Jahon | 00:18 / 17.04.2020
3005
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya aprel oyi oxiridan boshlab karantin cheklovlarini yumshatadi

Shveytsariya hukumati 27 apreldan boshlab koronavirus pandemiyasi tufayli joriy qilingan karantin cheklovlarini yengillashtirishni boshlaydi.

Foto: EPA/UPG

Xususan, birinchi bosqichda sartaroshxonalar, xususiy klinikalar, go‘zallik va massaj salonlari, xo‘jalik mollari, ko‘chatlar va gullar bilan savdo qiluvchi do‘konlar mijozlar va xodimlarning xavfsizligini ta'minlash sharti bilan ochiladi. Shifoxonalarda jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishga ruxsat beriladi, deyiladi hukumat qarorida.

Agar epidemiologik vaziyat yaxshilansa, ikkinchi bosqichda 11 may kunidan boshlab barcha do‘konlar va o‘rta maktablar ochiladi. 

Uchinchi bosqichda, 8 iyundan boshlab kasb-hunar dargohlari va oliy o‘quv yurtlarida ta'lim jarayoni davom ettiriladi. Shuningdek, muzeylar, kutubxonalar, hayvonot bog‘lari ochiladi.

Shveytsariyada koronavirus bilan xastalangan birinchi bemor 25 fevral kuni aniqlangan edi. 28 fevral kuni karantin choralari e'lon qilindi. Keyinchalik ular kuchaytirildi. Hozirgi vaqtda 5 kishidan ortiq guruhlarga to‘planish taqiqlangan. Shuningdek, jamoat joylarida ijtimoiy masofa kamida 2 metr bo‘lishi talab qilingan. Oziq-ovqat do‘konlaridan boshqa barcha savdo shoxobchalari yopilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma'lumotiga ko‘ra, 16 aprel holatiga Shveytsariyada koronavirus yuqtirib olganlar soni 26732tani, vafot etganlar soni 1017tani tashkil qiladi. Bu esa o‘rtacha hisobda Yevropadagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Biroq, so‘nggi hafta davomida Shveytsariyada kasallanish va o‘lim holatlari miqdori pasaymoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid