrimlariga diqqat qaratsak.

Dilmurodjon Parpiyev, Paxtaobod tumani:

– Paxtaobod tumanidagi do‘konlarda 17 martdan beri mahalliy unlar umuman yo‘q. «MFY orqali olasizlar» deyishgandi, lekin mahalladagi do‘konga un kelsa, navbat uzun bo‘lib, qatorni boshidagi do‘kon atrofidagi oilalar olyapti xolos. Qozoq unlarining narxi kundan-kunga qimmatlashyapti. Yaqinda 180-185 ming so‘mdan sotilayotgan unlar 200 ming so‘mdan oshdi. Nega mahalliy Andijon, Asakada ishlab chiqarilgan unlar yo‘q?

Muhammadortiqali Abdurahmonov, Buloqboshi tumani:

– Neftprom qishlog‘ida mahalliy un yo‘q. Kulla QFYdagi do‘konda goh-gohida 140 mingdan sotilayotgan edi. Hozir kelmay qoldi. Qimmat qozoq unlari bor. «MFYlarga navbat bilan 155 ming so‘mdan mahalliy un tarqatiladi», deyishdi. Ammo tarqatilganini ko‘rmadik. Vaziyat jiddiy.

Chust va Shahrixon tumanlaridan ham shunday mazmundagi murojaatlar kelib tushdi.

Ma'lumki, shu kungacha bug‘doyni qayta ishlash korxonalarida ishlab chiqarilgan un mahsulotlari birja orqali savdoga chiqarilayotgan edi. Endi esa, unni savdoga chiqarish tartibi o‘zgargan.

Iste'molchilarga un va un mahsulotlari yetkazib berishda vaqtinchalik tartib o‘rnatildi

Bosh vazir Abdulla Aripov imzolagan, 15 aprel kuni Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan majlis bayoniga ko‘ra, pandemiya paytida yuzaga kelgan vaziyat inobatga olinib, barcha iste'molchilarga un va un mahsulotlari alohida topshiriq bo‘lganga qadar, birja savdolarisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida tizimli yetkazib berilishi  bo‘yicha vaqtinchalik tartib o‘rnatildi.  

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, «O’zdonmahsulot» AK va hokimliklarga aholi sonini hisobga olgan holda, hududlar kesimida to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib beriladigan un hajmini aniqlash va joylarga yetkazish vazifasi topshirilgan.

Unga ko‘ra, un xarid qiluvchilar hokimliklar taqdim etgan ro‘yxat asosida «O’zdonmahsulot» AK tizimidagi don korxonalariga biriktiriladi.

Un korxonalarida. Oyma-oy ishlab chiqariladigan un miqdori uchun limit belgilangan

Biz un mahsulotlari ishlab chiqaruvchi «Qo‘rg‘ontepadonmahsulotlari», «Asaka don mahsulotlari» va «Andijondonmahsulotlari» aksionerlik jamiyatlarida bo‘lib, korxonalarning qancha mahsulot ishlab chiqarayotgani, hozirgi vaziyatda ishlab chiqarish hajmini oshirish imkoniyatlari qay darajada ekani bilan qiziqdik.

Ma'lum bo‘lishicha, Qo‘rg‘ontepa tumanida faoliyat yurituvchi «Qo‘rg‘ontepadonmahsulotlari» AJ bir kunda 450 tonna un ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona hozir kuniga 136 tonna mahsulotni sotuvga chiqarmoqda.

Karantin davridan oldin korxonada oyiga 3500 tonna un mahsuloti ishlab chiqarilayotgan edi. So‘nggi oy davomida esa sotuvga 4100 tonna mahsulot chiqarilyapti.

Zavodda bug‘doyni qayta ishlovchi ikkita liniya bor. Ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish zaruriyati tug‘ilganida korxona ikkinchi liniyani ham ishga tushirish imkoniyatiga ega. Karantin boshlanib, mahsulotlarga talab oshishi bilan bir oy uchun ishlab chiqarish oyiga 550 tonnaga oshirilgan.

Jamiyat rahbari Shodilbek Mamajalilov bilan suhbatda bo‘ldik.

– Hozir mahalliy un mahsulotiga talab katta. Zavod esa to‘la ishlab chiqarish quvvati bilan ishlamayotgan ekan. Kuniga 450 tonna o‘rniga 136 tonna un ishlab chiqaryapti. Buning sababi nimada?

– O‘rinli savol. Biroq Iqtisodiyot vazirligi va «O’zdonmahsulot» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarishga beriladigan bug‘doy miqdori yil davomida bir xil me'yorda yetishi uchun oyma-oy taqsimlab chiqilgan. Biz mana shu taqsimot (limit) asosida un ishlab chiqaramiz va shu jadvalga amal qilamiz. Aytganingizday, bor kuch bilan ishlab chiqarish hajmini oshirish imkoniyatimiz bor.

Kuni kecha o‘tkazilgan yig‘ilishda ishlab chiqarayotgan un mahsulotimizni birja orqali emas, hokimliklar tomonidan tuzilgan tadbirkorlar ro‘yxatiga shartnoma asosida sotish va aholiga yetib borishi, o‘z narxida sotilishi nazorat qilinishi aytildi.

Vazirligimiz va kompaniya tomonidan aprel oyining ikkinchi yarmi va may oyiga qo‘shimcha limit berilishi rejalashtirilmoqda.

«Asaka don mahsulotlari» AJda

«Asakadonmahsulotlari» AJning bitta liniyasi bir kunda 250 tonna bug‘doyni qayta ishlash quvvatiga ega. Korxona aprel oyida 4500 tonna un chiqarishni rejalashtirgan.

«Bitta liniyada 2 smena asosida kuniga o‘rtacha 150 tonna tayyor un mahsulotlari ishlab chiqaryapmiz. Oyning oxiriga yana qo‘shimcha 250 tonna rejaga qo‘shilishi ko‘zda tutilgan. Bu qo‘shimcha rejani ham bajaramiz, – deydi jamiyat raisi Baxtiyorjon Gapirov. – Reja miqdori ko‘paytirilsa, albatta oshig‘i bilan ishlab chiqara olamiz. Sababi, o‘tgan oyda 560 tonna qo‘shilgan edi. O‘sha oy oxiriga 5060 tonna miqdorida bajardik.

Agarda to‘la quvvatda ishlab chiqarilsa, 2ta liniyada oyiga 10 ming tonna un mahsulotlari ishlab chiqarishimiz mumkin. Lekin Andijondagi 3ta un zavodlarida 1ta liniyadagi ishlab chiqarilgan un mahsulotlari viloyatdagi aholini un mahsulotlariga bo‘lgan talabini bemalol qondiradi.

Ayni paytda «Asakadanmahsulotlari» AJ omborida 50 ming tonna don mavjud. Har oyda 6 ming tonnadan don mahsulotlarini qayta ishlasak, 8 oyga yetarli don zaxira bor. Ertadan jamiyatimiz un mahsulotlarini 25 kilogrammli qop qadoqlashni boshlaydi.

Ayni paytda un mahsulotlariga bo‘lgan talab ortdi. Xalqimiz koronavirus pandemiyasi tufayli ozgina vahimaga tushib qolgan. Ko‘rib turibmizki, xaridorlar iste'moldan ortiqcha qoplab un sotib olishmoqda».

«Andijondonmahsulotlari» AJda

Mazkur korxonaning yuqoridagilardan farqi bu zavodda faqat bitta liniya bor. Korxona ayni paytda bor kuchi bilan ishlamoqda.

«Ayni paytda aksionerlik jamiyatimiz to‘la quvvat bilan ikki smenada ish olib bormoqda. Jamiyatimizga reja yuqori vazirlik tomonidan belgilanadi. Rejadagi 250 tonna donni qayta ishlash natijada bir kunda 190 tonnaga yaqin un mahsulotlari ishlab chiqaryapmiz.

Hozirgi karantin pandemiyasi paytida mahalliy unga bo‘lgan talab ortdi. Ayni paytda jamiyatimiz karantindan oldin ya'ni fevral oyidagi belgilab berilgan rejadagi (limit)dan ortig‘i bilan mahsulot ishlab chiqarmoqda», – deydi «Andijondonmahsulot» AJ raisining iqtisodiyot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bahromjon Yusupov.

Xulosa

Ana endi maqolamiz avvalida berilgan savollarga qaytsak:

Bitta viloyatda un ishlab chiqaruvchi uchta korxona ishlab tursa-yu, nega sotuvda mahalliy un yo‘q? Kuniga ishlab chiqarilayotgan 500 tonna un qayoqqa ketayotgan edi?

Un ishlab chiqaruvchilar bu savolga javobni un sotuvchilardan olishimizni aytishdi. Biz Andijondagi tovar xom-ashyo birjasida bo‘lganimizda haqiqatan ham 1-15 aprel kunlari 7 ming 500 tonna un sotilgani haqida ma'lumot oldik. Demak, un zavodlari 15 kun davomida sotuvga haqiqatan ham 50 kiloli undan 150 ming qop chiqargani aniq bo‘ldi.

Tumanlardagi un savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning aytishicha, un birja orqali sotuvga qo‘yilganida turli muammoli holatlar kelib chiqqan.

«Chekka mahallalardagi ma'lum bir do‘konlarga uch-to‘rt marta qayta-qayta un berilib, ma'lum bir do‘konlar unsiz qolib ketayotgan edi. Endi bir qishloqdagi uchta do‘konga bir oyda bir marta uch tonnadan sotuvga un kelsa ham to‘qqiz tonna mahsulot keladi.. Hokimlik tomonidan un sotuvchilar ro‘yxat orqali un zavodiga biriktirilgach, mazkur muammo barham topadi, degan umiddamiz», – deydi tadbirkorlardan biri.

Ma'lum bo‘lishicha, huquq-tartibot idoralari har bir un sotuvchi sub'yektni 50 kilolik qopdagi unni qat'iy 140 ming so‘mdan sotish haqida ogohlantirgan.

Hisoblab ko‘ramiz: tumanning chekka qishlog‘ida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkor un zavoddan 1 kg un mahsulotini 2500 so‘mdan, ya'ni bir qop un 125000 so‘mga sotib oldi. Har bir tadbirkorga belgilangan limit bo‘yicha 3 tonna, ya'ni 60 qop un olib kelish uchun o‘rtacha 5 ming so‘mdan yo‘l kira xarajatlari qiladi. Soliq xarajatlari oshig‘i bilan 5 ming so‘mni (aylanma mablag‘iga nisbatan 2%, 2500 so‘m va boshqa soliq xarajatlari) tashkil etsa, tovar ustiga foyda uchun 5 mingdan qo‘yib sotsa, 50 kiloli un narxi 140 ming so‘mni tashkil qilyapti.

Mahalliy un barchaga me'yorida taqsimlanishi uchun aholi ham vahima qilmay, do‘konga kelgan bug‘doy unini ikki-uch qoplab emas, ehtiyojiga yarasha olishi ham zarur.

Demak, buyog‘iga mahalliy un tanqisligi muammosining yechimi – shahar va tuman hokimliklari tomonidan hududdagi un sotuvchi tadbirkorlar dislokatsiyasini to‘g‘ri tashkil etib, un mahsulotini arzon narxda sotilishini nazorat qilishda qolmoqda.

Elmurod Ermatov
Sarvarbek Nazarov

Mavzuga oid