Jamiyat | 21:39 / 17.04.2020
12873
2 daqiqa o‘qiladi

Soxta «xususiy OTM»larga aldanib qolmaslik uchun nimalarga ahamiyat berish kerak?

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Feruza Madrahimova xususiy xorijiy OTMlarga onlayn hujjat topshirishni xohlaganlar nimalarga e'tibor qaratishi lozimligi haqida ma'lumot berdi.

Foto: Shutterstock

«Xorijiy oliy ta'lim muassasasi uchun hujjat topshirishni xohlagan talabgor o‘qishga qabulni taklif etayotgan xorijiy ta'lim tashkilotining o‘z davlatida ta'lim faoliyati litsenziyalangan va vakolatli organ tomonidan akkreditatsiyalangan ekanini tekshirish zarur», dedi Madrahimova 17 aprel kuni AOKAda o‘tgan brifingda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ham oliy ta'limni taklif qilayotgan nodavlat ta'lim muassasasi litsenziyaga ega bo‘lishi kerak.

«Tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan yoki belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tmagan OTMlar tomonidan berilgan diplomlar nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa davlatlarda ham tan olinmaydi.

Shuningdek, xususiy OTMlarni reklama qilmoqchi bo‘lgan OAV va blogerlar ham e'tiborli bo‘lishi zarur. Oliy ta'lim har bir davlatda nazorat qilinadigan soha va davriy tarzda akkreditatsiyadan o‘tishi qat'iy belgilangan. Akkreditatsiya ma'lumotlari, odatda, ochiq ma'lumotlar bazalariga joylashtiriladi.

Agar reklama berishni xohlagan OTM ushbu hujjatlarni taqdim eta olmasa yoki taqdim etgan bo‘lsa ham, haqqoniyligini tekshirish uchun ochiq ma'lumotlar bazasi haqida ma'lumot bermasa, demak, ularning faoliyati noqonuniy», – deya Feruza Madrahimovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid