O‘zbekiston | 07:17 / 20.04.2020
20282
4 daqiqa o‘qiladi

OTM bitiruvchilariga beriladigan diplomlarga QR-kod qo‘yish tizimi joriy etiladi

Oliy ma'lumot to‘g‘risida diplomlarning to‘liq bazasini shakllantirish, oliy ta'lim muassasalari tomonidan berilgan diplomlar bazasini yaratish, oliy ma'lumot to‘g‘risida diplom egalari shaxsiy ma'lumotlarini himoya qilish va yagona axborot tizimini yaratish, oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilariga davlat ta'lim standartlari asosida beriladigan davlat namunasidagi bakalavr va magistr diplomlariga individual QR-kod qo‘yish tizimini joriy etish hamda mazkur diplomlarning ko‘rinishini takomillashtirish nazarda tutilgan

Vazirlar Mahkamasining “Oliy ma'lumot to‘g‘risidagi bakalavr va magistr diplomlarining davlat namunalarini tasdiqlash to‘g‘risida qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Belgilanishicha, oliy ma'lumot to‘g‘risidagi bakalavr va magistr diplomlari va ilovalarining davlat namunalari 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalarini tamomlagan barcha bitiruvchilarga joriy etiladi.

Oliy ma'lumot to‘g‘risidagi bakalavr va magistr diplomlari hamda ilovalarining davlat namunalari harbiy va ixtisoslashtirilgan oliy ta'lim muassasalarining bitiruvchilariga bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Bakalavr diplomi muqovasi ichki qismi qalin, tomonlari 145x200 mm o‘lchamda suv belgili qog‘ozda ofset bosma usulida besh xil: matn qismi uchun qora va to‘q havorang, tasviriy elementlar uchun esa havorang va och havorangda bosiladi.

Sahifa markazining oq qismiga tomonlari 80x82 mm o‘lchovda bo‘lgan o‘ziga xos ko‘rinishdagi havorang bo‘yoqda tushirilgan Davlat gerbi joylashtiriladi. Uning atrofi naqshli rastrdan tashkil topgan och havorangdagi mayda milliy naqshlik fondan iborat. Sahifaning yuqori qismida fon ustidan 20 mm enlikda havorang hoshiya tushirilgan hamda hoshiya ustidan diplomning ikkala sahifasiga “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BAKALAVR DIPLOMI” hamda “REPUBLIS OF UZBEKISTAN BACNELOR'S DIPLOMA” so‘zlari bosiladi.

Diplomning ikkala sahifalari hoshiyasi tagidan V lotin harfi va sakkiz xonalik sondan iborat bo‘lgan raqam to‘q havorangda bosiladi.

Har bir sahifaning ikki tomonidan sakkiz qirrali yulduz oltin rangdagi tasviri joylashtiriladi. Sakkiz qirrali yulduzlar tomonlari 15x15 mm.dan iborat bo‘lgan kvadratlar tushirilishi orqali tashkil etilgan.

Diplom blankasining o‘ng tomoni quyi qismida fonsiz 35x35 mm o‘lchamda QR-kod tizimi joylashtiriladi.

Magistr diplomida esa, diplom muqovasining ichki qismi qalin, tomonlari 145x200 mm o‘lchamda suv belgili qog‘ozda ofset bosma usulida besh xil: matn qismi uchun qora va to‘q qizil rang, tasviriy elementlar uchun esa qaymoqrang va och qaymoqrangda bosiladi.

Sahifa markazining oq qismiga tomonlari 80x82 mm o‘lchovda bo‘lgan o‘ziga xos ko‘rinishdagi qaymoqrang bo‘yoqda tushirilgan Davlat gerbi joylashtiriladi. Uning atrofi naqshli rastrdan tashkil topgan och qaymoqrangdagi mayda milliy naqshlik fondan iborat. Sahifaning yuqori qismida fon ustidan 20 mm enlikda qaymoq rangdagi hoshiya tushirilgan hamda hoshiya ustidan diplomning ikkala sahifasiga “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MAGISTR DIPLOMI” hamda “REPUBLIS OF UZBEKISTAN MASTER'S DIPLOMA” so‘zlari bosiladi.

Diplomning ikkala sahifalari hoshiyasi tagidan M lotin harfi va sakkiz xonalik sondan iborat bo‘lgan raqam to‘q qizil rangda bosiladi.

Har bir sahifaning ikki tomonidan sakkiz qirrali yulduz oltin rangdagi tasviri joylashtiriladi. Sakkiz qirrali yulduzlar tomonlari 15x15 mm.dan iborat bo‘lgan kvadratlar tushirilishi orqali tashkil etilgan.

Diplom blankasining o‘ng tomoni quyi qismida fonsiz 35x35 mm o‘lchamda QR-kod tizimi joylashtiriladi.

Akademik ma'lumotnoma suv belgili qog‘ozda ofset bosma usulida, matn qismi uchun qora rangda va fon uchun och havorangda bosiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid