Ta’lim | 14:24
919
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston universitetlari diplomlari xalqaro miqyosda tan olinishiga yo‘l ochildi

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi oliy ta’limda sifatni ta’minlash bo‘yicha dunyoning eng yirik xalqaro tarmoqlaridan biri - INQAAHEʼga to‘liq a’zo bo‘ldi. Bu esa mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan universitetlar diplomlarining xalqaro miqyosda tan olinishi imkoniyatlarini kengaytiradi.

Ayni kunlarda London shahrida bo‘lib o‘tayotgan Education World Forum 2026 doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro ta’lim, akkreditatsiya va ta’lim sifati sohasidagi qator nufuzli tashkilotlar bilan strategik uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Uchrashuvlar chog‘ida Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligining INQAAHE (International Network for Quality Assurance Agencies in Higher Education) tashkilotiga to‘liq a’zoligi rasman tasdiqlandi.

Mazkur xalqaro tarmoq 300 dan ortiq akkreditatsiya tashkilotlari, sifat agentliklari va ekspertlarni birlashtiradi. A’zolik O‘zbekiston milliy akkreditatsiya tizimining xalqaro standartlarga muvofiqligini anglatadi.

Bu esa mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun xorijda ta’lim olish va mehnat faoliyatini davom ettirish imkoniyatlarini kengaytiradi. Shuningdek, universitetlarning xalqaro reytinglar va grant dasturlarida ishtirok etishi, ikki diplomli hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini faollashtirish uchun muhim asos yaratadi.

Bundan tashqari, INQAAHE tarmog‘i orqali akkreditatsiya jarayonlariga yuqori malakali xalqaro ekspertlarni jalb qilish imkoniyati ham yaratiladi. Bu esa davlat akkreditatsiyasi jarayonlari sifati va shaffofligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Mutaxassislar fikricha, mazkur a’zolik O‘zbekiston ta’lim tizimining xalqaro integratsiyasi va raqobatbardoshligini yangi bosqichga olib chiqishda muhim strategik ahamiyat kasb etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid